Kecha Janubiy Koreya bilan yarim final o‘yini oldidan va undan keyin ikki xil taassurot uyg‘ondi. Avvaliga, JCH yo‘llanmasidan so‘ng jamoa deyarli bosimsiz o‘ynashi haqida o‘ylagan bo‘lsam, o‘yindan keyin fikrim o‘zgardi. Ravshan Haydarov jamoasi bu musobaqada JCH yo‘llanmasi uchun emas, chempionlik uchun kurash olib borayotgan ekan. Buni yigitlarning shashtidan ham sezish mumkin edi.
Bahsning burilish nuqtasi 70-daqiqaga to‘g‘ri keladi. Unga qadar raqib bizga bosim o‘tkazgan bo‘lsa, keyin yigitlar ustunlikni qo‘lga olishni boshladi. Ham ruhan, ham jismonan biz maydonda yaxshiroq ko‘rinishni boshladik. Yakkama-yakka vaziyatlarda yigitlar o‘yinni o‘ziga olishga qo‘rqqani yo‘q. Maydonda keng joylashgan holda raqibni 4 himoyachidan 6 himoyachiga o‘tishga, ya’ni o‘yin sxemasini almashtirishga majbur qildik. Biz emas, ular bizga moslashishga majbur qilindi. 80-daqiqadan boshlab, endi biz g‘alaba uchun o‘ynashni boshladik.
To‘g‘risi, aynan mana shu omil ko‘pincha katta o‘yinlarda bizga pand bergan. Ya’ni, kuchli raqib bilan bahslarning so‘nggi daqiqalaridagi ortiqcha ehtiyotkorlik, qo‘rquv va natija uchun o‘ynash doim jazolangan. Bu safar unday bo‘lgani yo‘q. Aksincha, g‘oliblik uchun asosiy da’vogar sanalgan Janubiy Koreya o‘sha xatoni qildi. Ya’ni, o‘yin sxemasini himoyaviyga o‘zgartirdi. Bu ular bizdan qo‘rqqanini, natijaga o‘ynamoqchi bo‘lganini anglatadi.
Aslida, mana shu sababning o‘zi bizni jamoa ruhan o‘sha kuni qit’aning FIFA reytingidagi (shu yoshdagilar orasida) yaqqol peshqadamini yengganimizni anglatgan edi. So‘nggi daqiqalarda hatto gol ham kiritishimiz mumkin edi, ammo ish qo‘shimcha bo‘limlarga ko‘chdi. Bilasizmi, ba’zan Ravshan Haydarovning o‘yin strategiyasi ko‘plab mutaxassislarda e’tiroz uyg‘otdi, ammo u bir omilga borini tikkan edi: kuchli hamjihatlikka!
Qisqa fursatda o‘tadigan turnirlarda zamonaviy o‘yin uslublari va trendga aylangan fishkalardan ko‘ra, yaxlit mexanizmga aylangan kuchli ruhiyat katta sahnaga chiqishi ko‘p bor isbotini topdi. So‘nggi mundialda ilk turda Saudiyadan yengilgan Argentina yakunda nima evaziga chempionlikni qo‘lga kiritganini bir yodga oling! Ha, birgina Messi atrofida jamlangan o‘rtamiyona (superyulduz emas), ammo ruhan “jang”ga tayyor yigitlar yakunda Mundial oltin medallarini uyga olib ketishgan edi.
Bugungi O‘zbekiston U-20 termasida ham aynan o‘sha jamoaning ayrim xislatlari ko‘zga tashlanmoqda. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, deyarli barcha o‘yinda xarakter ko‘rsatishga to‘g‘ri kelyapti. Mahorat evaziga hali g‘alaba qozonganimiz yo‘q. Avvaliga Suriya bilan 50/50 bahs. Keyin Iroqqa qarshi bir kishi kam bo‘lib ko‘rsatilgan xarakter. Indoneziya bilan 90 daqiqa omadsiz hujumga o‘tish, Avstraliya bilan o‘yin so‘nggida gol urib kurashga qaytganimiz, birinchi bo‘limdayoq maydonni tark etgan Po‘latxo‘jasiz Janubiy Koreya bilan 120 daqiqalik asabiylik…
E’tibor qiling, biz biror bir o‘yinda mahorat yoki taktika evaziga g‘alaba qozonganimiz yo‘q. Aksincha, bizdan taktik kuchli bo‘lgan Janubiy Koreyani, bosimsiz o‘ynaydigan Avstraliyani, janjalkash Iroqni "Iroqchasiga" yengdik. Darhaqiqat, bu boshqacha jamoa. Uni kuchi maydondagi bizni ko‘zimizga har safar ham tashlanmaydigan kichik detallarda. Yarim final bahsi avvalida shu o‘yin eng muhimi, deb o‘ylagan edim. Keyin qanday natija ko‘rsatishi 3-darajali masala, deb hisoblaganim rost, biroq “oq bo‘richalar”ni shashtini ko‘rib, ular hali ovni yakunlamaganini his qildim.
Aslida, bo‘rilarning tabiatdagi eng kuchli quroli ham to‘da bo‘lib hayot kechirishi. Ular to‘da bo‘lib ov qiladi, to‘da bo‘lib jang qiladi va to‘da bo‘lib harakatlanadi. Futbol ham jamoaviy o‘yin. Unda kim yaxshiroq sheriklari bilan birikib ketsa, yakunda g‘olib chiqadi. Aynan shu ahillikni Haydarov jamoasida ko‘ryapman. Demak, chempionlikdan kamiga ular rozi bo‘lmaydi. Iroq, tayyor tur! “Oq bo‘rilar” sizlarni o‘rab olish maqsadida jang maydoniga dadil qadamlar bilan yaqinlashmoqda.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring