00:03 / 04.04.2019
95 297

Alsgeymer qanday kasallik va uning davosi bormi? (Mutaxassis javoblari)

Alsgeymer qanday kasallik va uning davosi bormi? (Mutaxassis javoblari)
Xotira – inson umrining tilla sandigʻi. Unda baxtga toʻla lahzalar, quvonchu shodliklar, hayot davomida qilingan ishlar, kundalik rejalar, eng muhimi, ortga qaramay ketayotgan VAQT va undagi goʻzal xotiralar mujassam. Yoddan chiqarish, unutish, eslay olmaslik kabi noxush hodisalar kishi umri uzaygani sayin yosh etagidan mahkam ushlab oladi. Xotiraning sekin-asta yoʻqolishi, ayniqsa, keksalik davrida koʻp kuzatiladi. Inson biron xastalikka chalinmagan taqdirda ham, unda qandaydir unutishlar sodir boʻlib turadi. Ammo shunday kasalliklar borki, bunda inson xotirasi butunlay yoʻqoladi.

Alsgeymer, bu – oliy ruhiy faoliyatning kuchayib boruvchi buzilishi bilan kechuvchi hamda yillar oʻtib demensiya kasalligi bilan tugallanuvchi neyrodegenerativ kasallik. Ushbu xastalik ayrim adabiyotlarda Alsxaymer kasalligi, Presenil demensiya, deb ham yuritiladi. Kasallik ilk marotaba 1906-yil nemis psixiatri Alois Alsgeymer tomonidan aniqlangan va koʻpincha oʻlim bilan yakun topishi olimlarning uni yanada chuqur oʻrganishiga turtki boʻlgan. Alsgeymer kasalligi yuzasidan butun jahon olimlari hozirgi kungacha izlanishlar olib bormoqda.

Nevropatolog, neyropsixolog Zohidjon Umarov ushbu kasallik boʻyicha bizni qiziqtirgan savollarga aniq va toʻlaqonli javob berdi. Albatta, bu mavzu sizning ham nazaringizdan chetda qolmaydi.

– Alsgeymer kasalligi qanchalik xavfli? Uning belgilari nimada koʻrinadi?
– Kasallikning oʻziga xos xususiyati shuki, u yillar oʻtib, juda sekin paydo boʻladi. Yaʼni bu kasallik qoʻqqisdan yuzaga kelmaydi. Kasallikning kelib chiqish sabablari esa haligacha toʻla-toʻkis oʻrganilmagan. Lekin bunga oid bir nechta nazariya va gipotezalar mavjud. Kasallikning paydo boʻlishi ilmiy maʼlumotlarda nasliy va genetik omillarga bogʻlab tushuntiriladi.

Kasallik bosh miyada kechadigan organik belgilar, yaʼni miya tuzilishdagi oʻzgarishlar bilan kechadi. Kasallikning klinik belgilari yengil tipdagi xotira, diqqat, tafakkur, idrok, nutq va boshqa shu kabi oliy ruhiy faoliyatlarning buzilishi bilan boshlanadi. Uning boshlanishida bemorni parishonxotirlik, uyqusizlik, depressiya va sababsiz xavotir bezovta qiladi. Yillar oʻtib jarayon jiddiylasha boradi. Bunaqa bemorlar darbadarlikka moyil boʻladi. Bemor uyidan chiqib, xotirasi buzilgani hisobiga adashib ham qoladi. Kasallik rivojlanishda davom etaversa, bemor yosh bolalarga xos boʻlgan ishlarni qiladi, hatto suv ichib, ovqat yeyish kerakligini unutib qoʻyadi. Bolalari oldida oʻzi tushunmagan holatda kiyimlarini yechadi, ishtonini hoʻllab qoʻyadi. Bemor keyinchalik, hatto yaqinlarining ismini ham eslay olmaydi, ularni tanimaydi. Nutq boyligi ham kamaya boradi. Fikrini ifodalab berolmaydi. Nutqi va yozish qobiliyatini yoʻqota boradi. Alsgeymer kasalligida xotira, diqqat, nutq buzilishi bilan bir qatorda, agressiya va tajovuzkorlik ham kuzatiladi. Bunday bemorlar kasalligi yuzasidan vaziyatdan chiqishga qiynalib, baʼzan oʻz joniga qasd qilish hollari kuzatilib turadi.

