22:02 / 21.03.2023
637

Samvel Babayan: "Menga Eldor Shomurodov yetishmadi" (Intervyu)

Samvel Babayan: "Menga Eldor Shomurodov yetishmadi" (Intervyu)
Xabaringiz bor, "Dangal" loyihasining so‘nggi sonida "Navbahor" jamoasi ustozi - Samvel Babayan mehmon bo‘ldi va ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Qiziqarli o‘tgan suhbat davomida o‘zbek futbolining bugungi va yaqin o‘tmishi borasida ko‘plab yangilklar oshkor bo‘ldi. Suhbatni tomosha qilmagan muxlislar uchun uning matn ko‘rinishida ilindik.
 
Nega intervyulardan qochishi haqida
 
Ochig‘ini aytganda, bu mening katta kamchiligim bo‘la qolsin, men intervyu berishni yoqtirmayman. Hamma narsa me’yorida bo‘lishi kerak va ma’lum bir muvozanat zarur. Chunki agar siz axborot makonida tez-tez ko‘zga tashlansangiz, bu odamlarning g‘ashiga tegadi. Shuning uchun men intervyu berishni yoqtirmayman. Bu - a).
 
b) Nega men aynan sizga intervyu berishga rozi bo‘ldim? - Men ham axborot makonini kuzatib boraman. Men futbol haqida yozadigan nashrlar, veb-saytlarga juda qiziqaman. Mening nazarimda, bugungi kunda sizning veb-saytingiz zamonaviy va obyektiv. Boz ustiga, siz doim intervyu jarayoniga, muloqot jarayoniga, taktikani o‘rganish va futbol haqidagi ma’lumotlarga nou-xaularni jalb qilishga intilasiz. Shu boisdan men sizga intervyu berishga rozi bo‘ldim.
 
Terma jamoada ishlagan davrlari haqida
 
Men aytmoqchi bo‘lgan birinchi narsa – hamma narsa taqqoslaganda yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Albatta, o‘sha davrda jamoa maqsadga juda yaqin kelgan va muxlislarimizda ulkan umidlar uyg‘otgani uchun ranjish ham beqiyos bo‘lgan. Shuning uchun hamma juda katta tanqidga uchradi.
 
Ammo agar siz buni obyektiv qabul qilsangiz, darhaqiqat, menga futbolchilarimizning juda ajoyib avlodi bilan ishlash nasib qildi, O‘sha paytda aytganim va hozir ham takrorlay oladiganim, bu mamlakatimizning zamonaviy tarixidagi eng iqtidorli avlod.
 
Ha, bizga nimalardir yetishmadi. Nima yetishmadi? – Qayerdadir – omad, qayerdadir ayrim taktik qarorlar pand berdi. Men umuman futbolni shunchaki tashqaridan kuzatishdan boshqa narsalarniyam, o‘sha paytdagi jarayonlarni, nimalar sodir bo‘lganini bilaman.
 
Shubhasiz, menga Shomurodov yetishmadi. O‘shandagi va hozirgi Eldor tamomila boshqa-boshqa futbolchi. Bugungi Shomurodov – ekstra-klass hujumchi. Shuningdek, Server Jeperovning yoshi o‘tib qolganini taassuf bilan eslayman. Ammo har qanday holatda ham u jamoaga katta foyda keltirdi.
 
Tabiiyki, tarkibimiz salohiyati yetarli emas edi. Ha, bizda asosiy tarkib bor edi, lekin uning ortida-chi? Men, albatta, keskin raqobatni, barcha pozitsiyalarda yaxshiroq o‘yinchilar bo‘lishini xohlardim. Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, terma jamoada bo‘lgan barcha yigitlar, aslida, milliy futbolimizning zamonaviy tarixidagi eng yaxshi avlod.
 
