Shahmat olamida yangi davr: O‘zbekistonning 1-raqamli shaxmatchisi o‘zgardi

Shahmat olamida yangi davr: O‘zbekistonning 1-raqamli shaxmatchisi o‘zgardi

O‘zbek shahmati ishqibozlari uchun haqiqiy maqtanish va g‘ururlanish fasli davom etmoqda! Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) may oyi yakunlariga ko‘ra, sayyoramizning eng kuchli aql-idrok sohiblari ro‘yxatini yangiladi. E’tiborlisi, dunyoning eng sara 100 ta grossmeysteri orasidan O‘zbekistonning naqd 5 nafar vakili joy oldi.

Dunyo reytingining yuqori pog‘onalarida ham shiddatli kurash ketmoqda. Ro‘yxatni hamon norvegiyalik fenomen Magnus Karlsen (2841) boshqarib kelayotgan bo‘lsa, keyingi ikki o‘rinni bir xil ochko bilan AQSHlik mashhur grossmeysterlar — Fabiano Karuana (2792) va Xikaru Nakamura (2792) band etib turishibdi.

O‘zbekiston taxtida o‘zgarish: Sindarov 4-o‘ringa ko‘tarildi!

May oyi sarhisobi o‘zbek muxlislari uchun kutilmagan va tarixiy yangilikni taqdim etdi. Mamlakatimizning birinchi raqamli shaxmatchisi nomi o‘zgardi. Bunga havaskorlar orasida "professor" nomini olgan Javohir Sindarovning nufuzli «Superbet Chess Classic Romania–2026» turniridagi fenomenal ishtiroki sabab bo‘ldi.

Javohir Ruminiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirdagi muvaffaqiyatli yurishlari evaziga o‘z reytingini naqd 2777 ochkoga yetkazib oldi va sayyoramizning eng kuchli 4-raqamli shaxmatchisiga aylandi!

Ko‘pchilikning sevimlisi bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov esa hozirda yurtimizning ikkinchi raqamli shaxmatchisi bo‘lib turibdi. Qizig‘i shundaki, Nodirbekning hisobida ham aynan 2777 ochko mavjud, biroq qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli u FIDE jahon reytingida Javohirdan keyingi, ya’ni 5-pog‘onani egallab turibdi. Bu ikki yigitimizning top-5 talikda turishi — o‘zbek sportining haqiqiy zafaridir!

Kuchli 100 talikdagi boshqa grossmeysterlarimiz

Dunyoning eng kuchli yuz nafar shaxmatchisi orasida qolgan uch nafar hamyurtimiz ham mustahkam pozitsiyaga ega:

  • Nodirbek Yakubboyev — 2689 ochko bilan jahonda 40-o‘rinni egallab turibdi.

  • Rustam Qosimjonov — Tajribali sobiq jahon chempionimiz 2665 ochko bilan roppa-rosa 50-o‘rindan joy olgan.

  • Shamsiddin Vohidov — Mahoratli shaxmatchimiz 2637 ochko to‘plagan holda 89-pog‘onada bormoqda.

Jamoaviy muvaffaqiyat: Shaxsiy ko‘rsatkichlardan tashqari, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ham jahon grandlari qatorida e’tirof etilmoqda. Vakillarimiz umumiy hisobda 2623 ochko bilan FIDE Milliy terma jamoalar reytingida kuchli o‘ntalikni yakunlab, faxrli 9-o‘rinni band etib turishibdi. Yigitlarimizga navbatdagi bahslarda ham faqat va faqat g‘alabalar yor bo‘lishini tilab qolamiz!

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar