
Hindiston shimolidagi Kashmir shtatida mudhish voqea yuz berdi. The Hindu nashrining xabar berishicha, Paxalgam shahrida sodir bo‘lgan otishma natijasida kamida 25 nafar turist halok bo‘ldi, yana 20 dan ziyod odam turli darajadagi jarohatlar oldi.
Hindiston rasmiylari qurbon bo‘lganlar haqida aniq raqamlarni hozircha e’lon qilmagan bo‘lsa-da, mahalliy manbalar ko‘rsatkichlar yanada oshishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Ma’lum qilinishicha, mudhish hodisa Paxalgam shahri yaqinidagi Baysaran vodiysida yuz bergan. Noma’lum qurollangan shaxslar sayyohlar yurayotgan so‘qmoqqa hujum uyushtirib, ularni o‘qqa tutishgan. Mahalliy hokimiyat voqeani terrorchilik akti deb baholamoqda.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida hujumni keskin qoralab chiqdi:
«Biz terrorizmga qarshi kurashda qat’iy turibmiz va bu kurash yanada shiddat bilan davom etadi», — dedi Modi.
Voqea guvohlari ma’lum qilishicha, sayyohlarga harbiy forma kiygan bir nechta qurollangan shaxslar hujum qilgan. Jinoyatchilar voqea sodir bo‘lgan joydan qochishga muvaffaq bo‘lishgan. Ayni paytda Hindiston xavfsizlik kuchlari hududni o‘rab olib, hujumchilarni izlash va qo‘lga olish amaliyotini boshlagan.
Eslatib o‘tish joiz, Kashmir mintaqasi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi eng bahsli hududlardan biri hisoblanadi. Nyu-Dehli Islomobodni ushbu hududdagi terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab keladi. Pokiston esa bu kabi ayblovlarni mutlaqo rad etadi.
Hindiston rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilning aprel oyidan buyon Kashmir hududida sodir etilgan shunga o‘xshash hujumlar natijasida kamida 44 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Hozirda butun dunyo hamjamiyatining e’tibori yana bir bor ushbu mintaqaga qaratilgan bo‘lib, voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar