2 494
Kuper: «O‘zbek muxlisi Turkiyaga yutqazganimizdan xafa bo‘lsa, men uni xotirjamlikka chaqiraman»
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper juma kuni Toshkentda KXDRga qarshi o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Uning so‘zlarini Tribuna.uz nashri keltirib o‘tdi.
«Ba’zi narsalarni tushuntirib o‘tmoqchiman. Butun o‘zbek xalqiga murojaat qilmoqchiman. Biz murabbiylar doim yangi joyga ishga kelganimizda adaptatsiya jarayonini boshdan kechiramiz. Bilaman, bu ko‘pchilikni qiziqtirmaydi. Moslashish jarayoni dasturimiz bilan bog‘liq. Dastur – bu loyiha. Ko‘pchilik 2018 yildan 2022 yilgacha muddatga, yilma-yil dastur qilish kerak, deb hisoblaydi. Lekin bunday bo‘lmaydi. Biz maqsadimiz yo‘lida intilishni, har qanday jamoa ustidan g‘alaba qozonishni o‘rganishimiz kerak. Biz hozir bir tekisda ketyapmiz.
Bizning ishonchimiz, dasturimiz asosi faqat natijalarga bog‘lanib qolmasligi kerak. Agar faqat natija kerak bo‘lsa, u holda biz murabbiylar FIFA reytingidan kelib chiqib osonroq raqib tanlaymiz. Natija uchun o‘ynaganimizda, FIFA reytingidagi 70-100-o‘rinlardagi jamoalarga qarshi o‘ynagan bo‘lardik. Shunday qilsak, natijadan hamma mamnun bo‘lardi. Biz shunday dastur yaratishimiz kerakki, har qanday raqibga qarshi o‘ynashga tayyor bo‘lishimiz kerak.
Masalan, Urugvay bilan o‘ynadik. FIFA reytingidagi 7-jamoa. Natijaga qaraydigan bo‘lsak, yutqazdik – bo‘ldi, yomon. Lekin unday emas. O‘sishni istasak, biz o‘zimizdan yuqori darajadagi jamoalar bilan o‘ynashimiz kerak. Shunda xatolarimiz ko‘rinadi.
Buni aytishimdan maqsad, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin tushunadigan odamlar bor. Ba’zida federatsiyaga, ba’zida o‘zimga taklif bildirishadi. Argentina bilan ham o‘ynashimiz mumkin. Nega endi o‘ynamasligimiz kerak ekan? Dide Desham bilan ham juda yaxshi tanishman. U menga aytgandi, o‘rtoqlik o‘yini o‘ynashimiz mumkin. Dunyoning birinchi raqamli jamoasi bilan o‘ynashimiz mumkin edi. Yutishimiz ham mumkin hatto. Buni aytishdan maqsad, loyiha haqida gapirganda balansga amal qilish kerak.
Turkiya bilan o‘ynadik, to‘g‘rimi, yutqazdik? Bundan ko‘pchilik norozi. Hammaning fikri bor, lekin futbolni tushunadigan va tushunmaydigan odamlar bor. Oddiy muxlis faqat g‘alaba qozonishni istaydi. Turkiyaning 80 foiz o‘yinchisi Yevropada o‘ynaydi, lekin bu muxlislarni qiziqtirmaydi.
Ba’zida raqibga past, ba’zida yuqori baho berib yuboramiz. Lekin bu – o‘rtoqlik o‘yini. Qatarni 2:0 hisobida yutganimizda hech kim ko‘chaga chiqib bayram qilmagandi. Vaholanki keyinroq Qatar Osiyo chempioni bo‘ldi.
Biz kuchli jamoalarni yutamiz, deb aytmaymiz. Lekin bizda struktura bo‘lishi kerak.
Oddiy muxlislarda shubha bo‘lishi mumkin, lekin futbolchilar bu yerda o‘zlarini juda yaxshi his etishyapti. Federatsiya ham ishonyapti. Ba’zida nimadir o‘xshamasligi mumkin. Biz shunday yo‘l tutishimiz kerakki, hammaga yoqishimiz kerak.
O‘zbek muxlisi Turkiyaga yutqazganimizdan xafa bo‘lsa, men uni xotirjamlikka chaqiraman. Biz o‘zimizdan ancha yuqori bo‘lgan jamoa bilan o‘ynadik. Oldingi jamoalarga qaraydigan bo‘lsak, Yaponiya kecha Trinidad va Tobagoni yuta olmadi. O‘z maydonida. Trinidad va Tobago FIFA reytingida nechanchi o‘rinda? Biz uchun asosiysi – har qanday vaziyatga tayyor bo‘lishimiz kerak.
Mag‘lubiyatdan keyin jamoaning kayfiyati yo‘q, deb o‘ylayotgan bo‘lishingiz mumkin. Lekin unday emas. Jamoada kayfiyat a’lo. Biz o‘z yo‘limizni tanladik. Bu yo‘l kimgadir yoqmasligi mumkin. Bu kimgadir yoqmasa, men bunga vaqt sarflab o‘tirmayman. Jamoa hozir yaxshi holatda.
