
Ukrainadagi urush frontida zamonaviy tibbiyot har kun yangi sinovlarga duch kelmoqda. Harbiy tibbiyotning oldingi chizig‘ida esa endilikda bir oddiy, ammo hayotiy ahamiyatga ega vosita – magnit ekstraktori – askarlarning hayotini saqlab qolmoqda.
Ukraina harbiy xizmatchisi Serhiy Melnikning yuragiga dron hujumi vaqtida kirib qolgan metall bo‘lagi aynan shunday qurilma yordamida olib tashlandi. Bu texnologiya an’anaviy jarrohlik usullaridan farqli o‘laroq, yurakka katta kesiklarsiz kirish va xavfni kamaytirish imkonini berdi.
Serhiyning hikoyasi ko‘plab jangchilarning fojiasiga o‘xshaydi. “Bu bo‘lak buyragimni chizib o‘tib, o‘pkamni teshib yuragimga tiqilgan,” deydi u. Dastlab nafas qisishi deb o‘ylagan holat, aslida yurakdagi jiddiy shikast bo‘lib chiqqan.
Doktor Serhiy Maksimenko boshchiligidagi yurak jarrohlari jamoasi magnit uchli ekstraktor yordamida bu xavfli bo‘lakni muvaffaqiyatli olib tashladi. "Yurakni kesib ochishga hojat yo‘q," deydi doktor. "Mayda kesik orqali magnit vositani kiritamiz va metallni tortib olamiz."
Bugunga kelib, ushbu usul yordamida 70 dan ortiq yurak operatsiyasi amalga oshirilgan.
Bu ixtironing boshida sobiq yurist, hozirda armiyani ko‘ngilli ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Oleh Bikov turibdi. 2014-yildan beri u frontdagi shifokorlar bilan muloqotda bo‘lib, ularning ehtiyojlarini o‘rganib chiqqan. Aynan ularning talablari asosida turli xil magnit ekstraktorlar ishlab chiqilgan — mikroxirurgiya uchun nozik, suyaklar uchun kuchli, qorin bo‘shlig‘i uchun moslashuvchan modellar.
Olehning ta’kidlashicha, magnit yordamida shrapnel (bombadan sachrab chiquvchi parcha)ni tez va aniqlik bilan aniqlash mumkin. Bu esa katta kesiklar va qon yo‘qotilishini kamaytiradi.
“Oddiy, ruchkaga o‘xshagan ekstraktor yordamida katta bolg‘ani ham ko‘tarish mumkin,” deya namoyish qiladi Oleh.
Hozirda ushbu qurilma rasman sertifikatlanmagan. Biroq Ukraina Sog‘liqni Saqlash Vazirligi urush holatida bunday vositalardan foydalanishga ruxsat beradi. Bikov esa buni haligacha qonuniylashtirish imkoni bo‘lmagan, ammo zaruriy holat deb hisoblaydi: “Agar bu jinoyat bo‘lsa, javobgarlikka tayyorman. Lekin unda bu qurilmadan foydalangan barcha shifokorlar ham javob berishlari kerak bo‘ladi,” deydi u kulimsirab.
Urush zonasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan britaniyalik shifokor Devid Nott ham bu g‘oyani olqishlaydi. “Urushda siz inson hayotini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan narsani qilasiz. Bu kabi vositalar boshqa urush zonalarida ham — masalan, G‘azo kabi — foydali bo‘lishi mumkin,” deydi u.
Bugunga kelib, 3 000 dan ortiq magnit ekstraktorlar Ukraina bo‘ylab tarqatilgan. Ular harbiy dala shifoxonalaridan tortib, yirik shahar kasalxonalarigacha foydalanilmoqda.
Serhiyning turmush o‘rtog‘i Yuliya bu texnologiyani jon saqlab qolgan insonlar nomidan qadrlaydi: “Bu qurilmani ixtiro qilgan odamlarga minnatdorchilik bildiraman. Ular tufayli erim hanuz biz bilan birga,” deydi u ko‘z yoshlari bilan.
Urush zamonaviy tibbiyotni yangi yondashuvlarga majbur qilmoqda. Ukrainada ishlab chiqilgan magnit ekstraktor texnologiyasi – o‘zining soddaligi, samaradorligi va hayotni saqlab qolishdagi roli bilan shunchaki ixtiro emas, balki umid timsoliga aylangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar