Andijonda soliq ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘mlik keshbek tuya qilindi...

Andijon viloyatida yirik moliyaviy firibgarlik va davlat xazinasiga tegishli bo‘lgan mablag‘larni noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirish holati fosh etildi. Bir guruh shaxslar “Soliq” mobil ilovasidagi keshbek tizimidan foydalanib, naqd 35,1 milliard so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ustamonlik bilan tuzilgan soxta "sxema" qanday ishlagan?
Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida jinoiy guruhning nayranglari fosh bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, 6 nafar fuqaro va ularning sheriklari o‘zaro til biriktirgan holda soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullanishgan. Ular fuqaro O‘.Q. nomiga 3 ta, N.Yu. nomiga 5 ta hamda R.X. ismli shaxs nomiga 1 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) tashkil etishgan.
Eng qizig‘i, ushbu firmalar o‘rtasida amalda hech qanday oldi-sotdi va moliyaviy aloqalar bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa-da, ular 2026 yilning mart-aprel oylari davomida go‘yoki jami 1,1 trillion so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishgan. So‘ngra, xuddi shu mahsulotlar savdodan o‘tgan va pullar kirim qilingan degan vaj bilan fuqarolarga sotilgani haqida cheklar chiqarishgan. Oqibatda, jami 100 458 nafar fuqaroning “Soliq” ilovasidagi akkauntlari orqali keshbek sifatida to‘lab berilgan 35,1 milliard so‘mlik davlat budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan tuya qilishgan.
Soliqchilarning sovuqqonligi va qonuniy jazo
Bu mashmashada faqat firibgarlar emas, balki o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan mas’ullar ham aybdor bo‘lib chiqdi. Qayd etilishicha, Andijon viloyati soliq boshqarmasining tegishli xodimlari va boshqa mas’ul shaxslar ushbu MCHJlar tomonidan qisqa vaqtda 1,1 trillion so‘mlik shubhali fakturalar rasmiylashtirilganini ko‘ra-bila turib, korxonalarning QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) guvohnomalarini vaqtida bekor qilish chorasini ko‘rishmagan. Shuningdek, ushbu shubhali moliyaviy operatsiyalar haqida Departament organlariga xabar berishmagan.
Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta og‘ir moddalari bilan jinoyat ishi ochildi:
167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
205-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish).
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Xulosa o‘rnida: To‘plangan barcha hujjatlar tegishliligi bo‘yicha prokuratura organlariga yuborilgan. Davlat budjeti va xalq haqiga ko‘z olaytirgan kimsalar qonun oldida albatta javob berishadi. Tergov jarayoni davom etmoqda.