Agar o‘shandagi tarkibni hozirgisi bilan solishtiradigan bo‘lsak, bugun ham birinchi skripkani men bilan yigirma yoshida o‘sha terma jamoa tarkibida debyut qilgan, katta futbolda dastlabki qadamlarini tashlayotgan yigitlar – Shukurov, Shomurodov, Masharipov ijro etishini ko‘rish mumkin. O‘sha paytda men bu yigitlarning istiqboli va iste’dodini aniqlashda adashmaganim bilan faxrlanaman. Hatto yigirma yoshidayoq tarkibdan joy olishga loyiq aynan shu yigitlar bugungi kunda ham terma jamoaning timsoli va yetakchilari bo‘lib, ularning atrofida katta vazifalarni hal qilishga qodir jamoani shakllantirish mumkin. Afsuski, o‘zbek futboli tarixida yosh yigitlar yorqin porlagan, keyin esa qayergadir g‘oyib bo‘lgan hamda ular haqida hech kim hech narsa bilmagan misollar ko‘p.
 
Jahon chempionati saralashidagi omadsizlik haqida
 
Bilasizmi, futbolda omad degan narsa bor. Bizga aynan u yetishmagan. Uchta uchrashuvda biz 85-daqiqada va undan keyin to‘p o‘tkazib yubordik. Bu aynan omadsizlik omili. Konsentratsiyani yo‘qotish, charchoq kabi futbolga xos sabablarni olib tashlaylik. Ayrim holatlarda bor-yo‘g‘i omadsizlik bizga qarshilik qilgan. Aytaylik, Aziz Haydarov Shimoliy Koreya bilan eng muhim o‘yinda bergan zarbadan so‘ng to‘p to‘singa tegib qaytgan.
 
Meni eng ko‘p ranjitgan narsa rahbarimiz, federatsiya prezidenti Mirabror Zufarovich Usmonovning kasalligi edi. Bu umumiy vaziyatga ham ta’sir qildi, chunki tashkilot bilan bog‘liq ko‘plab masalalar rahbar orqali hal qilinardi. Ular terma jamoa haqida ayniqsa g‘amxo‘rlik qilardilar, ko‘p yordam berardilar va bizga ularning qo‘llab-quvvatlashlari yetishmadi. Afsuski, bu og‘ir dard edi. Davolanishlariga katta e’tibor berildi, keyin tiklanish jarayoni kechdi, bunday paytda odam futbol bilan shug‘ullana olmasdi.
 
Uchinchisi, shubhasiz, sikl boshida, men jamoani qabul qilib olganimda, bizda bo‘lgan ahillik yetishmadi. Yana takrorlayman…
 
Yana bir bor takrorlayman: axborot nashrlari, veb-saytlar, kanallarni boshqargan ko‘plab odamlar, negadir terma jamoani tanqid qilishga, milliy jamoani ma’naviy jihatdan yo‘q qilishga astoydil kirishdilar. Vaholanki bu jamoa, xolisona olganda, yaxshigina raqobatbardosh edi, chunki biz koreyslar bilan tengma-teng bahslashdik, eronliklar bilan kurashdik, deyarli bir yarim milliard aholisi bor Xitoy terma jamoasini ortda qoldirdik... Negadir o‘shanda tanqid qilish urfga aylangandi. Ommaviy axborot vositalarida ishlaydigan, munosib javob qaytara oladigan dovyurak yigitlar topilmagani juda yomon. Bu menga, qarorlarimga mutlaqo ta’sir qilmadi, lekin, afsuski, yigitlarga ruhiy zarba bo‘ldi. Shuning uchun men ahillik haqida gapiryapman.
 
Terma jamoada ish boshlagan kezlarim murabbiylar, muxlislar, ommaviy axborot vositalari vakillarini yig‘ib, shunday murojaat qilgandim:
 
"Keling, birga bo‘laylik, bu Babayanning g‘alabasi yoki muvaffaqiyati emas, bizning mamlakatimizning zafari bo‘ladi, biz bu muvaffaqiyat bilan faxrlanib yuraamiz".
 
