11:50 / 26.12.2020
2 259

G‘irromliklarga duch kelsam, futboldan umuman ketaman, boshqa yaqinlashmayman - Odil Ahmedov

G‘irromliklarga duch kelsam, futboldan umuman ketaman, boshqa yaqinlashmayman - Odil Ahmedov
Har safar Odil Ahmedov bilan suhbatlashish qiziqarli. Lekin bunga doim ham imkoniyat bo‘lavermaydi. Buning uchun uning yurtimizga kelishini kutishga to‘g‘ri keladi.

U bilan ko‘pincha yil yakuniga yaqin suhbat uyushtirishni an’anaga aylantirib boryapmiz. Bu safar ham terma jamoamiz yetakchisining Toshkentda ekanligidan foydalanib unga o‘zimizning taklifimizni bildirdik.

Hozir futbol bahslari tugagan bo‘lsa ham Ahmedov bekor yurgani yo‘q. Ayniqsa, tashkiliy masalalar bo‘yicha ishi ko‘p. Vaqti tig‘izligiga qaramay, intervyu berishga rozilik berdi.

“Xitoydan keta olmasdim yoki qishgacha futbol o‘ynamasligim kerak edi”

- Yakuniga yetayotgan yilda mavsumni ikkita klubda o‘tkazdingiz. “Shanxay SIPG”da boshlab, “Tyanszin Teda” klubida tugatdingiz. Ochig‘i, jamoangizni o‘zgartirishingizni kutmagandik. Ayniqsa, Xitoyning yetakchi jamoalaridan birini tark etib, ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan klub safiga qo‘shildingiz. Yoki “Shanxay SIPG” bilan o‘rtangizda kelishmovchilik yuz berdimi?
- Bilasizmi, bu vaziyatni sizga ochiq-oydin 100 foiz gapirib bera olmayman. Ammo detallarini aytib o‘taman. O‘sha mahalda pandemiya davri edi va biz shu sharoitda chempionatni boshladik. Ozgina vaqt o‘tganidan keyin klub shunday qarorga keldi, men bilan...shartnomada shunday bandlar borki, buni gapirish uchun ancha vaqt ketadi va bu haqida aytishni joiz deb ham bilmayman. Shuning uchun “Shanxay SIPG” bilan kelishgan holatda xayrlashishga to‘g‘ri keldi. Aytganimdek, o‘sha paytda pandemiya bo‘lgani sababli boshqa mamlakatlardagi takliflarni ko‘rib chiqish imkoni bo‘lmadi. To‘g‘ri, takliflar bo‘ldi, biroq o‘sha mahalda parvozlar amalga oshirilmayotgandi, to‘siqlar paydo bo‘lgandi.

“Teda” klubi esa menga aloqaga chiqib, jamoaga yordamim kerakligi va jamoani olib qolishimiz lozimligini aytishdi. Bu o‘zim uchun ham yangilik bo‘ldi. Har doim ham chempionlik uchun kurashgan jamoalarda to‘p surganman. Birinchidan, bu safar ligada qolish uchun kurashayotgan klub tarkibida o‘zimni sinab ko‘rgim keldi. Ikkinchidan Xitoydan keta olmasdim yoki qishgacha futbol o‘ynay olmasligim kerak edi. Shu vaziyatlarni har tomonlama sarhisob qilib, “Teda” jamoasiga o‘tishga qaror qildim. Qo‘ldan kelgancha yordam berdim va jamoani olib qoldik. Men kelgan paytda klub oxirgi o‘rinda edi, yil yakunida 10-o‘rinda tugatdi.

- Yangi mavsumni ham Xitoy chempionatida davom ettirasizmi yoki rejalaringiz o‘zgaryaptimi?
- Hozirgi vaziyatga tayanib aytadigan bo‘lsam, o‘sha klubim bilan yana ikki yillik shartnoma tuzganman.

- “Odil junior” futbol maktabiga qiziqishimiz baland. U yerga murabbiylik uchun ko‘zga ko‘ringan sobiq futbolchilarni taklif qilgansiz. Ayting-chi, futbol maktabidagi ish jarayonidan ko‘nglingiz to‘lyaptimi yoki...
- Har bir sohada ko‘nglingiz to‘lsa, to‘xtab qolasiz. Hali kamchiliklarimiz va qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Reja bo‘yicha qarasak, hali ishni yarmigacha ham yetib bormaganmiz. Hali kelajakda rejalarimiz ko‘p. To‘g‘ri aytdingiz, murabbiylikka oldingi sobiq futbolchilarni olganman. Inson hammasiga o‘z harakati va mehnati bilan erishishi kerak. “Odil junior”da ishlayotgan hamma-hamma rivojlanishga harakat qilyapmiz. Bu bosqichma-bosqich amalga oshadi, degan umiddaman. Vaqti kelib “Odil junior”ni yaxshi darajaga olib chiqmoqchimiz. Shunday niyatlarimiz borki, o‘zimizdagi yosh iste’dodlarni Yevropada o‘ynatish niyatimiz bor.

