10:04 / 29.04.2018
3 847

Milliy terma jamoa tashvishi

Milliy terma jamoa tashvishi
Milliy termamiz muammolari haqidagi birinchi maqolada anchagina gaplar qolib ketdi.

Bugun biz o‘sha o‘tgan gal yozilmay qolgan kamchiliklarni tilga olishga harakat qilamiz. Zero, mamlakatimizning bosh jamoasi haqidagi fikrlar hech qachon ortiqcha bo‘lmagan...

Bir jihatga hech e’tibor berganmisiz, aksariyat hollarda milliy jamoamiz Toshkentdagi o‘yinlarga nisbatan mehmondagi bahslarda chiroyliroq futbol namoyish etadi. Albatta, doimo shunaqa bo‘ladi, deya olmayman va bu narsaning o‘shanda qayd etilgan hisoblarga umuman aloqasi yo‘q.

Ya’ni, biz mehmondagi bellashuvlarda ko‘proq yutqazgandirmiz, yutishimiz kerak bo‘lgan o‘yinlarda esa durang qayd etilgandir. Lekin o‘sha safardagi mag‘lubiyatli va durangli bahslarda ko‘rsatilgan o‘yinlar sifati aksariyat uy uchrashuvlarimizdagiga nisbatan baland bo‘lgan.

...Rossiyaning “Sport-Ekspress” nashrida berib boriladigan baholash tizimining bir ko‘rsatkichiga hurmatim baland. E’tibor bersangiz, gazeta Rossiya premyer-ligasi bahslari sharhi asnosida maydonda to‘p surgan o‘yinchilarni 10 ballik tizimda baholaydi.

Ular o‘rtacha o‘yin uchun taxminan 5.0-5.5, undan yaxshirog‘i uchun 6.5-7.0 va yuqori saviyali futbol uchun 7.5dan baland baho olishadi. Ana shu baholashlarga qo‘shimcha sifatida jadvalning eng pastki qismida o‘yinning tomoshabopligi bo‘yicha ko‘rsatkich bor va biz buni ikki jamoa tomonidan ko‘rsatilgan futbolning sifati, deb qabul qilishimiz mumkin.

Xullas, futbolning sifati xususidagi bahodan ko‘p narsalarni anglash mumkin. Deylik, premyer-liganing navbatdagi bahsida 4:3 hisobi qayd etilgan. Buni ko‘rib, aksariyat muxlislar o‘yin rosa qiziqarli o‘tgan, deb o‘ylashlari tabiiy. Vaholanki, bunaqa hisobdagi uchrashuvlar sifat grafasida har doim ham yuqori ball olavermaydi.

O‘sha 4:3ga 5.5 ball qo‘yilib, aksincha, atigi 1:0 hisobida tugagan o‘yin 8.0 ballga baholangan holatlar ko‘p uchraydi. Gazeta xodimlari bu bahoni osmondan olib qo‘ymaydilar, albatta.

Deyarli mutaxassisga aylanib ulgurgan “ekspresschilar” bu borada barcha jihatlar - futbolchilarning o‘zaro bir-birlarini tushunib to‘p surishlari, paslar aniqligi, zarbalar soni va aniqligi, texnika va tezkorlik, xullas, shu kabi jihatlardan xulosa chiqarishadi. Gapning indallosi - o‘yin tomoshabop o‘tdimi yoki mazmunsiz, shuni bilish mumkin.

O‘yinlar sifatiga alohida to‘xtalayotganim bejiz emas, albatta. Xo‘sh, nega milliy jamoamiz ishtirokidagi uchrashuvlar sifati mavzu darajasiga olib chiqilmoqda?

Bunga sabab shuki, avvalo, futbolimizdagi o‘yin sifatini ko‘tarmasdan turib, hech qachon yuqori natijalarga erisha olmaymiz, mundial biz uchun armon bo‘lib qolaveradi. Xo‘sh, ana shu sifatni oshirish uchun ishni birinchi navbatda nimadan boshlash kerak?

Maqola boshida tilga olingan mavzuga endi yetib keldik va katta o‘zgarishlarga qo‘l urayotgan futbolimiz bu masalaga ham alohida e’tibor qaratishi zarur deb hisoblayman: bu - FUTBOL MAYDONLARIMIZNING SIFATI!