Avvaliga hamma narsa yaxshi kechdi, lekin bitta mag‘lubiyat, bitta muvaffaqiyatsiz o‘yindan so‘ng qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ayrim saytlar ataylab yakson qilishga urindi. Keyin goh u-goh bu yerda mish-mishlar urchidi: go‘yo biz kimgadir yon bosarkanmiz, qandaydir munosabatlar yoki qaysidir klubga sodiqlik uchun tarkibga kiritarkanmiz. Yo‘q, hech qachon bunday narsa bo‘lmagan, chunki kasbga munosabat bor. Meni tanigan har bir kishi mening kasbimga, jonajon Vatanimga qanchalik sodiq ekanligimni juda yaxshi biladi.
 
Terma jamoaning murabbiyi bo‘la turib, kimnidir qandaydir xizmati uchun maydonga tushirish mantiqan vaziyatga zid. Bir eslab ko‘ring, menga yaqin odamlar tarkibdan joy ololmagan: masalan, Masharipov, Iskanderov – menga o‘zimning farzandlarimdek bo‘lib qolishgan, lekin ular o‘sha paytda o‘ynamagan. 35 yoshda bo‘lgan Jeperov, 20 yoshida terma jamoa safiga qo‘shilgan va futbolimiz osmonida yorqin porlagan Shomurodov o‘ynagan. Ha, ular professional fazilatlari tufayli o‘ynashdi. Yigitlarga ularning vaqti kelishini tushuntirdim va adashmadim. Biri (Iskanderov) bugungi kunda mamlakatning eng yaxshi futbolchisi, ikkinchisi (Masharipov) Osiyoda futbolimizning munosib vakili.
 
Bizga aynan ahillik yetishmaydi. Bunday paytda mamlakat jamoaga aylanishi, jamoa esa mamlakat bo‘lishi kerak. Bu muvaffaqiyat qozonishning yagona yo‘li, boshqa yo‘l yo‘q. Men o‘sha davrda shunday birlashtiruvchi omil va matbuot vakillarining qo‘llab-quvvatlashi bo‘lishini xohlardim.
 
Omadsizlikni qanday qabul qildi?
 
Birinchidan, takror aytaman, ehtimol oldin ham aytgandirman, o‘shanda biror narsa haqida gapirish uchun his-tuyg‘ular yo‘q edi, chunki orzu sarobga aylangandi, hayot ma’nosini tortib olishgandi, millionlab odamlarning orzusi... Yana nima haqida gapirish kerak? Taktika haqidami? Men o‘shanda chiqqanimdan so‘ng terma jamoa matbuot xizmati muxlislarga murojaatimni e’lon qildi. Men kechirim so‘radim, kelajakda muvaffaqiyat tiladim, lekin gapiradigan hech narsa yo‘q edi, o‘sha lahzada ichimga chiroq yoqsa yorishmasdi, kimnidir e’tiborsiz qoldirish niyatim bo‘lmagan... Men keldim, agar hurmat qilmaganimda, nazar-pisand qilmaganimda kelmasligim mumkin edi.
 
Bilasizmi, o‘sha matbuot anjumanida shunchaki qo‘poruvchilik niyatidagi odamlar bo‘lib, ularning maqsadi terma jamoa muvaffaqiyatli o‘ynamasligi edi. Shunday qilib, ular o‘sha matbuot anjumanida o‘zlarini ko‘rsatdilar, aqli raso odam meni tushunishi kerak.
 
Bundan tashqari, men barcha muxlislardan kechirim so‘raganimdan so‘ng, haqiqatni aytishdan qo‘rqmadim, kelajakda muvaffaqiyatlar tiladim. Nima uchun? Chunki har qanday holatda ham terma jamoa – bu mamlakat boyligi, tarixi, xalqning, xususan, eng yaxshilarga tenglashishni orzu qilgan yosh avlodning kayfiyati, ham terma jamoa, ham umuman futbol – bu o‘ta jiddiy ijtimoiy hodisa, boz ustiga xalq nazdida aynan terma jamoa futbolning timsolidir. Shuning uchun men futbol bilan yashayotganimiz bois hamma fikr-mulohazalarimni izhor qildim, faqat o‘yindan keyin matbuot kotibimiz orqali.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan: "Menga Eldor Shomurodov yetishmadi" (Intervyu)