22:14 / 05.11.2021
2 044

Internet cheklanishi yuzaga keltiradigan 8 xavotir: nimalarni yo‘qotishimiz mumkin?

Internet cheklanishi yuzaga keltiradigan 8 xavotir: nimalarni yo‘qotishimiz mumkin?
Foto: Getty Images
Ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi bilan bog‘liq mojaro kun tartibida turibdi: hukumat qonunchilik ijrosini ta’minlay olmaslik yoki qonunlarni chuqur mulohaza bilan qabul qilmaslik o‘rtasida qoldi.

3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» tomonidan Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlar ma’lum muddat davomida bloklandi. Bunga qadar esa iyul oyida TikTok, Twitter, Skype, «VKontakte»ning O‘zbekistondagi faoliyati cheklangandi.

Bu harakatlar «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasi doirasida Facebook, Google, Telegram va boshqa servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarini jisman O‘zbekiston hududida saqlash shartlarini bajarmagani uchun amalga oshirilgan.

Ommabop ijtimoiy tarmoqlarning O‘zbekiston hududida cheklab qo‘yilishi bir qancha salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Birinchidan, o‘tgan davr mobaynida va’da qilingan islohotlar uchun jamoatchilik ishonchiga juda katta putur yetadi. Yo‘qotilgan ishonchni qaytib tiklash esa oson bo‘lmasligi aniq. Davlatga nisbatan xalqning ishonchi yuqori bo‘lsagina, barqaror siyosiy tizim va iqtisodiy taraqqiyot haqida gapirish mumkin.

Ikkinchidan, O‘zbekiston hukumati bloklayotgan tarmoqlarga muqobil (alternativ) variant taklif qila olmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarni qaysidir ma’noda fikr va g‘oyalar makoni deyish mumkin. Sifatli va tekin axborot qabul qilish imkoniyati mavjud bo‘la turib, texnologik jihatdan taraqqiy etmagan mamlakatda internetni «bolqonlashtirish» siyosati esa mantiqsizlikdir.

Uchinchidan, Telegram yoki YouTube’dan foydalanish cheklab qo‘yildi ham deylik. Odamlar ma’lumot qabul qilishga bo‘lgan ehtiyojini har qanday to‘siqni aylanib o‘tadigan VPNʼdan foydalanish orqali qondira boshlaydi. Ommaviy ravishda bunga o‘tilsa, davlat nazorat qilish imkoniyatini (turli terroristik, pornografik, qimor o‘yinlarini yoki zo‘ravonlik va konstitutsiyaviy tuzumga qarshi turli harakatlarga targ‘ib qiluvchi saytlarni) boy beradi.

To‘rtinchidan, respublika bo‘ylab ko‘plab kompaniya va ishlab chiqarish sub’ektlari potensial mijozlarini ijtimoiy tarmoqlarga reklama joylashtirish orqali topmoqda. So‘nggi yillarda onlayn xizmatlar soni keskin oshdi. Cheklovlar kiritilishi esa ularning moliyaviy holatiga jiddiy zarba beradi va tadbirkorlik muhiti rivojlanishiga to‘siq bo‘la boshlaydi.

Davlat budjetini shakllantiruvchi asosiy omillardan biri tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan to‘lanadigan soliqlar hisoblanadi. Shunday ekan, bunda davlatning o‘zi ham sezilarli tarzda zarar ko‘radi. NetBlocks xalqaro nodavlat tashkiloti hisob-kitobiga ko‘ra, Facebook, YouTube va Instagram’ni ikki soatga bloklash O‘zbekistonga 194 ming 937 dollarga tushgan.

Beshinchidan, bu mamlakatning intellektual jihatdan rivojiga raxna sola boshlaydi. Xususan, hozirda ko‘p yoshlar YouTube platformasi orqali xorijiy tillarni o‘rganmoqda, taniqli olimlarning ma’ruzalaridan tekinga foydalanish imkoniyatiga ega. Facebook, Twitter kabi tarmoqlarda ko‘plab biznes uslublari, yangi innovatsion taqdimotlar yoki yuklangan videolar orqali kundalik hayotda ishlatish mumkin bo‘lgan texnologiyalarni o‘rganish mumkin.

