1 995
Uchta jamoada murabbiy bo‘lib ishlash osonmi? Yoxud Timur Kapadze barcha masalaga oydinlik kiritdi
“Lokomotiv” birinchi davrada o‘ziga o‘xshamaganidan keyin, rahbariyat ikkinchi davra oldidan murabbiylar shtabida o‘zgarishlarga qo‘l urdi va bosh murabbiylikka Andrey Miklyayevni tayinladi, unga esa Timur Kapadzeni yordamchi bo‘lishi e’lon qilindi.
Lekin bu Kapadzening yagona ish joyi emas. U O‘zbekiston milliy terma jamoasida yordamchi va yoshlar terma jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishlab kelayotganidan yaxshi xabardorsiz. U bira to‘la uchta joyda ishlashga qiynalib qolmasmikin?
Qolaversa, uni klubda asosiy ishni bajarayotgani haqida ham eshitmoqdamiz. Ikkinchi davraning ilk turida esa “Loko” “Andijon” maydonida qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Ushbu bellashuv davomida aynan Kapadze maydon chetida futbolchilarga ko‘rsatma berib turdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati kelasi yilga qoldirilgani uning rejalariga qanchalik ta’sir o‘tkazdi? Yaqinda esa Tojikistonda mezbonlarga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazilib, bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etildi. Xullas, Timur Kapadzening yuqoridagilar yuzasidan bildiradigan fikrlari muhim edi. Shu bois “Andijon” bilan bellashuvdan so‘ng mutaxassis sports.uz muxbiri bilan muloqotga kirishdi va dastlab ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshlagan o‘yin haqidagi taassurotlari bilan boshladi.
“Bu o‘yin bitta golgacha edi”
- Andijonda qiyin o‘yin bo‘lishi aniq edi. Bunga ko‘p faktorlar bor edi. Birinchidan, “Lokomotiv” ham anchadan beri g‘alaba qozona olmay kelayotgani sababli har taraflama bosim bor edi, masalan, ruhiy va o‘ziga ishonch tarafdan. Ikkinchidan, biz safarda o‘ynadik. “Andijon” ham xuddi bizga o‘xshagan vaziyatda edi. Klubga yangi rahbar keldi, murabbiy almashdi. Shu sababli ular ham uchrashuvga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rgandi.
Shuning uchun yigitlarimizga ushbu bellashuv og‘ir o‘tishini, eng asosiysi g‘alaba qozonishimiz muhimligini, balki o‘yinimiz chiqmasligi mumkindir, lekin oxirigacha kurashishimiz kerakligini uqtirdik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Raqibni biroz bo‘lsa ham ko‘rib chiqqandik. Balki boshqa murabbiy kelgach, taktika jihatidan ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin bo‘lardi va buni faqat o‘yin kuni ko‘rdik. Umuman aytganda, maydonda o‘ynash og‘ir ekan. Bu ham baribir ta’sirini ko‘rsatdi.
Ayniqsa, kombinatsiya asosida o‘ynash uchun xalaqit qildi. Bunday maydonda to‘pni nazorat qilish qiyin. Faqat uzatmalar orqali o‘ynadik. Maydonda 10 ta o‘yinchi qolganimizda ham oxirigacha kurashdik. Yakunda esa birgina imkoniyatdan foydalandik. Bu o‘yinni birgina gol hal qildi. Agarda “Andijon” gol urganida bizga yanada qiyin bo‘lardi. Chunki ular himoyaga katta e’tibor qaratishardi. Umuman, bu o‘yin bitta golgacha edi. G‘alaba qozonganimizdan albatta xursandmiz.
“Natijaga murabbiylar shtabi javob beradi”
- “Lokomotiv” klubida bosh murabbiy Andrey Miklyayev. Natijaga esa murabbiylar shtabi javobgar. To‘g‘ri, mashg‘ulotlar va o‘yinlarga tayyorlashda birgalikda harakat qilyapmiz. Men o‘z tajribam bilan yordamlashyapman. Nima kerak bo‘lsa, hammasini maslahatlashyapmiz. Tarkib tuzishda ham birgalikda hal qilyapmiz. O‘yin davomida esa o‘zim maydon chetida futbolchilarga ko‘rsatmalar berib turdim. Chunki bunday uchrashuvlarda yigitlarga dalda berib turish kerak edi.
“Hech qachon termalarimiz ustida tavakkal qilib, boshqa ishga qo‘l urmayman”
- To‘g‘ri, uchta joyda deysizlar-u, lekin men faqat bir jamoada bosh murabbiyman. Ya’ni, O‘zbekiston U-19 terma jamoasini boshqaryapman. Milliy terma jamoada yordamchiman. “Lokomotiv”ga ham yordamchi bo‘lib keldim. Shu bois asosan bosh murabbiyning aytganlarini mashg‘ulotlarda bajaramiz. Milliy terma ham, U-19 ham har doim yig‘ilavermaydi. FIFA kunlarida yoki chempionatimizda to‘xtalishlar bo‘lganida terma jamoalar bilan yig‘ilamiz. Milliy hamda yoshlar termalarimizning o‘yinlari kelasi yilga qoldirilganidan keyin “Lokomotiv” taklif bilan chiqdi. Aslida ular anchadan beri birga hamkorlik qilishni istashayotgandi.
Biroq oktabr oyida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tishi bois rozilik bermagandim. Men uchun har doim terma jamoalar muhim bo‘lib qolaveradi. Nafaqat men, balki hammamiz uchun ham termalarimiz asosiy o‘rinda bo‘ladi. Hech qachon termalarimiz ustida tavakkal qilib, boshqa ishga qo‘l urmayman. Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati kelasi yilga qoldirilganidan so‘ng, “Lokomotiv” yana bir bor taklif bilan chiqdi. Rahbariyat ham mening bu klubga yordamlashishimga ruxsat berdi.
