Turkiyada o'yin paytida futbolchi chayqani qutqarib qoldi

Turkiyada bo'lib o'tgan uchrashuvdan olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi. "Mevlanakapi Guzelhisar" va "Istanbul Yurdum Spor" jamoalari o'ynagan bahsda darvozabon to'pni maydondan uzoqlashtirmoqchi bo'ladi, biroq u maydon ustidan uchib o'tayotgan chayqaga tegib ketadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Voqeadan so'ng har ikki jamoa futbolchilari darhol qush tomon yugurib borishdi. "Istanbul Yurdum Spor" sardori Gani Chatan tezda vaziyatni anglab, chayqaga bilvosita yurak massajini qilishga kirishdi, keyin esa qushni maydon bo'yidagi tibbiy xodimlarga topshirdi.
Turkiyaning AA portali xabariga ko'ra, chayqa tirik qolgan. Qush bir muddat ucha olmasligi aytilmoqda, ammo veterinarlardan yordam olgach, asta-sekin tiklanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!