
Rossiyalik opera xonandasi Eldor Abdurazzoqovning Italiyaning Verona shahridagi Filarmoniya teatri sahnasida Volfgang Amadey Motsartning “Don Juan” operasida qatnashishi rejalashtirilgan edi. Biroq teatr ma’muriyati 6-noyabr kuni rasmiy bayonot chiqarib, 2026-yil yanvar oyiga belgilangan barcha spektakllarda xonanda ishtirok etmasligini ma’lum qildi.
Teatrning rasmiy saytidagi e’longa ko‘ra, Abdurazzoqov 18–25-yanvar kunlari namoyish etiladigan operada ishtirok etmaydi. Biroq bu qarorning aniq sabablari ochiqlanmagan. Ushbu spektaklda rossiyalik san’atkor bosh qahramon — Don Juan rolini ijro etishi kerak bo‘lgan. Hozircha uni kim almashtirishi haqida ma’lumot berilmadi.
Boshqa tomondan, Yevropa siyosiy doiralari bu voqeaga siyosiy tus bermoqda. Yevroparlament vitse-prezidenti Pina Picherno bu qarorni “Putin va Kreml propagandasi ustidan navbatdagi g‘alaba” deb baholadi. U o‘zining X (Twitter) sahifasida “bunday qarorni qo‘llab-quvvatlaganlarning barchasiga — FBK, Yuliya Navalnaya va boshqalarga minnatdorchilik bildiraman”, — deb yozdi.
Abdurazzoqovning chiqishiga qarshi chiqishganlar orasida Liberi Oltre le Illusioni tashkiloti ham bor. Ular xonanda 2024-yilda Rossiya prezidentlik saylovlarida Vladimir Putinning ishonchli shaxsi sifatida qatnashganini, shuningdek Prezident huzuridagi madaniyat va san’at kengashi a’zosi ekanini ta’kidlashdi.
Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK) ham uning Yevropa sahnalarida chiqishlariga qarshi kampaniya boshladi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Abdurazzoqovning Yevropada “hashamatli villasi” bor va u Kreml siyosatiga ochiq tarafdorlik qilib keladi. FBK Yevropa davlatlarini “Kreml urushiga jamoatchilikda ochiq qo‘llov bildiruvchi shaxslar bilan hamkorlik qilmaslikka” chaqirdi.
Bu Rossiyalik xonandaning xorijda chiqishi bekor qilingan ilk holat emas. 2023-yilda u Nyu-Yorkdagi Metropoliten-Opera, Karnegi-holl, Milanning La Skala teatri, Boston simfonik orkestri va Myunxen opera festivali bilan hamkorlikdan chetlatilgan. 2024-yilda esa Neapoldagi San-Karlo teatri u bilan 2025-yilga rejalashtirilgan loyihani bekor qildi.
Iyul oyida shunga o‘xshash holat yana takrorlangan edi — italiyalik dirijyor Valeriy Gergiyev ishtirokidagi konsert keng jamoatchilik bosimi ortidan bekor qilingan. Agar u konsert bo‘lib o‘tganida, bu Gergiyev uchun 2022-yildagi “Pikovaya dama”dan keyingi birinchi chiqishi bo‘lardi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Yevropadagi madaniy muassasalar Rossiya bilan bog‘liq shaxslarga nisbatan siyosiy pozitsiyani tobora qattiqlashtirmoqda. Ayniqsa, Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin bunday “madaniy izolyatsiya” san’at olamida ham o‘z ta’sirini kuchaytirgan.
Shu tariqa, Eldor Abdurazzoqovning yangi opera loyihasi ham siyosiy tortishuvlar ta’sirida bekor qilindi — bu holat siyosat bilan san’at o‘rtasidagi chegara yanada noaniqlashib borayotganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!