“Lokomotiv” qiyin vaziyatda edi. Ularga yordamlashmayman, desam ham balki noto‘g‘ri bo‘lardi. Axir bu jamoada ko‘p yillar to‘p surdim. Faoliyatimni ushbu klubda jamoa sardori sifatida tugatdim. Bosh murabbiy Miklyayev bo‘ladi, deyishdi va men yilning oxirigacha qo‘limdan kelganicha yordamlashaman, dedim. Futbolchilarni yaxshi taniyman. Ularga esa ruhiy va motivatsiya tarafidan yordam kerak edi. Bundan tashqari, murabbiy sifatida ham menga o‘sish uchun bu yana bir imkoniyat edi. Boya aytdim, milliy termamiz har doim ham to‘planmaydi. Yoshlar termasi esa kelasi oyda yig‘iladi.
Bunday paytda biz faqat futbolchilarni o‘yinlar davomida kim qanday o‘ynayotganini kuzatamiz. “Lokomotiv”da ishlashim esa terma jamoalarimizga ham yordam bo‘ladi. Masalan, avvalo murabbiy sifatida yana o‘saman. Biz doim maydonda bo‘lishimiz, mashg‘ulotlarda futbolchilar bilan ishlashimiz, ularni o‘yinlarga tayyorlashimiz lozim va albatta ish jarayonida o‘sib boramiz. Terma jamoa bir-ikki oyda yig‘iladi va ungacha biz seleksiya ishlari bilan shug‘ullanamiz. Hozirgi vaziyatda men “Lokomotiv”da murabbiylik bo‘yicha tajribamni yanada oshiryapman, shu bilan birga seleksiya ishlarini ham davom ettiryapmiz.
O‘rinbosarlar o‘yiniga ham boryapman, raqib jamoani ham ko‘ryapman. Qolaversa, milliy terma jamoa murabbiyi sifatida ham “Lokomotiv” bilan birga o‘yinlarga borganda raqib a’zolarini ham o‘rganib chiqamiz. Bunday omillar albatta murabbiy sifatida menga yordam beryapti. Mana shunday imkoniyat borligi uchun klub bilan yilning oxirigacha ishlashga rozi bo‘ldim. Lekin qachondir milliy yoki yoshlar terma jamoasining reja bo‘yicha yig‘ini bo‘lsa, u yerda qatnashaman. Bu borada biz rahbariyat bilan hammasini kelishib olganmiz. Qolgan paytda qo‘limdan kelganicha “Lokomotiv”ga yordamlashaman. Bu yerda vahimali holat yo‘q.
“7 oktabrda Malayziya bilan o‘yin o‘tkazish bo‘yicha kelishuvimiz bor edi”
- Rejalarimizni tuzib, Osiyo chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgandik. 7 oktabrda turnirdan oldin Malayziya bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvimiz ham bor edi. Ammo musobaqa keyingi yilga qoldirildi, deyishdi. Aniq sanasini bilganimizdan keyin yana shunga qarab reja tuzamiz va tayyorgarlikni davom ettiramiz.
“Tojikistonga qarshi o‘yinlar katta foyda beradi”
- Bu xalqaro uchrashuvlar katta foyda beradi, har bir futbolchiga. Ayniqsa, o‘zimizning chempionatdagi o‘yinlar bilan xalqaro darajadagi o‘yinlarning farqi bor. Xorij jamoalari bilan o‘yinlar esa yigitlarimizga ruhiy tomondan ham kuch beradi. Shu bois bunday uchrashuvlar kerak edi. Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha foydali. Tojikistonning bu yoshdagi jamoasining kuchli ekanligi haqida ko‘plab mutaxassislar ta’kidlab o‘tishgan. Shaxsan o‘zim ham ularni ko‘rmoqchi edim.
Chunki tojikistonliklar ham Osiyo chempionatida ishtirok etadi. Bunday uchrashuvlar har taraflama foydali bo‘ldi. To‘g‘ri, bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat bo‘ldi. Bilaman, natija kerak, ammo hozirgi kunda natijadan ko‘ra, boshqa jihatlar ham muhimroq. Yigitlarni sinab ko‘rish, ularni taktik va ruhiy tomondan tayyorlash, qanday kamchiliklarimiz borligini mana shunday o‘yinlar orqali ko‘rib olishimiz mumkin edi. O‘ylaymanki, Tojikistonga qarshi o‘tkazgan ikkala uchrashuvimiz foydali bo‘ldi. Ularga ham bu foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Birinchi o‘yinda yutdik, ikkinchi bellashuvda ham aslida yutqazmasligimiz kerak edi. O‘yin bo‘yicha olib qarasak, tarkibimizdagi yangi nomzodlar ham o‘zlarini ko‘rsatishdi. To‘g‘ri, ozgina kamchiliklar bor. Biroq boya aytganimdek, o‘yin bo‘yicha yutqazmasligimiz kerak edi. Yaratilgan imkoniyatlar esa bizda ko‘proq edi, ammo foydalana olmadik. Ularda esa beshta zarbadan to‘rttasi gol bilan yakunlandi.
O‘sha kuni qandaydir omadsizlik, bo‘ldi desam ham bo‘ladi. Ikkinchi darvozabonimiz birinchi ligada o‘ynaydi, ammo o‘yin amaliyoti yetarli emasligi ham pand berdi, deb o‘ylayman. Mayli, bunaqasi ham bo‘lib turadi. Baribir yigitlarimizni shunday o‘yinlar orqali tekshirib olishimiz va yana nimalar ustida ishlashimizni aniqlab olishimiz lozim edi. Murabbiylar shtabi uchun albatta foydali bo‘ldi, ushbu bahslar.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda