
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi (U-17) darvozaboni Ne’matulloh Rustamjonov Osiyo chempionati finali haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
«Final bahsi biz uchun haqiqatan ham og‘ir o‘tdi. Ushbu musobaqaga oxirgi ikki yil mobaynida qattiq tayyorgarlik ko‘rib keldik. Final o‘yini murakkab bo‘lishini oldindan bilardik. Shuncha vaqt mobaynida qilgan sa’y-harakatlarimiz behuda ketmadi deb hisoblayman. Endi jahon chempionatida ham munosib natijaga erishish uchun harakat qilamiz, Xudo xohlasa», — dedi terma jamoamiz posboni.
Rustamjonovning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar final o‘yiniga to‘liq tayyor edi. «O‘zaro suhbatlarimizda birorta ham yigitda hayajon sezilmasdi. Hamma o‘z zimmasidagi mas’uliyatni his qilib turardi, ammo hech qanday qo‘rquv yo‘q edi», — deydi darvozabon.
O‘yin paytida ko‘pchilik e’tiborini tortgan «qosh qoqish» voqeasiga ham futbolchi izoh berib o‘tdi: «Arab futbolchisi oldimda yotganicha baqirib turgan paytda, uning kayfiyatini biroz ko‘tarish, vaziyatni yumshatish maqsadida qoshimni qoqib qo‘ydim. Shundan keyin u ham kulib qo‘ygandi».
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi finalida Saudiya Arabistoni ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. Rustamjonov esa musobaqaning eng yaxshi darvozaboni sifatida e’tirof etildi.
Ne’matulloh Rustamjonov O‘zbekiston U-17 Osiyo Kubogi Darvozabon O‘zbekiston termasi Futbol Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar