Jezush Ronalduga dam berdi, u navbatdagi o'yinni o'tkazib yuboradi

«Al-Nasr» bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronaldu nima sababdan yaqinlashib kelayotgan uchrashuvda maydonga tushmasligini izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ar-Riyod klubi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasi doirasida «Arkadag»ga qarshi o'ynaydi. Portugaliyalik hujumchi tez orada maydonga qaytishi kutilayotgani aytilayotgan bo'lsa-da, bu safar ham u qaydnomadan joy olmaydi.
Jezushning so'zlariga ko'ra, jamoa zich taqvimni inobatga olib, Ronaldu va asosiy tarkibdagi bir qator futbolchilarga dam berishga qaror qilgan. Murabbiy oldinda «Al-Fateh»ga qarshi muhim uchrashuv borligini ta'kidladi.
Shuningdek, u Ronalduga dam berilishi yangilik emasligini qo'shib o'tdi: yulduz futbolchi Saudiya Arabistonidan tashqarida o'tadigan bahslarda birinchi marta ishtirok etmayotgani yo'q. Jezushning fikrlarini Al Nassr Zone keltirdi.
Saudiya chempionatidagi «Al-Fateh» — «Al-Nasr» uchrashuvi shanba, 14-fevral kuni bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!