Shuningdek, ko‘plab biznes treninglarni kuzatish imkoniyati bor. Tarmoq bloklanishi natijasida ma’lumotlar oqimining kelishi ham to‘xtaydi. Natijada dunyodan uzilib qolish tendensiyasi boshlanadi.

Oltinchidan, davlat rahbari amalga oshirayotgan tashqi siyosat ochiqlik prinsiplariga asoslangan. Mantiqsiz cheklovlar esa O‘zbekistonning xalqaro reytinglar va har xil indekslardagi o‘rniga ta’sir etmay qolmaydi. Natijada mamlakatdagi investitsion muhit yomonlashib ketadi. Xorijiy investorlar kirib kelishi kamayadi. Turizmni rivojlantirish haqidagi maqsadlar va rejalar orzuga aylanadi.

Yettinchidan, hukumatning o‘zi ham ko‘plab davlat xizmatlarini amalga oshirishda Telegram tarmog‘idan foydalanib kelmoqda. Pensiya va nafaqa oluvchi shaxslarga davlat pensiya ta’minoti sohasida axborot beruvchi maxsus «Pensiya» boti (@pensiyauzbot), eJarima.uz rasmiy telegram-boti, samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish maqsadida «YER NAZORATI» maxsus telegram-boti kabilar kichik bir misollar, xolos. Xo‘sh, elektron xizmatlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga intilayotgan hukumat bu kabi bo‘shliqlarni qanday to‘ldiradi?

Sakkizinchidan, kechagi muammoli vaziyat 150 nafar deputat qabul qilib, 100 nafar senator ma’qullab, keyin imzolangan qonun sababli yuzaga keldi. Bu esa xaosni yuzga keltirmoqda: hukumat qonunchilik ijrosini ta’minlay olmasligi yoki qonunlarni chuqur mulohaza bilan qabul qilmasligi o‘rtasida tanlov orasida qoldi.

Ushbu qonun orqali O‘zbekiston hukumati o‘z maqsadiga erishishi mumkinmidi?
Telegram, Google, Facebook kabi gigant kompaniyalar uchun O‘zbekiston bozori unchalik muhim emas, agar server o‘rnatish xarajatlari va xavfsizlik tomonlari ularga to‘g‘ri kelmasa yoki imijiga ta’sir o‘tkazsa, bemalol chiqib ketishlari mumkin.

Shu o‘rinda Telegram asoschisi Pavel Durovning sentabr oyida aytgan quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish mumkin:

«Tariximiz bilan tanish bo‘lgan har bir kishi yaxshi biladiki, Telegram hukumatlar bilan kurasha oladigan va kurashgan birinchi ilova. Biz buni Hongkongdan Belarusgacha bo‘lgan ko‘plab avtoritar mamlakatlarda bir necha bor isbotladik. Eron muxolifatni axborot tarqatish platformasidan mahrum qilishni talab qilganida, Telegram 40 million foydalanuvchini emas, balki blokirovkani afzal ko‘rdi. 2018 yilda ham Rossiya hukumatining blokirovka qilish xavfi ostida shifrni oshkor qilish talablariga javoban shunga o‘xshash qaror qilgandik. Men uchun yuz millionlab Telegram foydalanuvchilarining manfaatlari har doim har qanday siyosiy kuch manfaatlaridan ko‘ra muhimroq bo‘lgan. Telegram erkinlik va sog‘lom fikrni himoya qiladigan platformadir», degandi u.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ta’kidlab o‘tganidek, kecha bizning qurtlagan tishimiz qattiq bezovta qilgani uchun vaqtincha og‘riq qoldiradigan dori ichdik. Ammo qurtlagan tish haliyam turibdi. U hali yana og‘rishi mumkin. Bunga hech kim kafolat bera olmaydi.

«Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun qayta ko‘rib chiqilishga muhtoj. Keng jamoatchilik ushbu qonunni prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiqlik siyosatiga qarshi harakat deb baholamoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Internet cheklanishi yuzaga keltiradigan 8 xavotir: nimalarni yo‘qotishimiz mumkin?