“Faoliyatimni “Navbahor”da yakunlash niyatim ham bor edi”

- Xitoyda klubingizni o‘zgartirganingizdan keyin bu yerda shunday gap tarqaldi: Odil Ahmedov O‘zbekistonga qaytib, faoliyatini “Navbahor”da yakunlar ekan! Shunday ekan, o‘zingiz vaziyatga oydinlik kiritsangiz.
- Shunaqa niyatim ham bor edi. Ko‘proq ota-onam bilan birga bo‘lish maqsadim bor edi. Afsuski, pandemiya tufayli dadam olamdan o‘tdi. Shundan keyin futbol o‘ynash ham yurakka sig‘may qoldi. Boshqa narsalar haqida o‘ylashga ham vaqt bo‘lmadi. Onam bilan maslahatlashdim. “O‘g‘lim, kuching bor ekan, o‘ynayvergin”, dedilar. Shuning uchun yana Xitoyga borib faoliyatimni o‘sha yerda davom ettirishni ma’qul deb bilyapman, hozircha.

- “Navbahor”ga taalluqli yana bir savol. Hozir klubga kim bosh murabbiy bo‘lishi rosa muhokama qilinyapti. Ayniqsa, Samvel Babayanning jamoani boshqarishi haqida ko‘p gapirilyapti. Qizig‘i, “Navbahor”ga bosh murabbiy tayinlash masalasida siz faollik ko‘rsatayotganingiz haqida ham eshitdik. Bu qanchalik haqiqat?
- Menga maslahat so‘rab chiqishadi. Ammo hech qachon buni ishlatish kerak yoki unisini, degan ko‘rsatmani bermayman. Murabbiylar masalasi bo‘yicha ularda nomzodlar bor edi. O‘sha nomzodlar orasida Samvel Babayan ham bo‘lgan. Oxirgi so‘zni baribir viloyat hokimi aytadi. Qaysi birini ma’qul ko‘rishsa, o‘sha bilan hamkorlik qilishadi.

“Oldingi terma jamoamiz hozirgisidan kuchliroq edi”

- 33 yoshdasiz, kelasi yili 34 ga kirasiz. Vaqt o‘tyapti, biroq terma jamoamiz bilan jahon chempionatida qatnashish orzuingiz armonga aylanib boryapti. Bu safargi urinish siz uchun oxirgi imkoniyat. Nazarimda, bu o‘zingiz uchun ham og‘riqli holat bo‘lsa kerak...
- Har bir futbolchining orzulari bo‘ladi. Men esa oldimga qo‘ygan niyatlarimga ozmi-ko‘pmi erishganman. Orzularimdan biri terma jamoamiz bilan jahon chempionatida ishtirok etish va buni juda xohlayman. Ammo siz aytib o‘tganingizdek, vaqt, yosh o‘tib boryapti. Terma jamoa ichida o‘yinim pasayganini yoki jismoniy holatim o‘zgarib qolganini sezsam, albatta o‘sha kuni terma jamoadagi faoliyatimni tugataman.

Bunga real qarash kerak. Har doim aytganman: mendan kuchli futbolchilar chiqib, o‘rnimda bemalol o‘ynay olishsa termadan ketishga tayyorman. Insonning jismoniy holatini o‘zidan boshqa hech kim bilmaydi. Bir yildan keyin ham, ikki yildan keyin ham shunaqa sport formasida bo‘laman, deyishim mumkin. Biroq vaqt o‘tgani sari organizm charchab qolishi va formasini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Albatta, terma jamoamiz libosida jahon chempionatida to‘p surishni orzu qilaman. Buni vaqt ko‘rsatadi va Xudo biladi.

- Terma jamoamizdagi vorisingiz sifatida kimni ko‘ryapsiz?
- Mening pozitsiyamda terma jamoamizda o‘zimga yoqadigan futbolchilar bor. Odil Hamrobekov, Aziz G‘aniyev, Oston O‘runov...bular kelajakda yaxshi harakat qilishsa, mendan ham yaxshiroq natijalarga erishadigan futbolchilar.

