
Amerikaliklarning AQSH prezidenti Donald Trampga bo‘lgan ishonchi 42 foizgacha pasayib ketdi. Bu ko‘rsatkich uning Oq uyga qaytib kelgan paytidan beri qayd etilgan eng past natija bo‘ldi. Reuters agentligi bu haqda Ipsos tadqiqot kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga asoslanib xabar bermoqda.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning atigi 42 foizi Trampning mamlakat rahbari sifatidagi ishlarini ma’qullashsa, 53 foizi uning yuritayotgan siyosatiga qarshi ekanliklarini bildirishgan.
Eslatib o‘tish joizki, Ipsos tomonidan avval o‘tkazilgan so‘rovnomada Trampni qo‘llab-quvvatlash darajasi 43 foizni tashkil qilgan edi. Mart oyining ikkinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 45 foizgacha yetgan edi.
Reuters agentligiga ko‘ra, Tramp obro‘sining tushishiga sabablardan biri uning ma’muriyati tomonidan haddan ziyod liberal deb qaralgan universitetlarga nisbatan bosim va ta’qib siyosati bo‘lishi mumkin. Jumladan, aprel oyining o‘rtalarida AQSH ta’lim vazirligi mamlakatdagi eng nufuzli o‘quv yurtlaridan biri – Garvard universiteti uchun ajratilgan 2,2 milliard dollarlik grantlar va 60 million dollarlik uzoq muddatli shartnomalarning vaqtincha to‘xtatib qo‘yilganini e’lon qilgan edi.
Shu bilan birga, tadqiqotda qatnashgan amerikaliklarning 59 foizi mamlakat xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yo‘qotayotganidan xavotir bildiradi. So‘ralganlarning taxminan to‘rtdan uch qismi (75 foizga yaqin) Donald Trampning 2028 yilda uchinchi muddatga prezidentlik uchun saylovda ishtirok etishiga qarshi ekanliklarini ma’lum qilgan.
AQSH aholisi orasidagi bunday munosabatlar mamlakatning ichki va tashqi siyosatida turli o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu o‘zgarishlarning kelgusidagi oqibatlari qanday bo‘lishi, shubhasiz, butun dunyo e’tiborida turibdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar