Noboa Rubinning Barselonani yengganiga berilgan bonusni aytdi

2009 yil oktyabrida Qozonning «Rubin» klubi Chempionlar ligasida kutilmagan natija qayd etib, «Kamp Nou»da «Barselona»ni 2:1 hisobida mag'lub etgandi. O'sha jamoaning sobiq yarim himoyachisi Kristian Noboa aynan shu g'alabadan keyin berilgan mukofot pullarini esladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Noboaning so'zlariga ko'ra, bu uning faoliyatidagi eng katta premiyalar bo'lgan: har bir futbolchiga 80 ming dollardan to'langan. U bu haqda «Sport-Ekspress»ga bergan izohida aytib o'tdi.
Ekvaodrlik futbolchi o'sha pulga hech narsa xarid qilmaganini, aksincha mablag'ni jamg'arib qo'yganini ta'kidladi. Uning aytishicha, o'sha paytning o'zida ham ancha mulohazali yigit bo'lgan.
Eslatib o'tamiz, 2009/2010 yilgi mavsum Chempionlar ligasi guruh bosqichida «Rubin» o'z kvartetida uchinchi o'rinni egallagan. Guruhda «Barselona» va «Inter» yuqori pog'onalarda yakunlagan bo'lsa, Kievning «Dinamo»si eng pastda qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!