
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yosh markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning so‘nggi paytlarda “Manchester Siti”dagi vaziyati o‘zbekistonlik muxlislarni xavotirga solmoqda. Xosep Gvardiola boshqaruvidagi jamoada mavsum o‘rtasida ajoyib o‘yinlari bilan barchaning e’tiboriga tushgan 21 yoshli futbolchi, so‘nggi paytlarda maydonga tushirilmayapti va bu turli xil muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Husanov oxirgi marta 30 mart kuni Angliya kubogi doirasida “Bornmut”ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida qatnashgan va o‘shandan beri birorta rasmiy o‘yinda maydonda ko‘rinmagan. Ungacha o‘zbekistonlik futbolchi Angliya Premer-ligasi, Yevropa Chempionlar ligasi va Angliya kubogi musobaqalarida jami to‘qqizta o‘yinda ishtirok etib, o‘z hisobida bir golni yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgandi.
Keyinchalik jamoa ichidagi raqobatda Husanov Niko O'Rayliga imkoniyatni boy berdi va bu uning asosiy tarkibdagi o‘rniga ta’sir qildi. Shu paytgacha bosh murabbiy Xosep Gvardiola tomonidan maqtov eshitib kelgan futbolchining bunday holatga tushib qolishi ko‘pchilik uchun kutilmagan voqea bo‘ldi.
Endi esa Yevropaning bir qator nufuzli nashrlari Abduqodirning atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritib, uning jamoani o‘zgartirishi mumkinligi haqida ma’lumot tarqatishni boshladi. Xususan, mashhur ispan portali fichajes.net o‘zbek himoyachisi yaqinlashib kelayotgan transfer oynasi vaqtida tajriba orttirish maqsadida boshqa jamoaga ijara asosida o‘tishi mumkinligini yozmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, ajoyib iqtidoriga qaramay, Abduqodir “shaharliklar”ning asosiy tarkibiga kirish uchun juda qattiq raqobatga duch kelmoqda va bu holat uning muntazam ravishda maydonda o‘ynashiga to‘sqinlik qilyapti. Xosep Gvardiola esa uning ijaraga chiqarilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda va ushbu tajriba Abduqodirning Yevropa futboliga yanada yaxshiroq moslashishiga yordam berishiga ishonmoqda.
O‘z navbatida yosh futbolchiga nafaqat Angliya Premer-ligasi, balki Yevropaning boshqa kuchli chempionatlaridan ham qiziqishlar mavjud. “Manchester Siti” rahbariyati ham Abduqodir uchun ijaraga chiqish uning professional rivojlanishi uchun muhim bosqich bo‘ladi deb hisoblamoqda va bu kelgusida uning jamoadagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tish joiz, Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ga shu yilning yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan ko‘chib o‘tgan edi. Uning transferi uchun manchesterliklar jami 50 million yevro sarflashga rozilik berishgan va futbolchi bilan 2029 yilning yoziga qadar shartnoma imzolashgan. Ayni paytda Husanov Transfermarkt portali tomonidan 35 million yevroga baholanmoqda va Markaziy Osiyoning eng qimmat futbolchisi sifatida qolmoqda.
Hozirda o‘zbek muxlislari futbolchining kelgusi taqdiri va yangi mavsumni qayerda boshlashi haqidagi yangiliklarni kutib qolishgan. Abduqodir uchun ijara bitimi uning faoliyatiga yangi imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.
Abduqodir Husanov Manchester Siti Angliya kubogi Angliya Premer-ligasi Niko O'Rayli Futbol Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar