Kostakurta Atalantaning Chempionlar ligasidagi o'yinini yuksak baholadi

Italiyaning «Atalanta» klubi Chempionlar ligasida navbatdagi bosqichga chiqqan A Seriyasining yagona vakili bo'lib qoldi. Dortmundda «Borussiya»ga qarshi ilk uchrashuvda 0:2 hisobida mag'lub bo'lgan bergamoliklar javob o'yinida ajoyib kambek namoyish etib, 4:1 hisobida g'alaba qozondi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuvdan so'ng o'yin haqida «Milan»ning sobiq futbolchisi Alessandro Kostakurta fikr bildirdi. Veteran mutaxassis «Atalanta»ning maydondagi jasorati va o'yin sifati uni hayratda qoldirganini yashirmadi.
«Bu ishonib bo'lmas darajada edi. Rostini aytsam, buni uddalay olishadi deb o'ylamagandim, ammo ular telbalarcha kuchli o'yin ko'rsatdi va yana bir bor Italiya futboli elitasiga kirishini isbotladi. Pasalichdek yetakchini esa Franko Barezi davridan beri ko'rmagandim», — deya Kostakurta so'zlarini keltiradi pianetamilan.it.
Eslatib o'tamiz, «Atalanta» 2024 yilda Yevropa ligasi g'olibi bo'lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!