
Angliyaning eng nufuzli klublaridan biri — “Manchester Siti” safida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning jarohatidan so‘ng mashg‘ulotlarga qaytgani butun dunyo bo‘ylab jamoa muxlislarini xursand etdi, deb xabar berdi manchestereveningnews.co.uk.
Bir oy davomida maydondan chetda bo‘lgan 21 yoshli legionerning qayta safga qo‘shilishi nafaqat O‘zbekistondagi futbol ishqibozlari, balki Angliya va Yevropadagi “Siti” muxlislari orasida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki Husanovdan jamoa himoyasida katta umidlar bog‘langan.
Ma’lumki, noyabr va dekabr oylarida “Manchester Siti”ni jiddiy sinovlar kutib turibdi. 9-noyabr kuni “shaharliklar” o‘z maydonida mamlakat amaldagi chempioni — “Liverpul”ga qarshi bahs olib boradi. 10-dekabrda esa Xosep Gvardiola shogirdlari Chempionlar Ligasi guruh bosqichi doirasida “Santyago Bernabeu”da “Real” bilan to‘qnash keladi.
Shunday muhim uchrashuvlar oldidan Husanovning safga qaytishi jamoa uchun katta kuch bo‘lishi aniq. Uning jismoniy tayyorgarligi va o‘yin tajribasi himoya chizig‘ini yanada barqarorlashtirishi kutilmoqda. “Siti” muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda Husanov haqida turli izohlar qoldirib, unga bo‘lgan ishonch va sog‘inchini bildirishmoqda.
DëNq Må:
“Husanov maydonda bo‘lganida hech qanday xavotir qolmaydi. Ayniqsa, ‘Liverpul’ va ‘Real’ga qarshi o‘yinlarda u hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.”
Suleman Abdullahi:
“Husanovni shoshirmanglar. U ‘Liverpul’ bilan bo‘ladigan bahsgacha to‘liq tiklanib olsin. Himoyada unga teng keladigani yo‘q.”
Mas Bee Suthu:
“Husanovning qaytishini intizorlik bilan kutyapmiz. U jamoa uchun faol ruhiy yetakchiga aylangan.”
Steven Thornhill:
“U maydonda ‘Jeki Chan’dek harakat qiladi — kuchli, tezkor va doim tayyor!”
Chongo Newton:
“Husanov tarkibga qaytsa, himoya yana muvozanatli bo‘ladi. Endi e’tiborni chap qanotni kuchaytirishga qaratish kerak.”
Kingforward Ndhlovu:
“Faqat Husanovgina Muhammad Saloh, Florian Virs yoki Aleksandr Isaakni to‘xtata oladi. U yechim, u kalit figura.”
Shu kabi izohlar jamoa atrofidagi muhitni yanada ijobiy tusga olib keldi. Muxlislar Husanovning jarohatidan keyin ham yuqori darajadagi o‘yinini saqlab qolishiga ishonayotganini ta’kidlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov o‘tgan mavsumda “Real” va “Liverpul”ga qarshi uchrashuvlarda ajoyib o‘yin namoyish etib, Angliya OAV va mutaxassislarining e’tirofiga sazovor bo‘lgan edi. Uning himoyadagi ishonchli harakatlari va aniq paslari “Siti” tizimida muhim bo‘g‘inga aylangan.
Hozirda u jamoaviy mashg‘ulotlarga to‘liq qo‘shilib, tiklanish jarayonini yakunlash arafasida. Gvardiola shtabining ma’lumotlariga ko‘ra, Husanov noyabr oyi o‘rtalarida rasmiy o‘yinlarga qaytishi mumkin.
Shu tariqa, “Manchester Siti” muxlislari yaqin haftalarda o‘z sevimli himoyachisini yana maydonda ko‘rish umidida. Husanovning qayta safga qo‘shilishi nafaqat jamoa himoyasini mustahkamlaydi, balki klub muxlislari uchun katta motivatsiya manbaiga aylanishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!