– Kasallik qaysi yoshda koʻp uchraydi?
– Kasallik asosan, 40–45 hamda 65 yoshdan oshganlar orasida koʻproq kuzatiladi. Sababi, 65 yoshdan oshgandan soʻng har 5 yilda bu kasallikka chalinish ikki barobarga oshadi. Yaʼni keksa yosh Alsgeymer kasalligi uchun xatarlidir. Kasallikning oʻrtacha rivojlanishi 10 yillarga toʻgʻri keladi. 45 yoshdan soʻng rivojlansa, tez kechadi. 70 yoshdan soʻng boshlansa, sekin kechadi. Agar inson 70 yoshda Alsgeymer kasaliga duchor boʻlsa, 90 yoshlarida oʻlim kuzatilishi mumkin. Kasallik oʻlim bilan yakun topadi. Bu kasallikda oʻlim sabablari asosan kaxeksiya, urologik infeksiyalar, respiratorinfeksiyalar hisoblanadi. Bemorda oʻlim kuzatilmagan taqdirda undanda, jiddiy hisoblangan demensiya kasalligi boshlanishi mumkin. Bunda esa, oliy ruhiy faoliyatlarning buzilishi chuqurroq namoyon boʻladi.

– Xotirani yoʻqotish bilan Alsgeymer kasalligi orasida qanday farq bor?
– Xotirani yoʻqotish mustaqil kasallik (dismneziya, amneziya, gipomneziya) sifatida oʻrganiladi va davolanadi. Alsgeymer kasalligida ham xotira buzilishi kuzatilib, bu boshqa belgilar bilan birga keladi. Yaʼni xotira buzilishida Alsgeymer kasalligida uchraydigan boshqa belgilar kuzatilmasligi mumkin. Bundan tashqari, barcha kasalliklarda ham xotira buzilishi kuzatiladi. Xotira buzilishi faqat Alsgeymer kasaliga xos emas.

– Bu kasallikni davosi yoʻq kasalliklar qatoriga kiritsak boʻladimi?
– Tibbiyot nuqtayi nazaridan bu kasallikning davosi yuzasidan koʻplab ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Davolanishning koʻpi samarasiz yakun topmoqda. Ammo davolash muolajalari ayrim bemorlarda ijobiy natijani ham koʻrsatgan. Bu ham boʻlsa, jarayonning salbiylashishini toʻxtatishdan iborat. Aytmoqchimanki, kasallikning toʻla-toʻkis davosi yoʻq, lekin bemorning ahvoli yanada ogʻirlashmasligiga harakat qilinadi.

– Bu kasallik qanday aniqlanadi?
– Asosan, anamnestik maʼlumotlar, bosh miya tekshiruvlari va boshqa laboratoriya tekshiruvlaridan soʻng aniqlanadi.

– Oʻzbekistonda ham Alsgeymer kasalligiga chalingan bemorlar bormi va ular qanday davolanadi?
– Oʻzbekistonda bu kasallikka chalinganlarni ish faoliyatimizda kuzatib turamiz. Alsgeymer kasalligi bilan bemorlar statsionarda, agar bemorning ahvoli juda ogʻir shaklda boʻlmasa, kunduzgi statsionar yoki ambulator sharoitlarda davolanadi. Shuni unutmaslik kerakki, Alsgeymer kasalligi shifokor nazoratida davolanishni talab qiladigan kasallik hisoblanadi.

–Alsgeymer kasalligi qaysi davlatlarda koʻp va qaysilarida kam uchraydi?
– Alsgeymer kasalligi bilan chalinganlar soni rivojlangan davlatlarda koʻp uchraydi. Balki bu statistika va diagnostikaning rivojlangan davlatlarda yaxshi ishlashi bilan bogʻliqdir. Aksincha, rivojlanmagan davlatlarda Alsgeymer bilan kasallanganlar kam roʻyxatga olingan. Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda jahonda 35 mln. kishi Alsgeymer kasalligidan aziyat chekmoqda. Mutaxassislar fikricha, 2025-yilga borib, bu koʻrsatkich 3 barobarga koʻpayishi mumkin. Dunyo boʻyicha har yili 100 000 kishi mana shu kasallik sabab hayotdan koʻz yumadi. Kasallik erkaklarga qaraganda ayollarda koʻp uchraydi. Chunki estrogenlar defitsiti (yetishmovchiligi) Alsgeymer kasalligi rivojlanish xavfini oshiradi. Ammo buning sababi ilmiy jihatdan toʻla isbotlanmagan. Kasallik yuzasidan hozirgi kungacha ilmiy izlanishlar davom etmoqda. Geteborg universiteti olimlari oʻta kuchli rashk ham Alsgeymer kasalligi rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkinligini aytishmoqda. 800 nafar ayol ishtirokida olib borilgan koʻp yillik tadqiqotlar davomida haddan ortiq rashk ularda Alsgeymer kasalligining rivojlanishiga sabab boʻlishi aniqlandi. Aksincha, anchayin bosiq boʻlgan ayollarda bu holat ikki barobarga kamroq kuzatilgan. Ayni tadqiqot erkaklarda oʻtkazilganda ham xuddi shu holat kuzatilgan.
Nilufar MURODOVA suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Alsgeymer qanday kasallik va uning davosi bormi? (Mutaxassis javoblari)