00:17 / 12.11.2023
418

Hakam prokuror bo‘lishi mumkin, lekin jallod emas

Hakam prokuror bo‘lishi mumkin, lekin jallod emas

Hakam deganda, nafaqat sport, balki hayotda, sud jarayonida ham adolat qaror topishida yo‘lida xizmat qiladigan shaxsni tushunamiz.

So‘nggi vaqtlarda o‘zbek futbolida och yashil rangdagi libosda maydonda ko‘rinish beradigan rasmiylar ko‘pchilikning diqqat markazida turibdi. Ularning nufuzi shu qadarki, hatto muxlislar tomonidan ularga bag‘ishlangan qo‘shiq deyarli har uchrashuvda jo‘r ovozda kuylanadi.

Birgina signali bilan butun stadionni o‘ziga qarata oladigan soha vakillariga ham oson emasligini yaxshi bilamiz. Ulardan har bir o‘yinda mas’uliyat talab etiladi. Ba’zan kichik xatolari ham katta oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Kuni kecha "Buxoro" — "Olimpik" uchrashuvi bosh hakami Komiljon Rasulov mezbonlarga Superliga bilan ertaroq xayrlashishiga zamin yaratadigan qaror qabul qildi. Bunday hodisa vohaliklar bilan "Paxtakor"ga qarshi bahsda ham sodir bo‘lgandi. O‘sha kecha hakamlarning quloqlari dazmol bosilgan holatga kelganiga shubha yo‘q. Yakunda qoidabuzarlik uchun futbolchilarni jazolaydigan hakamning o‘zi futbol qoidalariga nomutanosib qaror chiqargani uchun munosib jazoga loyiq ko‘rildi.

Biroq "Buxoro"ning Pro ligaga ravona bo‘lishiga faqatgina hakamlar sabab bo‘ldi, degan fikrdan yiroqman. Keling, buni tushuntirishga harakat qilib ko‘raman. Voha jamoasini hurmat qilgan holda shuni aytishim mumkinki, Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari shov-shuvlarga boy bo‘lgan ikki o‘yinida g‘alabaga loyiq o‘yin namoyish etgani yo‘q. Shunday ekan, o‘sha ikki bahsda ikki ochko qo‘lga kiritilganda ham, nari borsa, "Turon" ortda qoldirilardi. Oxirgi ikki turda esa ularni nisbatan yuqoriroqda turgan "Andijon" va OKMK kutib turibdi.

Naq 6 uchrashuvdan beri raqib darvozasiga yo‘l topa olmayotgan klubdan oldindagi ikki raqibni yanchib tashlashini kutish amri mahol. Ya’ni "Buxoro"ning o‘tkazgan 24 uchrashuvida ham hakamlar raqib foydasiga olib bergani yo‘q. O‘rtacha har ikki o‘yinda amal-taqal bitta gol urayotgan, kezi kelganda bo‘sh darvozani ishg‘ol qila olmayotgan jamoaning Superliga bilan xayrlashishiga, ilk navbatda, o‘zi sababchi. Agarda klub kerakli o‘yinlarda kerakli ochkolarni qo‘lga kirita olganda, bugun qo‘liga dastro‘mol ushlab o‘tirmagan bo‘lardi.

Ha, "Buxoro" mavsum davomida havas qilgulik o‘yin namoyish etmadi, natijaga murabbiy ham javobagar bo‘lishi kerak. Shuningdek, muvaffaqiyatsizlik sabablaridan birini yuzlab odamlar to‘rt oydan beri maoshsiz ishlashayotganini aytgan futbolchining gaplaridan ham anglab olish mumkin. Qolaversa, navqiron shahar jamoasi yana o‘z stadionidan ayrilishi mumkinligi to‘g‘risida gap-so‘zlar uchramoqda...

"Turon"da ham shunday. Yosh o‘yinchilar arzimas haq evaziga maydonda ter to‘kishmoqda va shunga yarasha natija qayd etmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, hakamlik muammosi 10 yildan keyin ham barham topmaydi, baribir, shu mavzuga duchor bo‘laveramiz. Hatto dunyoda yetakchi liga hisoblangan Angliya Premer-ligasida ham qanday holatlar uchrayotgani to‘g‘risida boxabar bo‘lsangiz kerak. VARdagi topgan topaloq kabi o‘yinlarni kamaytirish uchun ham sifatli va ko‘p sonli kameralarga muhtojmiz.

Gapirishga oson bo‘lishi mumkin, biroq o‘z oldiga yuqori maqsad qo‘ygan, raqibni puxta o‘rgangan hamda mustahkam reja tuzgan jamoa Nishimura hakamlik qilgan taqdirda ham, kerak bo‘lsa, hakamiga qo‘shib raqibni mag‘lub etishga harakat qilishi lozim.

Sevimli jamoasidan yuqori marralarni kutadigan muxlislar muvaffiyatsizlikning sababini faqat hakamlardan emas, katta ehtimol bilan to‘layotgan soliqlari evaziga ham shakllantiriladigan klubning rahbariyati va murabbiylaridan talab qilgani maqsadga muvofiq. Chunki aynan shu insonlar xodimlar, murabbiylarni ishga oladi, futbolchilarni jalb etadi, mo‘may mablag‘ evaziga legionerlarni taklif etadi. Hakamlar esa eng ko‘pi bilan mavsum davomida beshta o‘yinda poliz mahsulotini qo‘ynidan tushirib yuborishi mumkin. Butun mavsum davomida oyoqdan chalishga hech kimning qurbi yetmaydi. Garajingizdagi "Spark"ni "Ferrari"dan o‘zib ketishi uchun Mixael Shumaxerni olib kelsangiz, ham "Spark" "Spark"lini qilishi turgan gap.

Shunday jamoalar borki, ular yillar mobaynida yuqori marralarni ko‘zlamaydi, aksincha, Superligada jon saqlab qolishni o‘ziga sharaf deb biladi. Muxlislar uchun esa aybdorni osongina topib berishadi: maydon markazidagi shaxs.

To‘g‘ri, hakam qaysidir pallada chempionlik uchun kurashayotgan jamoaning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib qolishi mumkin. Bu fojiali hodisaning o‘zginasi. Biroq yil davomida qoniqarsiz natija qayd etayotgan biror jamoaning bunga sabab qilib hakamni qalqon qilishi unchalik to‘g‘ri emas. Zero, hakamlar aralashuvisiz ham qaysidir klub uchta frontda ilg‘orlar safida kurashmoqda, qaysidiri Neymari bor yulduzlar bilan tengma-teng kurashmoqda, yana qaysidiri esa ikki xonali songa yaqin gollardan bahramand bo‘lmoqda.

Natijaga qasddan katta ta’sir o‘tkazgan hakamni ayblash, uni jazolash mutlaqo to‘g‘ri, biroq yomg‘ir-u qor demasdan, sevimli jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun stadionga oshiqayotgan tomoshabinlar sifatli o‘yin va natijani jamoadagilardan ham talab qilishni bilishi kerak. Shundagina murabbiy-u, undan yuqoridagilar yumshoq kresloni kadastr qiladigan emas, maydonda borini beradigan hamda fanatlar olqishi uchun jon kuydiradigan futbolchilarni olib kelishga hamda kerakli natijaga erishishga biroz bo‘lsa-da, harakat qiladi, deb o‘ylayman.

Muallif: Oqil Abdubarnoyev


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hakam prokuror bo‘lishi mumkin, lekin jallod emas