"Paxtakor" - "Navbahor" to‘qnashuvidan so‘ng barchaning e’tibor markazida O‘tkir Yusupovning "sherlar" muxlisiga "hamla"si bo‘ldi, ammo biz o‘yindagi undan-da muhimroq omilga e’tiboringizni tortmoqchimiz.
Turlicha vaziyat
Bahs yakunlangach, ko‘plab muxlislar "Navbahor"ning o‘yinidan qoniqish hosil qilmaganini aytdi. Hatto, "lochinlar" ustozi Samvel Babayan ham jamoasi hujumda hech narsa qila olmaganini ta’kidladi. Bahs oldidan Slavche va Babayanda imkoniyatlar tengmidi? Albatta, yo‘q. To‘g‘ri, kimdir ikki mutaxassis ham bir vaqtda jamoa tepasiga keldi, deyishi mumkin, ammo...
Piter Xyuistra Shota Arveladze tashlab ketgan tayyor o‘yin sxemasini saqlab qolishga urindi va buni uddaladi ham. Bu uning o‘rnini egallagan Slavche Voyneski uchun bir muncha qulayliklar taqdim etadi. "Paxtakor" ustozi hammasini boshidan boshlashi shart emas. Shunchaki, soatdek ishlab turgan mexanizmning "murvatini burab qo‘yish" kifoya. Samvel Babayan borasida bunday deb bo‘lmaydi. U jamoani qabul qilib olgach, deyarli yangi tarkib shakllantirishga bel bog‘ladi. Avvaliga, o‘z uslubiga mos futbolchilarni jamoaga jalb etgan bo‘lsa, keyin qulay sxema asosida futbol qurishni boshladi. Bu uning joriy mavsumdagi atigi rasmiy 4-bahsi, xolos. Qandaydir taktik sxemalar borasida xulosa qilishga hali erta. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida ham namanganliklar ustozi aynan shu haqda fikr bildirdi:
"Bu OCHL darajasidagi o‘yin bo‘ldi. Biz imkoniyatlarimizning atigi 60 foizini ko‘rsata oldik, xolos. Qolgan o‘yinlar davomida ishlab, bor potensialimizni namoyish etishga harakat qilamiz".
Qaysidir ma’noda, mag‘lubiyatdan alamzada bo‘lgan muxlislar uchun bu bahonadek ko‘rinishi mumkin, biroq asl haqiqat ham shu. Dunyodagi hech bir mutaxassis deyarli 80 foiz yangi futbolchilardan tashkil topgan jamoa bilan ilk o‘yinlardanoq o‘z potensialini 100 foiz namoyish eta olmaydi. Buning imkoni ham yo‘q!
"Paxtakor" bilan bahs taqdirini nima hal qildi?
Birinchi navbatda, Superligamizdagi eng kuchli legioner Dragan Cheran effektini alohida e’tirof etish shart. Uning darajasidagi futbolchi O‘zbek klublarida boshqa yo‘q. Shunday ekan, bu "Paxtakor" uchun ichki birinchilik bahslarida qo‘shimcha imkoniyat taqdim etadi. "Navbahor" bilan o‘yinda ham aynan shu omil hal qiluvchi vazifani bajardi.
Bugun futbolimizda kuchli pleymeyker va hujumkor yarim himoyachilar taqchilligi ko‘zga tashlanmoqda. Nafaqat klublarimizda, balki terma jamoada ham. "Navruz Cup" musobaqasida Srechko Katanes variant yo‘qligidan Azizbek Omonovni aynan shu pozitsiyaga joylashtirishga majbur bo‘lgani so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin. Dragan Cheran esa, aynan shu zonaning O‘zbekistondagi "qiroli"ga aylangan. "Lochinlar" bilan o‘yinda Dragan Azim Ahmedov va Jokichni o‘zi bilan mashg‘ul qilibgina qolmay, kerakli pallada ortga chekinib, to‘p nazoratini jamoasiga olib berishni ham uddaladi. "Paxtakor" esa, o‘z tarkibidagi asosiy yulduzdan maksimum naf chiqardi. Aslida, bu ham jamoaning kuchli jihatlaridan biri.
Bugungi "Navbahor" tarkibi nomlar jihatida "Paxtakor"dan qolishmasligi mumkin, ammo bog‘lamlar, pozitsion hujum va intensiv futbolda bir qadam orqada. Futbolda nomlar rol o‘ynaganida, PSJ va "Manchester Siti" YECHL oltin medallarini hech kimga bermagan bo‘lar edi. "Paxtakor" gruziyalik mutaxassis davrida deyarli 4 yil davomida o‘z o‘yin falsafasini yaratdi va uni 100 foiz o‘zlashtirdi. Bugun esa, aynan o‘sha o‘yin falsafasi evaziga O‘zbekistondagi barcha klublar bilan o‘yinda asosiy favorit maqomini hech kimga bermay kelmoqda.
"Navbahor"ni kelajagi qanday?
Oldindan bir nima deyish mushkul, ammo zaxira o‘rindig‘ining kengligidan kelib chiqib, "Navbahor"ni chempionlik poygasidan chiqib ketdi, deyishga shoshilmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Bugungi "Paxtakor"ning fundamentini yaratib ketgan Shota Arveladze ham o‘zining Toshkentdagi ilk yillarida oltin medallarga yaqin ham kela olmagan edi. Shunday ekan, qanday qilib Samvel Babayandan 100 foizlik natija talab qilish mumkin? Hali qanot futbolchilari o‘rtasida "svyazka" yo‘lga qo‘yilmagan, markaz va hujum chizig‘idagi bog‘lamlar ishlanmagan, asosiy markaziy himoyachilar tandemi hali aniqlanmagan jamoadan kechagi o‘yinda g‘alaba kutish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Eng asosiysi, "sherlar" bilan to‘qnashuvda "Navbahor"da ruhiy qo‘rquv ko‘zga tashlanmadi. Ayrim epizodlarda, hatto, mezbonlar bosimda dosh bera olmay chekinganini ham guvohi bo‘ldik.
Namanganliklar yaxshi saviyadagi jamoa qurish borasida to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda. Hozir ularga vaqt kerak. Ulkan marralarga kichik qadamlar bilan yurib boriladi. Ortiqcha bosim, keraksiz haqoratlardan hech qanday naf yo‘q. "Lochinlar" ishqibozlari sabr bilan jamoa shakllanishini kutishi shart. Ikkinchi davraga qadar ularning sevimli jamoasi ancha yig‘iq jamoaga aylanadi. "Paxtakor" bilan Namangandagi "revansh" bahsi esa, muxlislar qilgan sabrning mevasiga aylanishi mumkin. Shunday ekan, yurakni kengroq qiling, hurmatli ishqibozlar! Superligadagi "gigantlar o‘yini" endi boshlanmoqda.
Ya. U.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi