Shuter va strategiyalar miya qarishini sekinlashtirishi aniqlandi

Videoo'yinlar rivojlanishga zarar degan stereotiplar yana bir bor shubha ostida qoldi. Olimlarning yangi xulosalariga ko'ra, geiming shunchaki vaqt o'tkazish emas — u xotira va diqqatni charxlaydigan, kognitiv qobiliyatlarni kuchaytiradigan jiddiy “trenajyor” ham bo'lishi mumkin. Biroq natija o'yin janri va me'yoriga bevosita bog'liq. Bu haqda playground.ru xabar beradi.
Nature Communications jurnalida e'lon qilingan yirik tadqiqotda Karlos Koronel boshchiligidagi jamoa o'yin tajribasi bilan miyaning biologik yoshi o'rtasida bog'liqlik borligini qayd etdi. Murakkab videoo'yinlarni muntazam o'ynaydigan tajribali geymerlarda miya samaraliroq ishlashi kuzatilgan va ularning miyasi bu hobbidan uzoq tengdoshlariga nisbatan o'rtacha to'rt yil “yoshroq” ko'rinish bergan.
Mutaxassislar oddiy “miya mashqi” ilovalari yoki krossvordlardan ko'ra, real foyda tez qaror qabul qilish va strategik fikrlashni talab qiladigan katta, ko'p qatlamli loyihalarda ekanini ta'kidlashadi.
Psixologiya professori Shon Grin esa o'yinlarni ovqatlanish bilan qiyoslaydi: gap “iste'mol”ning o'zida emas, kontent sifatida. Uningcha, “bola ko'p yeydi” deyishning o'zi yetarli emas — eng muhim savol: u aynan nimani “yeyapti”?
Shu bilan birga, tadqiqot mualliflari ogohlantiradi: foyda o'yin suiiste'molga aylangan joyda tugaydi. Eng maqbul rejim — 30–60 daqiqalik qisqa seanslar. Yana bir muhim shart: miya doim yangi chaqiriqqa muhtoj. Grin tavsiya qiladi: bir o'yinda haddan tashqari usta bo'lib olsangiz, u endi foyda bermay qo'yadi — o'zingizni yana “yangi boshlovchi”dek his qildiradigan, zo'riqishga majbur qiladigan navbatdagi o'yinga o'tish kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!