
Kecha, 2025 yilning 21 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi kafelarning biridan mast holda chiqqan Mirobod tuman sudi sudyasi Rustam Rahmonov mashina o‘g‘irlaganlikda gumonlanayotgani haqida xabar berilgan edi. “Daryo”ning huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlovchi, Rahmonovga yaqin insonlardan biri voqea sodir bo‘lgan kuni sudya Yashnobod tuman IIB binosiga olib ketilganini va bir kun ushlab turilganini ma’lum qildi.
O‘sha kuni Rustamning sudyaligini bilmagan IIB xodimlari uning xatti-harakatidan so‘ng, unga qo‘l ham ko‘tarishgan. Sudya Rahmonov qarshilik qilganmi yoki yo‘qmi bilmayman. Shu sabab IIB xodimlari ham sudyaligini bilgach, tezda izlab kelganlarga qo‘shib yuborgan, deydi manba.
“Daryo” jurnalisti ushbu voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbar Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi va sudyaning IIB binosida qancha vaqt ushlab turilgani bilan qiziqdi.
Vazirlik mas’uli sudyaning Yashnobod tuman IIB binosida bir kun saqlab turilganini inkor etdi. “Tasdig‘ini topmagan”, dedi G‘iyosov javobini qisqa qilar ekan.
Ichki ishlar vazirligi mas’uli shuningdek, jurnalistning “mashina olib qochgan sudya ishi bilan bog‘liq jarayon ayni paytda qaysi bosqichda?”, deya berilgan savoliga bu savolga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati rasmiy javob qaytarishini qo‘shimcha qildi.
Poytaxt IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Madiyeva bu haqdagi rasmiy axborotni so‘ragan jurnalist savoliga “Bundan xabarim yuk. Material bizda emas”, deya javob qaytardi.
Voqea tafsiloti
2025 yilning 21 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi kafelarning biridan mast holda chiqqan sudya mashina o‘g‘irlaganlikda gumonlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Foto: Skinshot
Ushbu xabarga munosabat bildirgan Sudyalar oliy kengashi gap kim haqida ketayotganiga qisman aniqlik kiritdi.
Sudyalar odobi kodeksi talablaridan kelib chiqib, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasining xizmatdan tashqari vaqtdagi xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi shu mavzuga doir xabarlarda tilga olinayotgan holatlarga xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlik kiritiladi va yakuni bo‘yicha lozim choralar ko‘rilishi ta’minlanadi, deyiladi kengash bayonotida.

Foto: Skinshot
“Kun.uz” sayti o‘z manbalariga tayanib, huquqbuzarlikda gumonlanayotgan sudya Mirobod tuman sudi sudyasi lavozimida bo‘lishining navbatdagi 10 yillik muddatiga tayinlangan Rustam Rahmonov ekanini aniqlashtirdi.

Rustam Rahmonov sudyalar maxsus kiyimida.
Foto: Videodan kadr
“Daryo” sudya Rustam Rahmonov bilan ham bog‘lanishga urindi. Sudya telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi. Qolaversa, Telegram orqali yo‘llangan savollarni ham ochiq qoldirdi.
Ma’lumot uchun: Jinoyat kodeksining 267-moddasiga ko‘ra, avtomobil o‘g‘irlagan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar