
Har bir inson sog‘lom va uzoq umr ko‘rishni istaydi. Buning uchun hayot tarzida ba’zi muhim odatlarni shakllantirish zarur. Amerikalik immunolog va oilaviy shifokor doktor Helen Messyening ta’kidlashicha, uzoq va sog‘lom yashashning to‘rt asosiy omili mavjud. Bular — kasalliklarni erta aniqlash, yurak-qon tomir va metabolik salomatlikni yaxshilash, yallig‘lanishlarga qarshi kurash hamda kognitiv va jismoniy bardoshni saqlashdir.
Kasalliklarni erta aniqlash
Sog‘lom umrni ta’minlash uchun birinchi navbatda organizmdagi o‘zgarishlarni kuzatib borish kerak. Muntazam ravishda qon bosimi, qondagi shakar va xolesterin miqdori, og‘irlik va bel aylanasi kabi ko‘rsatkichlarni tekshirish zarur. Bu oddiy tekshiruvlar turli patologiyalarning ilk belgilarini o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi. Shuningdek, muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tish ham muhim sanaladi.
Salomatlikni mustahkamlash
Sog‘lom hayot kechirishning muhim omili — kundalik faollik va to‘g‘ri ovqatlanishdir. Doktor Helen Messye kundalik odatlar qatoriga jismoniy faollik, sifatli uyqu, to‘yintiruvchi ovqatlanish, stressni nazorat qilish va doimiy muloqotni kiritishni tavsiya etadi. Bu odatlar sog‘liqqa ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va inson organizmini uzoq muddatda mustahkamlaydi.
To‘g‘ri ovqatlanish
Ovqatlanishda antioksidantlarga boy mahsulotlardan foydalanish tavsiya etiladi. Antioksidantlar hujayralarni faol kislorod shakllari va yallig‘lanishdan himoya qiladi. Ular ko‘proq choy, qahva, mevalar, sabzavotlar, kakao mahsulotlari va foydali yog‘lar — baliq hamda yong‘oqlarda mavjud. Shuningdek, me’yorli ovqatlanishga ahamiyat qaratish va zararli mahsulotlardan qochish lozim.
Jismoniy faollik va bardosh
Jismoniy faollik yurak xastaliklari, semirish va qandli diabetning oldini olishga yordam beradi. Mutahassislar kundalik hayotda kuch mashqlari, piyoda yurish, velosiped haydash va suzishni amalga oshirishni tavsiya etadi. Bundan tashqari, yoga mashg‘ulotlari insonning egiluvchanlik va muvozanat qobiliyatini rivojlantiradi. Bu ayniqsa yoshi katta insonlar uchun muhim bo‘lib, yiqilish va suyakni sindirib olish xavfini kamaytiradi.
Sog‘lom va uzoq umr ko‘rish uchun organizmga e’tibor qaratish, muntazam tekshiruvlardan o‘tish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va ruhiy salomatlikni saqlash zarur. Bu odatlarni hayot tarziga aylantirgan insonlar sog‘liqlarini mustahkamlab, uzoq va baxtli hayot kechirishlari mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar