22:50 / 03.08.2018
6 591

Bizga bunday avtosanoat kerakmi?

Bizga bunday avtosanoat kerakmi?
Keyingi ikki o‘n yillikdan oshiq vaqt davomida «O‘zavtosanoat» tizimi o‘zbek xalqining, korxona va tashkilotlarning moliyaviy qudratini so‘rib keldi. «GM-Uzbekistan» tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxini oshirish to‘g‘risidagi navbatdagi qaror, garchi u keyinchalik bekor qilingani haqida xabar tarqatilgan bo‘lsa-da, «O‘zavtosanoat» bu yuholigidan hali-beri voz kechmoqchi emasligini ko‘rsatdi.

Yuz millionlab dollarlik «shapka»

Gapni, avvalo, xalqimizning mashinaga munosabatidan boshlasak. Bizda avtomobilning harakatlanish vositasi emas, hashamat, nufuzlilik belgisi o‘laroq sifati hamon saqlanib turibdi. Shuning uchun o‘zbekda pul bo‘lsa, ishni mashina olishdan boshlaydi.

Xalqimizning bu «fazilati» avtosanoat tizimiga aloqador bir to‘da kimsalarning tinimsiz boyishiga sabab bo‘lgani bugun sir emas. Ichki bozorda sun’iy taqchillik yaratib, mashinani ming-ming dollar «shapka» kiydirib sotishlar, mijozni oylar emas, ba’zan yillar davomida sarson qilishlar hali esdan chiqqani yo‘q. Bu «shapka»larning umumiy miqdori shuncha yillar davomida yuzlab million dollarlarni tashkil etganini hisob-kitobni biladigan odam sizga darrov isbotlab bera oladi.

Rossiyada ko‘p yillar davomida mardikorlik qilgan bir tanishim o‘z vaqtida bitta «Neksiya»ni 20 ming dollarga olganini eslayman.

Har yili xorijga yo‘l oladigan millionlab vatandoshlarimiz ishlab topgan milliardlab dollar pullarining asosiy qismini mashina olish bahonasida qo‘sh qo‘llab mana shu tizimga aloqador olg‘irlar cho‘ntagiga solib qo‘yardi. Eng e’tiborlisi, bu shunchalik odatiy hol ediki, birovni hayron qoldirmasdi. Chunki bu tizim shunday ishlardi... Go‘yoki qonuniy asosda qurilgan mexanizmdek...

Tasavvur qilyapsizmi, gap milliardlab dollarlar haqida ketyapti. Holbuki, bu pullar bir to‘daning emas, balki butun xalqimizning turmush farovonligi, oilalar totuvligi, iqtisodiyotimiz o‘sishiga xizmat qilishi mumkin edi. Agar «O‘zavtosanoat»ning buzuq tizimi bo‘lmaganda, u xalqimizning moliyaviy qudratini zuluk kabi so‘rib kelmaganida...

Tasavvur qiling, siz o‘zimizda mashinani 10-15 ming dollarga emas, deylik, 7-8 ming dollarga xarid qilasiz. Aslida ham «GM-Uzbekistan» ishlab chiqaradigan toifadagi mashinalarning aksariyati dunyo bozorida bundan qimmat emas. Bunga ishonch hosil qilish uchun bizda ishlab chiqariladigan mashinalar Rossiyada qanchaga sotiladi-yu, ichki bozorda qanchaga sotilishini solishtirib ko‘rish kifoya. Xullas, mashinani 7-8 ming dollarga (yoki uning ekvivalentiga) sotib olish imkoniyati bo‘lganida bundan har bir mijoz, aytaylik, o‘rtacha 5 ming dollar yutardi. Ayni shu mablag‘ oilaning o‘z ehtiyojlariga yo‘naltirilardi. Kimdir uy qurardi, to‘y qilardi, kimdir kichik biznes ochardi. Qarabsizki, bu jarayonlarga bog‘liq sohalarda iqtisodiy faollik kuchayardi, natijada turmush yaxshilanardi, iqtisodiy rivojlanish tezlashardi.

Firmalar, korxonalar, tashkilotlar xususida ham shunday fikrni bildirish mumkin. Ular o‘z ehtiyojlari uchun zarur avtomobillarni qimmat narxda olishga majburligi bois, ortiqcha mablag‘larini rivojlantirishga yo‘naltirish imkoniyatlari cheklanib keldi.

Uchta «jip»ga tatiydigan «Lasetti»

Men ba’zi davralarda mashina haqida gurung ketganda: «Asakada avtomobil zavodi qurilishi o‘zbek xalqiga qimmatga tushdi. Agar bu zavod qurilmaganda bugun bizning ko‘chalarimiz «BMW», «Mercedes», «Toyota»lar bilan to‘lib-toshgan, narxi ham arzon bo‘lgan bo‘lardi. Qimmat «Neksiya» emas, arzon va ishonchli nemis yoki yapon mashinasini olganimizda, qolgan pulni yuqorida aytilgani kabi maqsadlarga ishlatganimizda foydasi ko‘proq bo‘lardi», deb ayt­ganman. Bu mulohazalarim qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, endi buni har kim o‘zicha hal qiladi. Lekin bir narsa kundek ravshan: Asakadan chiqadigan avtomobillar bois, ichki bozorda raqobat yo‘qoldi va monopoliya o‘zining qora ishini hali ham davom ettirmoqda.

Bir necha yillar avval tojikistonlik kursdoshim o‘zining «jip» avtomobilida tushgan suratini «Telegram»dagi guruhdosh­larga jo‘natib, 5 ming dollarga sotib olganini qo‘shimcha qilgandi. Bunga javoban Toshkentda yashaydigan boshqa kursdoshim «Lasetti»sining suratini joylab, «uchta jip», deya istehzoli izoh qoldirgandi.

Bunday monopoliya ichki bozordagi avtomobillar narxiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘n yilcha muqaddam bir tanishim «olti yuzlik» «Mercedes» sotib olib, kelin-kuyovlar uchun kortej biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgandi. O‘sha paytda bu rusumdagi avtomobil (minilgani) Qozog‘is­tonda 7 ming dollar, bizda esa 35 ming dollar ekanini bilib, fikridan qaytgandi. Chunki Qozog‘istondan arzonga olib kiraman desa... Bu yog‘i o‘zingizga ayon.

Yemagan somsaning puli

«O‘zavtosanoat»ning «GM-Uzbekistan» avtomobillari narxini oshirish qarorini dard ustiga chipqon deb baholash mumkin. Yaxshiyamki, bu qaror bekor qilindi (hozircha). Lekin mavjud muammo bu bilan yechimini topib qolgani yo‘q. Hali ham mashinalarning narx-navosi atrofida ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda.

Nega eksport bozorida «GM-Uzbekistan» avtomobillari narxi ichki bozordagidan ko‘ra arzonroq, degan savolga hamon qoniqarli javob olingani yo‘q. Valyuta tushumi va tashqi bozorda shu yo‘l bilan o‘z o‘rniga ega bo‘lish bahonalari esa xalqimizni ishontira olgani yo‘q.

Yana bir masala ko‘pchilikni qiynaydi. Nega xorijliklar «GM-Uzbekistan» avtomobillarini arzon olishi uchun o‘zbek xalqi pul to‘lashi kerak? Axir eksportga chiqarilayotgan mashinalar arzonligi ichki bozorda narxni ko‘tarish hisobiga qoplanayotganini yana qanday tushunish mumkin?!

Buning ustiga, o‘zimizda narx oshirilishi e’lon qilinayotgan bir paytda «O‘zavtosanoat» rahbari rossiyalik mijozlar uchun eksport narxlarini 30 foiz pasaytirish haqida gapirdi. Buni Rossiya bozorida raqobatbardoshlikni oshirish zarurati bilan izohladi. O‘zi shunday ham u yerda «GM-Uzbekistan» avtomobillari bizdagidan arzonroq-ku!

Quyidagi ma’lumotlarga e’tibor bering. Ayrim manbalarga ko‘ra, «Chevrolet Spark» (R2) O‘zbekistonda Rossiyadagidan ko‘ra o‘rtacha 467 dollar, «Chevrolet Nexia» (R3) — 1 214 dollar, «Chevrolet Cobalt» («Ravon R4») — 1 357 dollar, «Chevrolet Lacetti» («Ravon Gentra») 2 873 dollar qimmatroqdir. Eksport bozorlarida «GM-Uzbekistan» avtomobillari ichki bozordagidan ko‘ra yaxshiroq jihozlangan va o‘rtacha 1 465 dollar arzonroq. Qolaversa, xorijda bu avtomobillarga kafolat muddati ham ko‘proq (Rossiyada 3 yil yoki 100 ming km., O‘zbekistonda 1 yil va 20 ming km).