Muxlislar kayfiyati bo‘lmasligi mumkin, chunki Turkiyaga yutqazdik. Kimdir gap 4:4:2 taktikasida deyishi mumkin. Tarkibda yangi futbolchilar bor, ularni sinab ko‘ryapmiz. Masalan, Quvondiq Ro‘ziyev yomon o‘yin o‘tkazdi. Lekin bu bo‘lishi mumkin. Sizlar murabbiy sifatida uni ko‘ra olmaysizlar. Undan nima so‘rashni men bilaman.
Men jamoani juda yaxshi kayfiyatda ko‘ryapman. Ular xotirjam. Chunki futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz doim g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Yutqazgan o‘yinimizda ham yutuqlarimiz bo‘lishi mumkin. So‘zlarimni sabr bilan eshitganingiz uchun uzr va katta rahmat», – dedi Kuper anjumanning kirish qismida.
– Jamoaga kelganingizda: «Bir oydan keyin jamoaning yangi qiyofasini ko‘rasizlar» deb aytgandingiz.
– Bilmayman, balki aytgandirman. Tajribamdan kelib chiqib javob beraman. Bilasiz, Misrda ishlaganman. Qancha vaqtdan keyin kuchli jamoa bilan o‘yin o‘tkazganmiz, bilasizmi? 1 yil-u 4 oydan keyin. Kolumbiya bilan o‘ynadik o‘shanda. 0:0 o‘ynagandik. Bir oy hech narsa emas. Bir oy ichida, to‘g‘ri, shakllantirishga harakat qilishimiz mumkin, lekin men bir oy deganimni boshqacha tushungan bo‘lishingiz mumkin. O‘yin kartinasi yaxshilanishini, masalan.
O‘tgan o‘yinda himoyada 2-3ta xato qildik. Standartdan keyin ikkita gol urishdi. Kichkinagina xatoni kuchli jamoalar kechirmaydi. Urugvay ham burchak to‘pidan keyin gol urdi. Janubiy Koreya burchak zarbasidan ikkita gol urdi. Bu – mening xatom. Tan olaman.
– Jamoaning ayrim futbolchilari o‘z saviyasidan pastroq o‘ynayapti. Masalan, Javohir Siddiqov.
– Xo‘p, Osiyo kubogiga qaytamiz. O‘yinchilarning o‘yini ba’zida o‘xshamasligi mumkin. Bunga mening taktikam sabab bo‘lishi ham mumkin.
Javohirga men o‘yinda to‘la erkinlik beraman. O‘yinida ba’zan ko‘tarilish, ba’zan o‘sish bo‘lib turadi. Taktika esa juda keng qamrovli tushuncha.
– Turkiya bilan o‘yindan qoniqqaningizni aytdingiz. Ayting-chi, aynan nimadan qoniqdingiz?
– Natijadan qoniqmadim, chunki standartdan ikkita gol o‘tkazib yubordik. Lekin birinchi navbatda ijobiy o‘yin ko‘rsatgan futbolchilarni kuzatdim. O‘yinimizda yaxshi o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rdim. Standartdan ikkita gol o‘tkazdik, demak himoyada yaxshi o‘ynadik – o‘yin holatidan gol o‘tkazmadik.
Yangi o‘yinchilarni sinab ko‘rishda davom etamiz. Ularning o‘yini o‘xshashi yoki o‘xshamasligi mumkin. Bu – mening tanlovim, mening taktikam. Ko‘p o‘yinchilarni faqat eksperiment qilib ko‘ryapmiz. Turkiya bilan o‘yindan 1-2ta aspektlardan mamnunman, lekin bularni aniq aytish niyatim yo‘q.
– Himoyadagi o‘yinimiz muammoli. Standart vaziyatlardan gol o‘tkazib yuborgan futbolchilarimizda tajriba yetarli va bu yerda xatolar uchun javobgar murabbiy emas. Murabbiy ularga qanday ta’sir ko‘rsata olishi mumkin?
– Gollarda ayb Anzurda emas. Standart vaziyatlardan o‘tkazib yuborilgan gollar vaziyatida yo‘l qo‘yilgan xatolar ustida ishlayapmiz. Kecha mashg‘ulotlarga jurnalistlarni qo‘ymasdan, yopiq eshiklar ortida mashq qildik. Bu faqat muayyan futbolchilarning muammosi emas.
– Denisov yana chaqirilmadi. Krimets bilan tandemda barqaror o‘ynayotgan A’zamov yo‘q. Ashurmatov ham. Ularni chaqirmasligingiz taktika bilan bog‘liqmi?
– Chaqirilmay qolgan faqat shu uchalasi deb o‘ylaysizlarmi? 33 million aholi ichidan? Men bunday fikrda emasman. Biz terma jamoaga nomzod bo‘lgan barcha o‘yinchilarni chaqirishga harakat qildik. Hatto Germaniya uchinchi divizionida o‘ynayotgan futbolchimizning o‘yinlarini ham kuzatdik. Qarorim xato bo‘lsa, aybdor ham men bo‘laman.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston – KXDR uchrashuvi 7 iyun kuni Toshkentdagi «Milliy» stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin soat 20:00da boshlanishi belgilangan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi