
Kollaj: kursiv.media, bild-redaktor: Artur Aleskerov
Jahon futboli afsonasi Krishtianu Ronaldu faoliyatida kutilmagan burilish sodir bo‘lishi mumkin. 40 yoshli portugaliyalik yulduz yangi musobaqada qatnashish uchun yana bir bor jamoasini o‘zgartirishga tayyor.
FIFA tomonidan yangicha formatda tashkil qilinayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ko‘plab yulduz futbolchilar, jumladan, Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi uchun katta qiziqish uyg‘otdi. Messidan farqli o‘laroq, hozirda Saudiya Arabistonining «An-Nasr» jamoasida to‘p tepayotgan Ronaldu bu nufuzli musobaqada ishtirok etish imkoniyatiga ega emas.
Shu sababli, portugaliyalik yulduzning qisqa muddatli shartnoma orqali klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashadigan jamoa bilan kelishuv imzolashi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. FIFA 1–10 iyun kunlari maxsus transfer oynasini ochadi va aynan shu paytda Ronalduning sensatsion transferi ro‘y berishi mumkin.
Arab jurnalisti Nosir Jabbor (Sport Bible) ma’lum qilishicha, Krishtianu Ronaldu ushbu musobaqada «Manchester Siti» klubi tarkibida ishtirok etishi mumkin. «Shaharliklar» ham bir oylik kelishuv asosida dunyoning eng mashhur futbolchisi xizmatidan foydalanishga qarshi emaslar. Shuningdek, Londonning «Chelsi» klubi ham portugaliyalik yulduz bilan qisqa muddatli shartnoma imzolashga tayyor ekanligini bildirgan.
Agar ushbu transfer amalga oshsa, o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun ham qiziqarli voqelik yuz beradi. Milliy terma jamoamiz himoyachisi Abduqodir Husanov aynan «Manchester Siti» tarkibida Krishtianu bilan birgalikda maydonga tushishi mumkin. Bu esa Jaloliddin Masharipovdan keyin Ronaldu bilan bir klubda to‘p tepgan ikkinchi o‘zbek futbolchisi bo‘lish imkoniyatini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Jaloliddin Masharipov «An-Nasr» jamoasida Ronaldu bilan birgalikda o‘ynab, o‘zining 7-raqamini mashhur yulduzga taqdim etgan edi. Keyinchalik ularning yo‘llari ayrildi va Masharipov Eron chempionatiga yo‘l oldi.
Yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 2025 yilning 15 iyunidan 13 iyuligacha AQSHda bo‘lib o‘tadi. Turnirda dunyoning 32 ta eng kuchli jamoasi qatnashadi. Musobaqaning mukofot jamg‘armasi bir milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
«Manchester Siti» guruh bosqichida Italiyaning «Yuventus», Marokashning «Vidad» va BAAning «Al-Ayn» klublari bilan bahs olib boradi.
Siz nima deb o‘ylaysiz: Krishtianu Ronaldu yana bir bor jahon sahnasida porlaydimi? Husanov bilan bir maydonda to‘p surish — orzudek vaziyat emasmi?
Krishtianu Ronaldu Manchester Siti Abduqodir Husanov Jahon chempionati Elita futbol Qisqa shartnoma Futbol Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar