date

FIFA: Azizbek Abdumo‘minov O‘zbekistonning yashirin quroli bo‘ldi

FIFA: Azizbek Abdumo‘minov O‘zbekistonning yashirin quroli bo‘ldi

Qatarda bo‘lib o‘tayotgan 17 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’lo debyut bilan barchani hayratga soldi. FIFA rasmiy saytida e’lon qilingan tahliliy maqolada o‘zbek futbolining yosh iqtidori Azizbek Abdumo‘minov haqida alohida ta’kidlandi. Tashkilot mutaxassislari uni musobaqaning ilk qahramonlaridan biri, deb baholadi.

FIFA ekspertlariga ko‘ra, bosh murabbiy Islom Ismoilovning intuitsiyasi Paragvayga qarshi uchrashuvda to‘liq o‘zini oqladi. Hujumkor yarim himoyachi sifatida tanilgan Azizbekga kutilmaganda hujumda asosiy rol berildi va u bu ishonchni to‘liq oqladi — jamoaga 2:1 hisobida g‘alaba keltirdi.

“Futbolda taktik sir saqlash qiyin bo‘lgan zamonda Ismoilovning bu qarorini mukammal deb aytish mumkin. Azizbek nafaqat hujumda faol, balki qanotlarda ham juda harakatchan bo‘ldi. Uning raqib himoyachilari bilan duellardagi ustunligi butun jamoani ilhomlantirdi”, — deb yozadi FIFA tahlilchilari.

O‘zbekiston jamoasi FIFA tomonidan jahon chempionatidagi ilk bellashuvda g‘alaba qozongan ilk Osiyo chempioni sifatida qayd etildi. Islom Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, Abdumo‘minov bu uchrashuv uchun “yashirin qurol” bo‘lgan. “Biz har bir o‘yinga ikki maqsad bilan chiqamiz: vatanimiz sharafini himoya qilish va har bir futbolchining salohiyatini to‘liq ochish. Abdumo‘minov birinchi o‘yin uchun to‘liq tayyor edi va buni maydonda ko‘rsatdi”, — dedi murabbiy.

Shogirdi haqida gapirar ekan, Ismoilov uning mehnatsevarligi va intizomiga alohida to‘xtalib o‘tdi: “Azizbek har bir mashg‘ulotda borini beradi. Uning mehnati maydonda natija berdi”.

Aslida Abdumo‘minovning terma jamoa tarixidagi natijalari katta e’tiborga arzimas edi — u ilgari 13 ta o‘yinda maydonga tushib, birorta gol urmagandi. Biroq Qatardagi debyuti uni butun dunyoga tanitdi. U Paragvay darvozasiga ikki bor to‘p kiritib, “o‘yin qahramoni” sovrinini qo‘lga kiritdi.

“Bu tuyg‘uni so‘z bilan ifoda etish qiyin. Bu faqat mening emas, butun jamoamizning yutug‘i. Murabbiylar menga ishongani uchun minnatdorman”, — dedi Azizbek o‘yindan keyingi suhbatda.

Bosh murabbiyning to‘purar Asilbek Aliyevni zaxirada qoldirib, Azizbekka ishongani katta tavakkal bo‘lgan, ammo u to‘liq o‘zini oqladi. Endi yosh futbolchi o‘z oldiga yana katta maqsad qo‘ygan: “Biz bu yerga shunchaki qatnashish uchun kelmadik. Biz sovrin uchun kurashamiz va O‘zbekiston sharafini yuksaltirishga harakat qilamiz”, — dedi u.

Azizbek bolaligidan Krishtianu Ronaldu va Jud Bellingemni o‘ziga ibrat qilib kelgan. Shuning uchun ham u birinchi golni urgach murabbiyni quchoqladi, ikkinchisidan keyin esa Ronaldu uslubida bayram qildi.

FIFA maqolasida yozilishicha, bu g‘alaba nafaqat O‘zbekiston yoshlar jamoasi uchun, balki butun mamlakat futboli uchun katta qadam hisoblanadi. Abdumo‘minovning harakatlari esa yosh avlod uchun yangi umid ramzi sifatida baholandi.

Endilikda Islom Ismoilov shogirdlari guruh bosqichining ikkinchi uchrashuvida Irlandiyaga qarshi bellashadi. Ushbu muhim o‘yin 8-noyabr kuni soat 20:45 da start oladi va futbol ishqibozlari yana bir yorqin tomoshani kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » FIFA: Azizbek Abdumo‘minov O‘zbekistonning yashirin quroli bo‘ldi