date

Nukus–Urganch poyezdi chiptalari ikki baravar qimmatlashadi


“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan “O‘zjeldo‘rpass” yo‘lovchi temir yo‘l operatori Nukus va Urganch orasidagi shaharlararo yo‘nalish chiptalari narxining o‘zgarishi haqida ma’lum qildi. Joriy yilning 22-noyabridan boshlab ushbu yo‘nalishda qatnovchi poyezd chiptalari narxi ikki baravar oshadi.

E’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, kattalar uchun chipta narxi 20 ming so‘mdan 40 ming so‘mga oshadi. Bolalar uchun esa chipta narxi 11 500 so‘mdan 21 500 so‘mga ko‘tariladi.

Kompaniya ushbu choralarning sababini “xizmat sifatini yaxshilash va yo‘lovchilar uchun qulay muhit yaratish” zarurati bilan izohladi. Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus va Xorazm viloyatining ma’muriy markazi bo‘lgan Urganchni bog‘lovchi mazkur yo‘nalish 27-sentyabrda ishga tushirilgan edi.

Elektr poyezd (6354/6353 reyslari) belgilangan jadval asosida har kuni qatnaydi. Poyezd Nukusdan soat 05:30 da jo‘nab, 08:50 da Urganchga yetib boradi.

Qaytish poyezdi esa Urganchdan 15:30 da jo‘nab, 18:50 da Nukusga yetadi. Mazkur tariflarning oshirilishi ayniqsa Milliy statistika qo‘mitasining oktyabr oyidagi ma’lumotlari fonida e’tiborga molik.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab shahar atrofi elektr poyezdlarida yo‘lovchi tashish o‘rtacha narxi 2,5 foizga oshgan bo‘lsa, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar chiptalari narxi o‘tgan oyda 0,2 foizga pasaygan. Bundan tashqari, oktyabr oyining oxirida Transport vaziri Ilhom Mahkamov davlat transport kompaniyalari, jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zAirways” va “Uzbekistan Airports”ga yil yakunida xizmatlar tannarxini 20 foizga qisqartirish vazifasi qo‘yilganini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, u davlat kompaniyalari xarajatlarini optimallashtirish va 2026-yilgacha tannarxni pasaytirishga qaratilgan qaror tayyorlanayotganini ham e’lon qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nukus–Urganch poyezdi chiptalari ikki baravar qimmatlashadi