- Terma jamoamizning ayni paytdagi holatiga real qaraylik, ko‘pchilik tashvishda. Hali ikkinchi saralash bosqichi yakunlanmagan, ammo vazifani bajarganimiz yo‘q. Sizning fikringiz qanday?
- Vaziyat juda qiyin. Milliy termada 2007 yildan beri to‘p surib kelyapman. Hozirgi terma bilan avvalgisini taqqoslaganda, futbolchilarning darajasi bo‘yicha ham oldingi jamoalarimiz kuchliroq bo‘lgan. Lekin imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Hammasi maydonga tushadigan futbolchilarga ko‘proq bog‘liq deb bilaman. Harakat qilish kerak. Jahon chempionatiga chiqishni maqsad qilgan terma jamoa juda ko‘p mehnat qilishi shart, har taraflama. Qolgan terma jamoalarga qaraganda mundialga chiqishni ko‘proq xohlash kerak. Ana shunda natija bo‘lishi mumkin.

“Qo‘limda “Nitssa” bilan “Shanxay SIPG”ning 100 foizlik shartnomalari bor edi, men Xitoyni tanladim”

- Yaqinda Rossiya matbuotida Oston O‘runovning yosh bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirganingizni o‘qidik. O‘runovga “Spartak”dagi faoliyatida tashqi bosimlar ham xalaqit berayotgandek. Chunki u klubida ko‘proq zaxirada qolyapti. Oston u yerga biroz erta ketdimi?
- Bu futbolchida hamma narsa bor. Rossiya chempionatida olti yil o‘ynaganman. U yerdagi chempionat qanaqaligini bilaman. Asosan jismoniy holatga ko‘proq e’tibor beriladi. Ostonda shu narsalar bor. Orada nima bo‘ldi? “Spartak”ka borib biroz o‘ynadi, keyin jarohat oldi. Futbolda shunaqa narsa borki, jarohatdan so‘ng o‘yinchining tiklanishi oson bo‘lmaydi. Birinchidan, tiklangandan keyin ham o‘sha darajada to‘p surish qiyin. Ikkinchidan, Rossiyada “Spartak”dagi kabi jonkuyar muxlislar boshqa joyda topilmasa kerak. Haqiqatan ham u yerda bosim kuchli. Bu narsa baribir futbolchining ruhiyatga ta’sir qiladi. Ammo O‘runov hozirgi holatida ham “Spartak”da bemalol o‘ynab keta oladi. Faqat unga imkoniyat berish kerak. Rossiyaning boshqa klubida to‘p surish uchun Ostonda barcha xususityalar mujassam.

- Yosh bilan bog‘liq mashmasha uning ruhiyatiga ta’sir qilyapti, deb o‘ylaysizmi?
- Uni bilaman. Ruhiy jihatdan ham kuchli futbolchi. Agar ruhiy tomondan kuchsiz bo‘lganida Rossiyada bu darajada o‘ynay olmasdi. U ancha-munchaga “sinib” qolmaydi. Bu futbolchi uchun kerakli xususiyat.

- Rossiyada sizdan keyin Eldor Shomurodov ko‘zga tashlandi va keyinchalik Italiya A seriyaga yo‘l oldi. Uning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Shomurodovni yaxshi bilaman. Har doim gaplashib turamiz. Yevropa futbolida o‘zbek o‘yinchilarining o‘ynab ketish imkoniyati yuqori. Chunki Yevropa chempionatlarida texnik futbol ham ichiga kirib ketgan. Rossiyada qo‘pol futbol bo‘lsa, Yevropada o‘ynashga ham beradi. Eldorning bemalol o‘ynab ketishiga shubha qilmayman, ikkilanish ham yo‘q. Bundan buyog‘iga hammasi futbolchining o‘ziga bog‘liq. Unga omad tilayman. “Jenoa”da to‘xtab qolmasdan yanada kuchliroq klublarga ketishini istayman. Bu uning qo‘lidan keladi. Shomurodovda Rossiya chempionatidagi va terma jamoadagi tajriba bor. Mana, endi Italiya chempionatida tajriba orttiryapti.

- Sizda ham top-beshlik chempionatlaridan birida to‘p surish imkoniyati bor edi. Agar 10 yil orqaga qaytsak, faoliyatingizda nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
- Nimanidir o‘zgartirardim, desam noto‘g‘ri bo‘lardiyu, menga ham takliflar bo‘lgan. Menimcha, Yevropadan tushgan takliflarni Rossiyaga borgan dastlabki yillarimda ko‘rib chiqqan bo‘lardim.

- Bizga qiziq, o‘sha mahalda qo‘lingizda aniq qanday takliflar bor edi?
- Real qarasak... oxirgisini aytadigan bo‘lsam, Fransiyaning “Nitssa” klubidan taklif bor edi. Qo‘limda ikkita 100 foizli shartnoma turgandi: biri “Shanxay SIPG”, ikkinchisi “Nitssa”. Men esa Shanxayga ketganman. Buni har taraflama o‘ylaganman. Moliyaviy tomondan ham “Shanxay SIPG” da yaxshiroq bo‘lgani uchun o‘sha yerga ketganman.

