15:13 / 11.03.2023
387

Raqib o‘yini tahlili: Avstraliya O‘zbekiston uchun qay darajada xavfli?

Raqib o‘yini tahlili: Avstraliya O‘zbekiston uchun qay darajada xavfli?

11 mart sanasida Ravshan Haydarov boshqaruvidagi O‘zbekiston U20 terma jamoasini chinakam sinov kutib turibdi. O‘rtaga Jahon chempionati yo‘llanmasi tikilgan, raqib - Avstraliya. Xo‘sh, “kengurular” qay darajada kuchli? Raqibning ojiz nuqtalari nimada?

O‘yin uslubi

“Kengurular” o‘yin stilistikasi va futbolchilar joylashuvi borasida jamoamizga juda o‘xshash. Biz singari 4-2-3-1 sxemasidan foydalanadi, ammo ko‘proq qarshi hujumga tayangan futbol namoyish etadi. Avstraliya to‘p nazoratidan ko‘ra tezkorlikni xush ko‘radi. Aynan shu faktor sababli jamoa katta kuch bilan oldinga o‘tish va darrov ortga qaytishga qodir. Butun bahs davomida pressingda ishlaydi. Qanotlardan ko‘ra, maydon markazidagi ustunlikka ko‘proq intiladi. Bu ularga raqibni ertaroq kutib olish va imkon bo‘lishi bilan tezkor hujum boshlashi uchun zamin yaratib berishi mumkin. Avstraliya to‘p bilan harakat qilgan paytiga qaraganda to‘psiz xavfliroq jamoa. Maydon markazi va himoya chizig‘i o‘rtasidagi bog‘lamlar a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois, 3-4 soniya ichida tezkor qarshi hujum yaratishi mumkin. Yarim himoyachi obrazida maydonga tushgan qanotdagi yigitlar esa, vaziyat taqozo etganida bemalol markaziy hujumchi bilan bir chiziqqacha borib, oldinda 3 hujumchi bo‘lib o‘ynashi ko‘p bor kuzatildi.

Ayniqsa, Eron bilan guruhdagi o‘yin so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Uslub borasida “kengurular” biz uchun biroz noqulayliklar tug‘dirishi mumkin. Ikkinchi qavatdagi kurashlar, markazdagi kuchli pressing va to‘psiz yaxshi himoyalanish orqali raqib “oq bo‘rilar”ning ko‘plab "fishka"larini ishdan chiqarishi xavfi bor. Ravshan Haydarov jamoasi Indoneziya bilan uchrashuvda raqibning tartibli himoyasini yorib o‘tishga qay darajada qiynalganini barchamiz ko‘rdik. To‘g‘ri, Avstraliya u qadar chuqur himoyalanmasligi aniq, deb o‘ylashingiz mumkin, ammo aynan shunday himoya blogini “kengurular” katta ehtimol bilan maydon markaziga joylashtiradi. Ya’ni, raqib o‘z jarima maydonchasida emas, markazda bizni katta kuch bilan kutib olishga urinadi. Bizdan farqli o‘laroq, Avstraliya to‘psiz ham maydonda o‘zini yaxshi his etishi, qanotdagi tezkor vingerlari sodir etadigan qarshi hujumlarga tayanishi mumkin. Raqib ikkinchi raqamda keskin hujum uyushtirishga odatlatgan.

Asosiy figuralari kimlar?

Tarkibda ijrochilar borasida ham “katta” nomlar bor, biroq ularning hech biri jamoaviy o‘yindan bir bosh baland emas. Barchasi yaxlit mexanizmda vint vazifasini bajaruvchilar maqomida. Shunga qaramay, alohida e’tirof etishga loyiq ijrochilari bor. Masalan, 2-raqamdagi markaziy himoyachi Joshua Ravilins Avstraliyaning barcha hujumlarini boshlab beradi. U nafaqat jismonan baquvvat, balki standart vaziyatlarda ham juda xavfli. Jamoa sardori kerakli pallada to‘pni o‘zida saqlagancha, pressingning birinchi blogini yorib o‘tishi ham mumkin. Aslida, Trevor Morgan hech qaysi bir futbolchi jamoaviy o‘yindan baland bo‘lmasligini, barcha birdek mehnat qilishini shogirdlaridan talab qiladi. Shunga qaramay, 9-raqamdagi Gabriyel Papovich bizning jarima maydonchamiz ichida yaxshigina muammolar sodir etishi mumkin.

O‘zbekiston qanday "otvet" qiladi?

Kun tartibidagi asosiy masala bizning qanday o‘yin sxemasidan foydalanishimiz. Ravshan Haydarov 3 yoki 4 himoyachiga mo‘ljallangan strategiyadan birini tanlashi kerak bo‘ladi. Xo‘sh, biz uchun qay biri qulayroq? Agar orqa chiziqda 4 futbolchi bilan harakatlansak, mudofaadagilarga biroz ko‘proq yuklama tushadi, ammo hujumda kattaroq kuchni ushlab turishimiz mumkin. Ya’ni, ochiq futbol namoyish etamiz.

Agar 3 ta sof "sentrdef" bilan harakatlansak, katta og‘irlik oldindagi hujum uchligiga tushadi, biroq markaz va ortgi zonalarda biznikilar son jihatidan ko‘proq harakatlanishi mumkin. Murabbiy mana shu ikki o‘yin rejasidan qaysini tanlashi o‘yinning borishini belgilab beradi.

Maydondagi resurslar borasida so‘z borar ekan, bu bahsda g‘olib chiqish uchun ikki hissa kuch bilan harakat qilishga to‘g‘ri keladi. Avstraliya tezkor, himoyada tartibli. Boz ustiga, bizning asosiy kuchimiz yig‘ilgan markazda zich o‘ynab, bor kuchini har bir nuqtani berkitishga tashlaydi. Demak, yetakchilarimiz o‘yin taqdirini o‘z qo‘liga olishi shart. Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Abbosbek Fayzullayev va Umarali Rahmonaliyev bugun bir emas, ikki kishi uchun maydonda to‘p surishi shart. Yetakchilar haqida so‘z borar ekan, bizning liderlar raqibnikidan kuchliroq ekanligini ta’kidlash lozim. Aynan ular bu bellashuvning hal qiluvchi epizodlarida yengib chiqishi lozim. Shuningdek, bugun stadionni to‘ldirishi kutilayotgan ishqibozlar ham qo‘shimcha resurs bo‘lib xizmat qilishi tayin. "Bunyodkor" arenasidagi atmosfera yigitlarimiz foydasiga ish berishiga umid qilamiz.Sizningcha, bu uchrashuvda qanday natija qayd etiladi?

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

Manba: Sports.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Raqib o‘yini tahlili: Avstraliya O‘zbekiston uchun qay darajada xavfli?