Keyn dublidan so'ng Levandovski rekordiga munosabat bildirdi

«Bavariya» hujumchisi Garri Keyn navbatdagi o'yindan keyin ham Robert Levandovski o'rnatgan rekord haqidagi savolga izoh berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Polshalik forvard 2020/21 yilgi mavsumda Myunxen klubida Bundesliga doirasida 41 ta gol urib, tarixiy natija qayd etgandi. Shanba kuni esa Keyn Dortmundning «Borussiya»siga qarshi bahsda dubl rasmiylashtirdi va chempionat yakuniga 10 tur qolganida uning hisobidagi gollar 30 taga yetdi.
«Bilaman, har bir o'yindan keyin mendan Levandovski rekordi haqida so'rashadi. Ammo oldinda hali ko'p uchrashuv bor, eng muhimi — barqarorlikni saqlash. Aprel oxiriga borib, buning qanchalik amalga oshishini ko'ramiz», — dedi 32 yoshli angliyalik futbolchi.
Dortmunddagi o'yinda «Bavariya» 3:2 hisobida g'alaba qozondi. Vensan Kompani jamoasi turnir jadvalida «Borussiya»dan ustunligini 11 ochkogacha oshirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!