Ha, futbolchilarimizga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan, ularning o‘sishiga doimo to‘sqinlik qilib keladigan, bor futbolimizni ham yo‘qqa chiqarayotgan og‘riqli jihatlardan biri - aksariyat maydonlarimizning sifati mavjud talablardan anchagina pastligidadir.

Bu yerda gap Superliga jamoalari uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan asosiy maydonlardan tortib, to ularning mashg‘ulot o‘tkazadigan bazalaridagi maydonchalarigacha taalluqli.

Afsuski, bu borada hattoki, elitamizning to‘rt yetakchi klubi - “Lokomotiv”, “Nasaf”, “Bunyodkor” va “Paxtakor” ham ortiqcha maqtana olmaydi. Boshqa jamoalardan ancha-muncha yuqori tursada, ularning o‘ziga yarasha kamchiliklari bor. Bu yerda “kamchiliklar ko‘p holatlarda mavjud”, desak to‘g‘riroq bo‘lardi.

Chunki ba’zida faslga bog‘liq holda, ba’zan stadion mas’ullarining loqaydligi tufayli va yana boshqa ko‘plab sabablar bilan maydon holati doimo 100 foiz shay holda bo‘lmaydi.

Lekin futbolchi va futbol kutib turadimi? Yo‘q, albatta! O‘yinchilar maydon sifati yaxshi bo‘lsa ham, yomon bo‘lsa ham mashg‘ulot o‘tkazishga, to‘p tepishga, har qanday ahamiyatli-ahamiyatsiz uchrashuvlarda mehnat qilishga majburlar.

Pro-liga jamoalari o‘ynaydigan maydonlar haqida hozircha og‘iz ochmaymiz (ocholmaymiz), ularda hali bu borada juda katta hajmdagi ishlar qilinishi talab etiladi.

Yaxshisi, yuqori saviyali futbolchi tezroq rivojlanish (yoki pasayishga yuz tutmaslik) uchun zaxira futbolchisiga aylanish xavfi bo‘lsa ham, Superliga jamoasiga o‘tib olgani ma’qul.

Fikrlarimizni endi tarixga aylanib ulgurgan bir nechta faktlar tasdiqlashi tayin, zero moziyga boqib ish ko‘rmoq xayrli, deydilar. Demak, biroz ortga, aniqrog‘i, 2013 yilning bahoriga qaytamiz. Milliy jamoamiz o‘z tarixida jahon chempionatiga chiqish uchun juda yaqin borgan damlar aynan ko‘klam fasliga to‘g‘ri kelgandi.

U ajib kunlarni esga olishning o‘zi kishiga bir dunyo zavq ulashadi. Rost-da, o‘sha kunlarda jadvaldan kelib chiqib, eng pessimist muxlis ham mundialga chiqishimizdan ko‘ra chiqmasligimiz qiyinroq, deb bilardi.

Kechagidek esimda, O‘zbekiston - Livan uchrashuvidan bir kun oldin eng ishongan futbolchimiz Server Jeparovni suhbatga tortishdi. O‘sha kuni Serverning ichida har doim ham uchrayvermaydigan bir hadik bordek edi, nazarimda.

Futbolchi yangi qurilgan “Bunyodkor” stadionini “maqtash” haqidagi savolga (taklifga) javob qaytarar ekan, kutilmaganda uning go‘zalligi va hashamatidan ko‘ra ko‘proq o‘zi uchun, qolaversa, termamiz manfaati (keyinroq ma’lum bo‘lishicha hammamiz) uchun ahamiyatliroq bo‘lgan mavzuni tilga oldi - futbol maydonining holati!

Darhaqiqat, stadiondagi eng zaruriy jihat maromida bo‘lmasa, bunday arenada futbol o‘ynashdan nima naf?

Xullas, ertasi kuni Serverdagi hadik bejiz emasligini tushunib yetdik. Maydon sifati anchayin yomonligidan o‘zimiz istagan natijaga erisholmadik. Futbolchilarimiz gol urishda qiynalishdi, vakillarimizdagi bor texnikani o‘sha tayyor bo‘lmagan maydon yo‘qqa chiqardi.

