date
views 0

O‘zbekiston U-17 g‘alabasiga Qozog‘istondan keskin munosabat bo‘ldi: “Kasalini yashirgan – o‘ladi!”

O‘zbekiston U-17 g‘alabasiga Qozog‘istondan keskin munosabat bo‘ldi: “Kasalini yashirgan – o‘ladi!”
Saudiya Arabistonida yakunlangan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati futbol olamida hamon muhokama qilinyapti. Bu tarixiy turnirda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ko‘rsatgan jasorat, mardlik va kurashchanlik jahon futbol jamoatchiligining diqqatini tortib, O‘zbekiston futboli uchun g‘ururli tarixiy sahifani ochdi.

Musobaqaning boshlang‘ich bosqichida yosh murabbiy Islom Ismoilov shogirdlari raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va maksimal natijalarga erishdi. Ular guruhda Tailandni 4:1, Xitoyni 2:1, musobaqa mezboni bo‘lgan Saudiya Arabistonini esa 3:0 hisobida taslim etib, pley-offga yo‘llanma olishdi.

Pley-off bosqichida ham futbolchilarimiz to‘xtab qolishmadi: avval BAA yoshlari 3:1 hisobida mag‘lub etilgan bo‘lsa, yarim finalda KXDR terma jamoasiga qarshi bahsda ishonchli 3:0 g‘alaba qozonildi.

Finalda mezbon jamoa bilan yana bir marta to‘qnash keldik. Ammo bu gal vaziyat umuman o‘zgacha edi – saudiyaliklar o‘z uyida, muxlislari ko‘z o‘ngida g‘alaba qozonishga intilayotgan edi. Uchrashuvning birinchi bo‘limi O‘zbekiston jamoasi uchun kutilmagan og‘irliklarni olib keldi: Nurbek Sarsenbayev va Miraziz Abdukarimov qizil kartochkalar bilan maydonni tark etdi.

Ikki futbolchiga kam bo‘lib qolgan O‘zbekiston yoshlari ikkinchi bo‘limda haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi. 51-daqiqada Muhammad Hakimov penalti zarbasini aniqlik va sovuqqonlik bilan amalga oshirgan bo‘lsa, 70-daqiqada Sadriddin Hasanov o‘zining individual mahorati va tezligi orqali raqiblarni ortda qoldirib, ajoyib gol urib g‘alabani ta’minladi. Shu tariqa 9 futbolchi bilan qolgan terma jamoamiz Saudiya Arabistonini ikkinchi marta 2:0 hisobida yengib, Osiyo chempioni bo‘ldi.

Bu chempionlik nafaqat o‘zbek muxlislari, balki xorijiy mutaxassislarning ham e’tiborini tortdi. Ayniqsa, Qozog‘iston terma jamoasi matbuot xizmati rahbari Yermuhammad Maulenning O‘zbekiston futboli haqida bildirgan fikrlari alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

«O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi va buni alohida ta’kidlashimiz kerak. Ular finalda kuchli raqib Saudiya Arabistonini mag‘lub etdi. Ertaga ana shu futbolchilar yana o‘sadi, sizlar ularni katta pullarga transfer qilasiz va ular yuqori maosh evaziga o‘ynay boshlaydi. Bizda bu yosh futbolchilar «Astana» yoki «Ordabasi» klublarida ham to‘p surishi mumkin.

Biz O‘zbekiston futbolining qanday tezlik bilan rivojlanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Qozoq xalqida «Kasalini yashirgan – o‘ladi!» degan naql bor. Biz aynan shu kasalni yashirmasligimiz kerak. Samat Smakov bu haqda ochiq aytdi, demak boshqa murabbiylar ham bu haqiqatni yashirmasligi kerak», – dedi Maulen.

Takidlash kerakki, chempionlikdan tashqari terma jamoamizning ayrim o‘yinchilari individual sovrinlarga ham ega chiqdi. Xususan, Asilbek Aliyev 5 gol bilan musobaqaning «Eng yaxshi to‘purari» bo‘lgan bo‘lsa, Ne’matulloh Rustamjonov «Eng yaxshi darvozabon», Sadriddin Hasanov esa turnirning «Eng yaxshi o‘yinchi» deb topildi.

Endi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga Osiyo chempioni sifatida yo‘l oladi. Umid qilamizki, yosh futbolchilarimiz bu musobaqada ham mamlakatimiz sharafini munosib tarzda himoya qiladi va yana bir bor o‘zbek xalqini xursand etadi.

Bu yosh qahramonlarga kelgusida ham muvaffaqiyat va zafarlar tilaymiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston U-17 g‘alabasiga Qozog‘istondan keskin munosabat bo‘ldi: “Kasalini yashirgan – o‘ladi!”