17:00 / 26.09.2017
4 902

O‘FFga talab va taklif

ЎФФга талаб ва таклиф
O‘zbek futbolida katta o‘zgarishlar kutilyapti. Har holda bizga shunday va’da berishgan.
Agar ko‘p hurmatli O‘zbekiston futbol federatsiyasining yangi rahbariyati boshlagan tashabbus shunchaki ish boshida o‘zini ko‘rsatish bo‘lmasa, yaqin vaqtlar ichida ko‘p yangiliklar eshitib qolishimiz kerak.

Shunday tashabbuslardan biri - O‘FF prezidentining virtual qabulxonasi ish boshladi. Shu bilan birga matbuot uchun telegramda alohida guruh ham ochildiki, maqsad - jurnalistlar taklifini bevosita O‘FF prezidentiga yetkazishdan iborat.

Chunonchi, ushbu maqolaning bir nusxasi ham o‘sha kanal orqali yuboriladi. Yuborish ish emas, muhimi - manzilga yetib borsa bo‘lgani.

TAKLIF

Aslida buni taklif emas, balki «takrorlash» desak to‘g‘riroq bo‘lar edi. Boisi o‘zbek futbolida bunga qadar aytilgan gaplar shu qadar ko‘pki, qay biridan boshlashni ham bilmaysan. Takliflarning bari avval ham bildirilgan, ammo eshitadigan odam bo‘lmagan. Endi eshitadigan topilgan ekan, shunchaki, yana bir bor takrorlab o‘tamiz, xolos.

Hozir ko‘pchilikning e’tibori O‘zbekiston terma jamoasiga qaratilgan va tabiiyki, eng avvalo, xorijdan yangi bosh murabbiy taklif etilishini istamoqda.

Ammo shoshilmang, ishoning, aynan hozir bu masala birinchi o‘rinda turgani emas. Terma jamoa endi biror yil dam oladi. Ungacha xorijdan murabbiy olib kelish qochmas. Hozir har qancha ish bo‘lsa, oliy ligadan ortmaydi.

OLIY LIGA

O‘zbekiston chempionati so‘nggi yillarda biroz jonlangandek. Har holda kelishilgan o‘yinlar avvalgidek ochiqchasiga o‘tkazilmayapti va biz «murosasiz» deb atashga o‘rganib qolgan bahslar soni oshgandek.

Ammo «murosali» o‘yinlar mutlaqo yo‘q bo‘lib ketdimi? Yo‘q. Qo‘lni ko‘ksimizga qo‘ygan holda tan olamiz, oxirgi ikki yilda kelishilgan o‘yinlar balosi darhaqiqat kamaydi. Ammo barham topmadi. Buni Odil Ahmedov ham aytib o‘tgan edi. Ahrol Inoyatovga bo‘lgan hurmatni saqlagan holda tan olish lozim, Odil - haq.

Ahrol Inoyatov o‘tgan uch yil davomida yomon ishlamadi. Har holda kelishilgan o‘yinlarni kamaytirdi. Ammo yo‘q qila olmadi. Nima uchun? Chunki uning ish uslubi topish va jazolash emas, balki tarbiyalashdan iborat.

«Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash qo‘mitasi» borini yashirib, yo‘g‘ini oshirib ko‘rsatadi. Kimdir noinsoflik qilsa, uni jazolamaydi. Balki insofga chaqirib, nasihat qiladi. Bu ham yaxshi, albatta. Ilgari «shahar bedarvoza» vaqtida bilganini qilganlar hozir biroz tortilib qolgan. Ammo «qilig‘ini qo‘ymaganlar» ham talaygina. Xo‘sh, o‘zbek futbolini «kelishuvchilik» balosidan qutqarish uchun nima qilish kerak?

Javob oddiy. Kelishilgan o‘yin avvalo, qoidabuzarlikdir. Shunday ekan, unga qonun buzilishi sifatida qarashni o‘rganish kerak. Agar biz kelishilgan o‘yin ishtirokchilarini qoidabuzar sifatida ko‘radigan bo‘lsak, demak jazolashni ham o‘rganamiz.

O‘FF vitse-prezidentlaridan biri IIV tizimida faoliyat yuritadi. Demak, «Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash qo‘mitasi»ning ish uslubini ham o‘zgartirish kerak.

HAKAMLAR

Bundan besh yil muqaddam oliy ligada kelishilgan o‘yinlar borligi haqida matbuotda maqola va xabarlar berilardi, ammo hech kim rasman tan olmas edi. Bu holat toki O‘FFning sobiq prezidenti Mirabror Usmonovning shaxsan o‘zi kelishilgan o‘yinlar haqida gapirgunga qadar davom etdi. Mirabror Zufarovichdan keyin kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashuvchilar ham ko‘payib qoldi.

Hozir esa vaziyat shundayki, o‘zbek futbolida hakamlar noxolisligi haqida bot-bot gap-so‘zlar uchrab turibdi. Ammo hali hech kim rasman tan olganicha yo‘q. Aftidan, bu holat ham rahbariyat aralashmasa hal bo‘lmaydigan ko‘rinadi. Mantiqan o‘ylab qaraganda, kelishilgan o‘yinlar bormi, demak, noxolis hakamlik ham bo‘ladi. Axir qing‘ir yo‘ldan yuruvchilar hakam bilan ham kelishishga urinib ko‘rmaydimi? Javobga hojat yo‘q.

TADBIR

Odil Ahmedov O‘zbekiston chempionatidagi muammolar haqida shunday degan edi: «Oliy ligada kelishilgan o‘yinlar ham juda ko‘p. Bunday uchrashuvlarda futbolchi 20 foiz kuch bilan o‘ynaydi. Shu o‘yinchi terma jamoaga kelgandan keyin undan nima kutish mumkin? Biz eng avvalo, ichki chempionatni kuchaytirishimiz kerak. Shunda terma jamoa ham kuchaya­di. Hozir asosan legionerlarga suyanib qolganmiz.

Farg‘ona yoki ­­G‘­uzor­dan kuchli futbolchi chiqishi mumkin, ammo xalqaro o‘yinlarda foydasi bo‘lmaydi. Chunki chempionatimiz saviyasi past. Men oliy ligani tomosha qilib boraman, u yerda Maradonadek o‘ynagan o‘yinchi xalqaro maydonda to‘xtab qolishini ham ko‘ryapmiz».

Bu gaplarga yana qo‘shimcha qilish shart bo‘lmasa kerak. Yangi rahbariyat o‘zbek futbolini ko‘tarishni istasa, eng avvalo uni tozalashdan boshlashi lozim. Bu ishni kimlar bilan amalga oshiradi? Albatta, yangi odamlar bilan. Axir eskicha ishlab o‘rganganlar bilan yangilik yaratib bo‘larkanmi?

P.S.: Albatta, ushbu maqolada tilga olingan muammo va kamchiliklar yechimi O‘FFning yangi rahbariyati tuzgan yangi rejalarda ham o‘z aksini topmoqda. Ya’ni, o‘zbek futbolini rivojlantirishning to‘rt ustunida dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Shunday ekan, yaqin yillar ichida O‘FFning bu borada jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urib, millionlar o‘yinidagi shaffoflikni ta’minlashiga umid qilib qolamiz.

Zafar QOSIMOV

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FFga talab va taklif