Ikkinchi bo‘lim yarmiga yaqinlashgandagina zo‘rg‘a hisobni ochdik, amallab g‘alabaga erishdik, 3 ochko oldik va “Shunisiga ham shukr”, dedik. Lekin jo‘jalar (gollar) sanaladigan kuzga borib ma’lum bo‘ldiki, bizga yana 2ta to‘p yetmas ekan! Yetmay qolgan o‘sha gollar urilishi kerak bo‘lgan eng qulay o‘yin esa aynan shu - Livanga qarshi Toshkentdagi bahs edi. Raqib darvozasi 2-3 emas, 4-5 marta ishg‘ol qilinishi kutilgandi.

Buni uddalasa bo‘lardi! Axir so‘nggi turda Qatar darvozasiga 5ta to‘p kiritishni epladik-ku! Hattoki, saralashning o‘sha so‘nggi bahsida ham “Bunyodkor” chimining holati optimal darajada bo‘lgan, deb aytolmayman. Buni futbolchilarimizning o‘zlari ham tasdiqlashlari mumkin.

“Raqiblar ham shu maydonda o‘ynagan-ku?” qabilida e’tiroz bildiradiganlarga javobim tayyor. Sababi, himoyalanayotgan jamoaning hujum qilayotganlardan ozgina bo‘lsada, ustun tarafi mavjud. Masalan, raqib hujumini qaytarish chog‘ida, ayniqsa, to‘pni o‘ng kelgan tomonga tepib yuborish holati ko‘p kuzatiladi.

Bunday vaziyatda maydon ahvolining yomonligi aynan himoyalanayotgan tomonga ko‘proq qo‘l keladi. Lekin gol urishi kerak bo‘lgan jamoaga maydonning holati juda muhim omil sanaladi. Ayniqsa, asosan texnik futbolga tayanib o‘ynaydigan O‘zbekiston termasiga.

Qisqasi, o‘sha Livanga qarshi bahsdan alamli xotiralar qoldi. O‘yin payti maydon chimining bir necha marta ko‘chib ketishi, futbolchilarimiz yugurayotganda yaqqol sezilib qolgan og‘ir harakatlar... Mayli, bu endi tarixga aylandi.

Lekin bizda vaziyatni o‘nglash uchun vaqt bor. Endi e’tiborimizning bir qismini chimlarni mukammal ko‘rinishga keltirishga qaratish kerakki, futbolchilarimiz birgina yomon holatdagi maydon sabab o‘yinni boshi egik holda tark etishmasin.

Maqolamiz boshida to‘xtalganimiz - termamizning mehmondagi aksariyat uchrashuvlarda chiroyli futbol namoyish etishi aynan shu maydon sifatiga bog‘liq edi. Futbolchilarimiz, asosan, Yaponiya va Janubiy Koreyadagi bahslarda ko‘proq jozibali futbol ko‘rsatishgan.

To‘g‘ri, bu o‘yinlarning aksariyati bizning mag‘lubiyatimiz bilan yakunlangan, lekin futbolchilarimiz tekis maydonda baribir, boshqacha o‘ynashadi. Albatta, Osiyodagi bu mamlakatlarda maydonning holati haqida hech qanday muammo bo‘lishi mumkin emas.

Yaponiya va Janubiy Koreya futbolining doimo bizni sezilarli farq bilan ortda qoldirishiga asos sabablardan biri ham aynan maydon sifati bo‘lsa, ajabmas.

Keling, shu ikki jamoaga qarshi o‘tgan JCH saralashi yakuniy bosqich uchrashuvlarini yodga olsak:

JCH-1998
J.Koreya (uyda - 1:5, mehmonda - 1:2)
Yaponiya (uyda - 1:1, mehmonda - 3:6)

JCH-2006
J.Koreya (uyda - 1:1, mehmonda - 1:2)

JCH-2010
Yaponiya (uyda - 1:1, mehmonda - 1:1)

JCH-2014
J.Koreya (uyda - 2:2, mehmonda - 0:1)

JCH-2018
J.Koreya (uyda - 0:0, mehmonda - 1:2)

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, biz Toshkentda ham, mehmonda ham g‘alaba qozona olmaganmiz. Toshkentda 5ta durang, 1ta mag‘lubiyat, safarda esa teskarisi - 1 durang, 5 mag‘lubiyat. Eng qizig‘i, mehmondagi mag‘lubiyatlar grafasining barchasida Janubiy Koreya turibdi: ushbu termaga har gal bitta to‘p farqi bilan yutqazganmiz.

