18:03 / 09.09.2017
3 502

Nega futbolimiz mutasaddilari doim suvdan quruq chiqib ketaveradi?

Nega futbolimiz mutasaddilari doim suvdan quruq chiqib ketaveradi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi marta va o‘z odatiga «sodiq holda» jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qoldi. Alam qiladigani — shunday bo‘lishini Samvel Babayan bosh murabbiylik kursisiga mustahkam o‘rnashib olgan paytdayoq aksariyat muxlislar sezgan va o‘z vaqtida norozilik bildirgan edi. Biroq na O‘zbekiston futbol federatsiyasi, na murabbiylar shtabi muxlislar fikrini inobatga oldi.

Janubiy Koreya bilan kechagi mag‘lubiyatga teng durang esa shundoq ham lim-lim to‘lib turgan sabr kosasiga tomgan so‘nggi alam tomchisi bo‘ldi.

Xo‘sh, bundan keyin...

Muxlislar va jurnalistlar fikri, istak-xohishi inobatga olinadimi yoki ularning ustidan kulish, gapini bir tiyinga olmaslik, hattoki haqoratlash
(O‘FF xodimi Sherzod Igamberdiyev misolida aytayapman. Bu janob haqiqatni ochiq so‘zlagan qalam ahlini «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i orqali «qishloqilar» deb kamsitishgacha bordi. Aslida qishloqi bo‘lishning hech yomon tomoni yo‘q. O‘zbekiston aholisining, adashmasam, 50 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Lekin Igamberdiyev deganlari og‘zidan chiqayotgan gap ohangi 138 foiz tahqirlashga yo‘g‘rilgan) holatlari davom etadimi?

Mana, JChga chiqish orzumiz oltinchi marta amalga oshmadi. Shu ketishda bo‘lsa, nasib etsa, yettinchi marta ham ikki barmog‘imizni burnimizga tiqib qolaveramiz. Xo‘sh, biror marta futbol federatsiyasi yoki u tayinlagan qaysidir murabbiy (Mirjalol Qosimovdan tashqari) aybini bo‘yniga olib, xalq oldida, muxlislar oldida, mamlakat oldida uzrxohlik qildimi? (Yuzaki bo‘lsa ham).

Nega futbolimiz mutasaddilari doim suvdan quruq chiqib ketaveradi? Mas’uliyatni bo‘yniga olmaydi yoki hech bo‘lmasa, kimningdir zimmasiga o‘sha javobgarlikni yuklamaydi? Nima uchun million-million dollarlab qilingan xarajatlarning (endi bemalol aytish mumkinki, isrofgarchiliklarning) javobini hech kimdan talab qilmaydi? (Masalan, birgina xorij yig‘inlari uchun qancha pul sarflanadi). Xususan, janob Babayandan? Talab qilgan bo‘lsa, nimaga bu haqda ommaga ikki og‘iz xabar berilmaydi? Nega bizda buncha ko‘p narsalar sir tutiladi? Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ye, deydi xalqimiz. Nega bizda halol oshni o‘g‘ri mushukka o‘xshab bekitib yeyishadi?..

Nima uchun butun dunyoda futbol muxlislar uchun, bizda esa umuman boshqacha o‘ynaladi? Masalan, istasalar, yopiq stadionda ham o‘yin tashkil etishadi. Xohlashsa, muhim o‘yinlar uchun chiptalarni «bilmasdan» qo‘lga chiqarib yuborib, oddiy muxlislarga asl bahosidan 5-10 hissa qimmatiga pullaydilar. Hech kim o‘sha insofsiz chayqovchilarning pishagini «pisht» demaydi. Nega?

Ajab holat: nimaga bizda keyingi 10-15 yilda (Oleg Shatskix, Nikolay Shirshov, Pavel Bugalolar avlodidan keyin): «Terma jamoada yoki tuzukroq klubda o‘ynash uchun futbolchi bo‘lish shart emas, yo biror kattakonning o‘g‘li, jiyani, kuyovi, balo-battari yoki puldor oilaning farzandi bo‘lish kerak, aks holda, unga professional sportda o‘rin yo‘q» deganga o‘xshash gaplar yuradi-yu, futbolimiz mutasaddilari mana shunday «mayda-chuyda» gaplarning g‘irt tuhmat, nohaq, uydirma ekanini isbotlash uchun qayg‘urmaydi? Ochig‘i, ushbu saralash raundida ham terma jamoamiz atrofida shu kabi mish-mishlar tinmadi. Odamlar, Igamberdiyev aytmoqchi, «ahmoq» yoki ko‘r emaski, ko‘rinib turgan narsani ilg‘amasa!

Masalan, Lobanovning o‘rtacha yaxshi darvozabonligini, lekin Eron, Janubiy Koreya darajasidagi jamoalarga qarshi undan salohiyatliroq darvozabon (deylik, Eldor Suyunov yoki Ignatiy Nesterov) maydonga tushishi lozimligiga sakkiz yashar bolaning ham aqli yetardi, deb o‘ylayman. Muntazam noroziliklarga qaramay, ketma-ket asosiy tarkibda tushgan Sergeyev, kechirasizu, jarohatlanibgina muxlislar dashnomidan qutulgan Andreyevlar masalasida ham shubhalanmagan odam qolmadi. (Qolgan bo‘lsa, u futbol federatsiyasida ishlaydi yoki o‘sha futbolchilarning yaqinlari bo‘ladi). Ko‘pchilikning fikri yakdil: Babayan bu borada ortiqcha qaysarlikka yo‘l qo‘ydi.

Men tushunmadim, bu menejer terma jamoaga faqat muxlislar jig‘iga tegish uchun qo‘yilganmi yoki boshqa kattaroq maqsad ham bormidi? Bor bo‘lsa, o‘sha maqsad amalga oshmagach, amalga oshmasligi kechagi o‘yingacha ma’lum bo‘lib qolgach ham, nega chora ko‘rilmadi? O‘zi bizda, umuman, bajarilmagan topshiriq uchun biror chora ko‘riladimi (futbol sohasida aytmoqdaman)?

Terma jamoalarimizning muvaffaqiyatsizliklari (o‘smirlar va yoshlar jamoalarimizning ertaknamo yutuqlarini gapirmang, iltimos, ulkan natijalarni ko‘zlagan futbol mamlakatlarida bunday g‘alabalarga mahliyo bo‘lib o‘tirishmaydi), chempionatimizdagi ahvol, futbol mutasaddilarining muxlislarga munosabati — bu kabi omillar borgan sari ko‘nglimizni sovutayapti.

Biz oxirgi saralash o‘yinlarini bosh murabbiy bo‘lmish zotning mantiqsiz va kulgili qarorlarini ko‘ramiz deb tomosha qilmadik. Jamoa tarkibida Odil Ahmedov, Ignatiy Nesterov, Vitaliy Denisov, Eldor Shomurodov, Aleksandr Geynrix singari jonkuyar yigitlarimiz borligi tufayli tomosha qildik. Ularning orzu-niyatlariga esh, quvonchlariga sherik bo‘laylik, deya kuzatib bordik.

Yo‘qotgan bo‘lsak, birgalikda yana to‘rt yilni yo‘qotdik. Oramizda yo‘qolgan qiymati baland boshqa narsa ham bor: bu — ishonch. Bilmadim, u bizning qalbimizga qaytarmikan?

Elmurod NIShONOV

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nega futbolimiz mutasaddilari doim suvdan quruq chiqib ketaveradi?