“Dadamning vafotidan keyin futbolni tugatish niyatim ham yo‘q emasdi”

- Odatda xorijdagi legionerlarimizga chempionatimiz darajasi yaxshiroq ko‘rinadi. Balki biz ilg‘amagan jihatlar sizlarga tashqaridan yaqqol ko‘rinishi mumkin. Superligamiz qay holatda yoki qanday maslahat bera olasiz?
- Superligani kuchaytirish masalasi bo‘yicha O‘FA rahbarlari ham ishlashyapti. Hamma halol bo‘lishi kerak. Har doim halol futbol tarafdoriman. Futbolchimi, murabbiymi, hakammi, barchasi o‘z ishini sidqidildan bajarishi kerak. Shundagina chempionatimiz rivojlanadi, deb o‘ylayman. Futbolimizda kamchilik, muammolar bo‘lgan. Bularni albatta bartaraf qilish kerak.

- “Paxtakor”ning boshqalardan yaqqol kuchliligi chempionatimizni zerikarli bo‘lib qolishiga turtki bo‘lmayaptmi?
- Turtki bo‘ladi. Boshqa chempionatlarga qarasangiz, masalan, Xitoyda ham chempionlikka 5-6 klub kurashadi. Qachonki, raqobat bo‘lsa, maqsadga qiyinchilik bilan erishishingizni bilsangiz shunda qiziq bo‘ladi. “Paxtakor”ning gegemonligi tufayli menimcha jamoa futbolchilarining o‘ziga ham chempionatning qizig‘i qolmagan. Ularga raqobatchi yo‘q. “Paxtakor”ning gegemonligi chempionatning qiziqarli bo‘lishiga ham to‘sqinliq qilyapti deb o‘ylayman. Bunga yarasha yana 3-4 ta kuchli klub bo‘lishi kerak. Ammo o‘sha darajada bo‘lishi uchun “Paxtakor”dagi kabi futbolchilar ham yetishmaydi.

- Shota Arveladzening ketganiga munosabatingiz qanday?
- Arveladze qo‘lidan kelganicha harakat qildi. Bizga bunday murabbiylar birgina “Paxtakor”da emas, yana boshqa jamoalarimizda ham kerak. O‘zining talabini qo‘ya oladigan, futbolchilarga aytgan gapini o‘tkaza oladigan Shota singari mutaxassislar kerak, deb hisoblayman.

- “Paxtakor” yetakchisi Jaloliddin Masharipov ham legionerga aylanishga yaqin turibdi. Uning futbolimizga foydali bo‘lishi uchun qayerda to‘p surishini xohlardingiz?
- Birinchidan, u barqaror o‘ynay oladigan jamoaga borishi kerak. Masharipovni Yevropaga ketsin deyishim ham mumkin. Ammo u yerga borib o‘ynamasa, bu futbolimiz uchun salbiy bo‘lib qolishi mumkin. Futbolda birinchi kerakli jihat – bu o‘yin amaliyoti. Qayerga ketsa ham “Paxtakor”dagi kabi mavqega ega bo‘lishi zarur deb hisoblayman.

- Faoliyatingizni yana necha yil davom ettirishingiz mumkin?
- Bilasizmi, doim futbolni dadam uchun o‘ynaganman. Miyamda hamisha gapirgan gaplari, bergan maslahatlari turardi. Maydonga tushganimda har safar orqamda dadam borligini his qilganman. Hozir esa futbol o‘ynash yuragimga ham sig‘mayapti. Hattoki, futbolni tugatish niyatim ham yo‘q emasdi. Shu darajaga yetishishimga dadam sababchi bo‘lgan. Lekin dadamning ruhini shod qilish uchun ham yana biroz to‘p surishga qaror qildim. Ammo bu ko‘pga cho‘zilmaydi. Fikrimcha, bir yoki ikki yil bo‘lishi mumkin.

- Faoliyatingizni tugatgach, sizni murabbiy rolida ko‘ramizmi yoki futbolda boshqa shaxs sifatida qolmoqchimisiz?
- Murabbiy bo‘lishga xohishim bor. Lekin faoliyatimni tugatganimdan keyin murabbiy bo‘lmasligimning foizi ko‘proq deb bilaman. Futbol sohasida qolishga harakat qilyapmiz. Biroq futbolda g‘irromliklar ko‘proq bo‘ladi. Asosan chetda legioner sifatida o‘ynadim. Bu yerga kelib g‘irromliklarga, nohaqliklarga duch keladigan bo‘lsam, futboldan umuman ketaman, boshqa yaqinlashmayman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » G‘irromliklarga duch kelsam, futboldan umuman ketaman, boshqa yaqinlashmayman - Odil Ahmedov