Ko‘ryapsizmi, ilk musobaqani (1997 yilgi saralashlar) aytmaganda, hisoblardagi farq katta emas. Ya’ni, biz har gal Toshkentda g‘alabaga, mehmonda esa durangga yaqin kelganmiz. Lekin o‘z maydonimizdagi o‘sha yetishmagan gollarda baribir, texnik tomondan sustligimiz ta’sir o‘tkazgan.

Bunga, qaysidir ma’noda, maydon holati ham sabab bo‘lgan. Ikki raqibimiz esa, tabiiyki, o‘z uyidagi ustunlikdan mukammal darajada foydalangan. Mazkur holatda nega faqat Janubiy Koreya va Yaponiyaga urg‘u berdim? Sababi, Osiyoda arab termalaridan farqli ravishda, yapon va koreyslar jamoaviy usulga asoslangan texnik futbol ko‘rsatishadi.

Ayniqsa, “samuraylar” ishtirokidagi o‘yinlarda bu yaqqol ko‘zga tashlanadi: ular aniq paslar bilan ishlashadi. Uzatmalarda deyarli xatolar uchramaydi. Tokiodagi ideal darajadagi maydon esa doimo mezbonlar foydasiga xizmat qiladi. Xullas, shu ikki jamoa modelini andoza qilib olsak, foydadan xoli bo‘lmasdi...

Endi yana o‘zimizning chempionatga qaytib, jamoalarimiz o‘yinga tushayotgan maydonlardagi ahvol haqida ham ikki og‘iz so‘z yuritsak. Superliga bahslari oxirgi paytlarda anchagina tomoshabop bo‘lib qoldi va bu hammamizni quvontirayotgani bor gap.

Muxlislar chindan ham stadionlarga qaytishmoqda. Lekin bu gavjumlik bardavom bo‘ladimi? Buni albatta, vaqt ko‘rsatadi. Lekin Superligada ham maydon masalasi borki, mavjud kamchilik tomoshabinlarning stadionda haqiqiy hordiq chiqarishlariga to‘sqinlik qilmasin.

...Bugun tilga olingan mavzuga aksariyat futbolchilarning o‘zlari ham xayrixoh bo‘lishlariga shubha yo‘q. Zero, bundan ular bizdanda ko‘proq manfaatdorlar. Shu o‘rinda Ummon klublaridan birida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Alisher Azizovga berilgan savol va o‘sha yerdan Superligamizni kuzatayotgan legionerning javobini keltirib o‘tsam:

- Alisher, “Navbahor” Namanganda amaldagi chempion “Lokomotiv”ni mag‘lub etdi. Mazkur bahsni 25300 nafar muxlis bevosita stadionda tomosha qildi. Shu o‘yin haqida nima deya olasiz?

- O‘sha uchrashuvni ko‘rdim, qoyil! Namanganlik muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi “Navbahor”ga foyda keltirdi. Mezbonlar shu kuni boshqacha o‘yin namoyish etishdi, ayniqsa, ishqibozlariga gap yo‘q. Lekin maydon holati ko‘ngildagidek emasdi. To‘p ko‘p vaziyatda sakrab ketdi...

...Guvohi bo‘layotganingizdek, yana bir futbolchi maydon holati haqida gapirmoqda. Haqiqatan “Navbahor” stadionidek muxlislarga liq to‘la arena O‘zbekistonda deyarli topilmasa ham, undagi notekis va futbolchilarni noqulay holatga soladigan maydon Superligada boshqa yo‘q.

Namangandagi stadionda o‘sha birinchi o‘yinlarda hattoki, maysalar chiqmay qolgan hududlar ham ko‘zga tashlandiki, bu holat bilan jiddiy ish olib bormasa bo‘lmaydi. O‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan har bir klub, albatta, maydonning holatiga katta e’tibor qaratishi shart.

Shoyadki, shunda milliy jamoamiz safiga kirishga erisholmayotgan, porlamasdan so‘nishga yuz tutayotgan iqtidorlarimizning ishlari yana olg‘a yursa...
Behzod AHMADJONOV

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Milliy terma jamoa tashvishi