Yozda Qozog‘iston futbol federatsiyasi prezidenti Marat Omarov ikki qo‘shni mamlakat — Qozog‘iston va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik bahsi bo‘lib o‘tishini ommaviy ravishda e’lon qilgandi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, vaziyat boshqacha tus oldi: endi aniq bo‘ldiki, kutilgan to‘qnashuv amalga oshmaydi.
Manbalarning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomoni uchrashuvdan voz kechishga qaror qilgan. Sabab sifatida esa Omarovning muzokaralar jarayonida rasmiy kelishuvga hali imzo qo‘yilmagan paytdayoq omma oldida bayonot bergani ko‘rsatilmoqda. O‘zbekistonda bu harakat hurmatsizlik sifatida qabul qilingan va shu bois rejalashtirilgan o‘rtoqlik bahsi bekor qilindi.
Qozog‘iston futbol federatsiyasi esa endi noyabr oyi uchun yangidan raqib izlashga kirishdi. Chunki bu Belgiyaga qarshi 15-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati–2026 saralash bosqichining hal qiluvchi uchrashuvi oldidan nazorat bahsi tashkil etish uchun so‘nggi imkoniyat hisoblanadi.
Hozircha qaysi jamoa bilan uchrashuv tashkil etilishi noma’lum. Ammo mutaxassislar fikricha, Qozog‘iston termasiga kuchli raqib bilan kuch sinashish muhim, chunki Belgiyaga qarshi bahs ularning mundialga yo‘llanmasi taqdirini hal qilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!