20:16 / 26.09.2022
1 772

Superliga jamoalari sonining oshirilishi nima beradi?

Superliga jamoalari sonining oshirilishi nima beradi?
Bir necha kundan beri Superliga jamoalari sonining oshirilishi borasida bahs munozalar ko‘paydi. Albatta, bu PFLdagi majlisda ko‘tarildi va hozirgacha muhokama qilinmoqda.

“Har bahor, shu bo‘lar takror” deganlaridek, chempionat yakunlanishiga yaqin yoki boshlanish arafasida jamoalar sonini oshirish tarafdorlari ko‘payadi. Bu asosan ligani tark etgan jamoalar tomonidan ilgari suriladi.

O‘zbekiston chempionatida yaqin yillar ichida bunday intrigaga boy kurash kechmagandi. Ligani tark etadiganlar, chempionlik va sovrindorlar qatoriga kirishda kurash avjida. Turnir jadvali yuqorisida doimiy tarzda jamoalar almashib turdi. Bu raqobat kuchayganidan dalolat. Qolarvesa, Superligada bemaqsad jamoalar ko‘rinmayapti. Avvallari ayrim klublar birinchi davrada ochkolarni yig‘in olib, ikkinchi davrada shunchaki ishtirok etganini ko‘p bor guvohi bo‘lganmiz. Bu gal esa…

Joriy mavsum intriga paydo bo‘lgani bor gap. Bu nafaqat “Paxtakor”ning kuchsizlangani, shu bilan birga viloyat jamoalarining tempni oshirgani bilan bog‘liq.

Ana endi bir o‘ylab ko‘ring: agar Superligada jamoalar soni oshirilsa, bu raqobat yo‘qolib, yana maqsadsiz jamoalar oshib ketmaydimi? Yoki 14 jamoani 16 ta qilib, Pro ligadagi keskinlikni buzib qo‘ymaymizmi? Muxlislar endi o‘zbek futboliga raqobat qaytgani haqida gapira boshlaganda, bir mavsumdayoq ularni yana yo‘qotib qo‘ymaymizmi?

Ayrim mutaxassislar chempionat ishtirokchilari oshirilishi terma jamoaga foydaligini aytib, futbolchilar ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini vaj qilib ko‘rsatmoqda. Biroq bu bizning terma jamoamizga hech qachon naf keltirmagan. 16, 18, 20 ta bo‘lganda ham O‘zbekiston na Osiyo chempioni bo‘lgan, na jahon chempionatiga chiqqan. Shuning uchun jamoalar sonini oshirilishi yechim emas. Ishtirokchilar sonining ko‘paytirilishi ortida boshqa jihatlar borligi hammaga ayon. Qancha o‘yin ko‘p bo‘lsa, mukofot pullari shuncha ko‘p bo‘ladi.

Chindan chindan ham terma jamoani o‘ylab o‘yinlar soni oshirilishi uchun klublar qo‘shilishi shart emas. Buning uchun formatda o‘zgarishlar qilish kifoya. Shunda sifat ham, son ham bo‘ladi. Ya’ni 4 davrali o‘yinlar formati maqbul yechimdek. Bunda 14 jamoa bo‘lsa ham. Ikki davradan so‘ng turnir jadvali o‘rtasidan jamoalar yuqori va pastgi yettilikka ajraladi. Shunda kuchlilar o‘rtasidagi bellashuvlar yanada ko‘payadi. Quyidagi klublar ham o‘z saviyasidagi raqiblar bilan o‘yinlar o‘tkazadi.

Ushbu format 12 jamoa bo‘lsa yanada yaxshi. Bu orqali nafaqat intriga ortadi, balki Pro liga hozirgidan yana o‘sadi. Faqat Pro ligadagi jamoalar soni 10 taligicha qoladi. Bu orqali yarim mavsumda ligani moliyaviy qiyinchilik sabab tark etadigan jamoalar bo‘lmasligi ta’minlanadi.

To‘g‘ri, ayrim insonlar turnir jadvalida kuchlilar va kuchsizlarga ajralganda ayrim hududlardagi muxlislar yetakchi jamoalarni o‘z stadionlarida ko‘rishga haqli ekanligi haqida fikr bildirishlari mumkin. Shunday bo‘ladi, faqat birinchi yoki ikkinchi davrada. Aslida muxlislar ikki davrali formatda ham faqat bir marta barcha jamoani o‘z uyida qabul qiladi. Bu orqali ligadagi klublarni kuchlilar qatoriga kirishga harakat qiladi.

Bekzod ISAYEV

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga jamoalari sonining oshirilishi nima beradi?