
Xitoy prokuraturasi mamlakatdagi yuqori lavozimli amaldorlardan biri – Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan Li Ganni hibsga olish bo‘yicha order berdi. Bu haqda Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi ma’lum qilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Li Gan katta miqdordagi poraxo‘rlikda ayblanyapti. Tergov jarayonida aniqlandiki, Li Gan o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mamlakat Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasiga turli mansabdor shaxslarni tanlash va ularni lavozimlarga tayinlash jarayonida pora olgan, shuningdek, noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullangan.
Bundan tashqari, Li Gan Markaziy qo‘mitaga tegishli daromadli shartnomalarni imzolash hamda yuqori lavozimlarni taklif qilish evaziga bir qator kompaniya vakillaridan katta miqdorda pul va qimmatbaho buyumlarni olib kelgan. Bu holat uning xizmat vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq ekanligi ma’lum qilindi.
Ushbu jinoyatlari sababli Li Gan 7 aprel kuni egallagan lavozimidan ozod qilinib, partiya safidan chiqarilgan edi.
Eslatib o‘tish joizki, 2024 yilning dekabrida ham Xitoy Kommunistik partiyasida shov-shuvli korrupsiya ishi bo‘yicha qatl hukmi chiqarilgan edi. Xususan, Xux-Xoto shahrining iqtisodiy va texnologik taraqqiyot zonasi ishchi qo‘mitasining sobiq kotibi Li Jianpin Xitoy Oliy xalq sudining qarori bilan qatl etilgan. U davlat budjetiga tegishli qariyb 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan va 800 million dollardan ziyod poraxo‘rlik qilganlikda aybdor deb topilgan.
Xitoy hukumati bu kabi holatlarga qarshi keskin kurash olib boryapti va bunday shov-shuvli ishlar mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi faoliyatning juda jiddiy ko‘rinishini namoyon qilmoqda. Yuqori lavozimdagi amaldorlarning pora olish holatlariga qarshi jiddiy jazo choralari qo‘llanilishi, mamlakat rahbariyatining bu boradagi qat’iy pozitsiyasidan dalolat beradi.
Li Ganning ushbu ishi ham Xitoydagi korrupsiyaga qarshi kurashning yana bir misoli bo‘lib, bu jarayonga nafaqat Xitoy jamoatchiligi, balki butun dunyo ham katta qiziqish bilan qaramoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar