date

FIFA Azizbek Abdumo‘minovni “Oltin butsa” da’vogari sifatida qayd etdi

FIFA Azizbek Abdumo‘minovni “Oltin butsa” da’vogari sifatida qayd etdi

Qatarda o‘tkazilayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Bu yilgi mundial o‘z tarixida ilk bor 48 ta mamlakat terma jamoalari ishtirokida o‘tkazilayotgani bilan tarixga kirdi. Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) tomonidan tashkil etilgan bu musobaqa yosh iste’dodlar uchun katta sahnaga aylanmoqda.

FIFA rasmiy sayti musobaqaning ilk turidan so‘ng “Oltin butsa” uchun kurashda yetakchi bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Chexiya terma jamoasi a’zosi Vit Shkrkon birinchi uchrashuvda xet-trik qayd etib, to‘purarlar poygasida yakka peshqadam sifatida qayd etildi.

Shu bilan birga, ikkitadan gol urgan to‘qqiz nafar futbolchi ham reytingda yuqori pog‘onalarni egallab turibdi. Ular orasida Tunisning Fedi Tayechi va Vassim Slamasi, Portugaliyalik Anisio Kabral, Braziliya vakili Dell, Zambiyadan Abel Nirongo, KXDR futbolchilari Ri Kan Rim va Kim Yu Jin, Chexiyalik Petr Potmesil hamda o‘zbekistonlik Azizbek Abdumo‘minov bor.

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi ilk bahsni Paragvayga qarshi o‘tkazib, 2:1 hisobida zafar quchdi. O‘yinda ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan Azizbek Abdumo‘minov nafaqat bahs qahramoniga, balki FIFA tomonidan to‘purarlar ro‘yxatidagi yetakchi nomzodlardan biri sifatida qayd etildi.

FIFA ma’lumotida ta’kidlanishicha, yoshlar chempionati doimo yangi yulduzlar va kelajakda katta sahnaga chiqadigan futbolchilarni kashf etadi. Ilgari ham U-17 musobaqalari orqali ko‘plab mashhur futbolchilar o‘z yo‘lini boshlagan — ular orasida jahon futboli afsonalariga aylangan o‘yinchilar ham bor.

Islom Ismoilov shogirdlari uchun keyingi sinov — juma kuni bo‘lib o‘tadigan Irlandiya Respublikasiga qarshi bellashuv bo‘ladi. Irlandiya birinchi turda Panamani yirik 4:1 hisobida mag‘lub etgani sababli, mazkur to‘qnashuv “J” guruhida peshqadamlik taqdiri uchun hal qiluvchi bahs bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilarining jismoniy tayyorgarligi, taktik harakatlari va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi yosh muxlislar orasida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Mahalliy sport tahlilchilari fikricha, agar Azizbek Abdumo‘minov o‘z o‘yinini shu tempda davom ettirsa, u nafaqat jamoa yetakchisi, balki butun chempionat yulduziga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston muxlislari esa endigina katta sahnaga qadam qo‘ygan bu yosh avloddan yangi g‘alabalar va yorqin lahzalar kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » FIFA Azizbek Abdumo‘minovni “Oltin butsa” da’vogari sifatida qayd etdi