«Oyi, shapkamni kiydim»: XKS komandiri koinotdagi kutilmagan yozuvga izoh berdi

Xalqaro koinot stansiyasi (XKS) komandiri Sergey Kud-Sverchkov ochiq koinotga chiqish vaqtidagi translyatsiyada paydo boʻlgan «Oyi, shapkamni kiydim» yozuvi aslida efir uchun moʻljallanmaganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu varaq shaxsiy arxiv uchun suratga tushish maqsadida tayyorlangan edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kosmonavtning tushuntirishicha, u dubulgʻadagi kameralardan tasvir uzatila boshlanishidan oldin bir nechta suratga tushishni rejalashtirgan. «Bu kichik yozuv — mutlaqo kutilmagan improvizatsiya edi. Men uni rasmiy translyatsiyaga tushib qolishini umuman kutmagandim», — deya taʼkidladi Kud-Sverchkov.
Ushbu ibora koʻpchilikka bolalikdan tanish boʻlib, ota-onalarning, ayniqsa onalarning oʻz farzandlariga boʻlgan gʻamxoʻrligini ifodalaydi. Kosmonavtning soʻzlariga koʻra, shapka kiyish haqidagi doimiy soʻrov — bu biz koʻpincha oddiy holdek qabul qiladigan, ammo zamirida ulkan mehr yashiringan gʻamxoʻrlik namunasidir.
«Qogʻozdagi bu jumla — biz qanchalik uzoqda boʻlmaylik va qanchalik xavfli ish bilan shugʻullanmaylik, onalarimiz gʻamxoʻrligini doimo qadrlashimiz va yodda tutishimizning ramziy belgisidir», — deya qoʻshimcha qildi u. Eslatib oʻtamiz, ochiq koinotdagi ishlar 6 soat 6 daqiqa davom etgan va ekipaj barcha belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajargan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!