Yana o‘sha gap, nega o‘zbek xalqi tuzalishi qiyin bo‘lgan dardga chalingan bu tizimning injiqlari uchun pul to‘lashi kerak? Vaholanki, 22 yil davomida rivojlanib kelgan bu kasallik surunkali tus olganini «O‘zavtosanoat» rahbarining o‘zi e’tirof etib turibdi.

Hozir arzonmi?

Boshqa jihatdan olib qaraganda, «GM Uzbekistan» avtomobillarining narxi hozir shunchalik ham hamyonbopmiki, yana uni qimmatlashtirishga urinish bo‘lmoqda? Tan olaylik, bu narx hozir ham shu toifadagi avtomobillar uchun ancha qimmat.

Erinmasangiz, masalan, internetga kirib, bir «gugl»lashib ko‘ring, «Malibu»ning AQShdagi narxi bilan O‘zbekis­tondagi narxi o‘rtasidagi farqni ko‘rasiz. Holbuki, AQShda avtomobillar uchun xavfsizlik va ekologik talablar bizdagiga nisbatan ancha yuqori. Qolaversa, «Made in USA» «Malibu»ni ishlab chiqarish xarajatlari «GM Uzbekistan»nikidan ancha ortiq bo‘lsa ortiqki, kam emas. U yerda chiqadigan avtomobilning komplektatsiya­si ham bizdagidan boyroq. Ammo narxi arzonroq.

Esingizda bo‘lsa, konvertatsiya yo‘lga qo‘yilishi bahonasida ilgari, deylik, 8 ming dollar bo‘lgan avtomobil narxi 9-10 ming dollarga chiqarib olindi. Holbuki, bu valyuta erkinlashuvining «GM Uzbekistan»ga ko‘p-da aloqasi yo‘q edi. Korxona ilgari ham valyutani davlat kursida konvertatsiya qilish imtiyoziga ega edi. Shunday bo‘lsa-da, kishi bilmas qilib narxlarni oshirib oldi.

Mana, bir misol. Erkin konvertatsiyaga o‘tilishidan oldin tanishim «Gentra» rusumli avtomobilni rasmiy dilerdan, ya’ni avtosalondan 10 ming dollarga ham yetmaydigan narxda sotib olgandi. Bugun uning narxi 103,4 mln. so‘mdan 124 mln. so‘mgacha, dollarda $12,9 mingdan $15,5 minggacha.

Erkin konvertatsiya tufayli «GM Uzbekistan» avtomobillarini faqat so‘mga sotishga o‘tilgan paytda mutasaddilar valyuta kursi o‘zgarishiga bog‘liq ravishda mashinalar narxi ham o‘zgarishini va’da qilgandi. Lekin bu o‘rinda ham g‘irromlik bo‘ldi. So‘nggi oylar davomida AQSh dollari kursi pasayib bordi, ammo «GM Uzbekistan» avtomobillarining narxi shunga mutanosib ravishda tushmadi. Bizni yana aldashdi...

Keyinroq Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mahalliy avtomobillar narxi kes­kin oshishining oldini olish maqsadida «GM Uzbekistan» avtomobillari uchun aksiz solig‘ining stavkasi 27 foizdan 5 foizga tushirildi. Bu ham kor qilmadi...

Oldimizdagi yo‘l

«GM Uzbekistan» avtomobillarining narxi oshishi haqidagi xabar jamiyatimizni bir qalqitib oldi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda shunchalik ko‘p tanqidiy fikr yangradiki, ularning umumiy mazmunini mashhur shaxs­lardan birining: «Xalq va mamlakat manfaatiga xizmat qilmaydigan har qanday qaror yoki harakat xalqqa qarshidir», degan gaplari bilan qisqacha ifodalash mumkin.

Ko‘pchilik tomonidan «Zavod mahsulotlarini boykot qilish kerak», «Zavodni yopish lozim» kabi radikal takliflar o‘rtaga tashlanmoqda. Bu takliflar qanchalik o‘rinli, bilmadik, lekin bitta narsa aniq: tizimda radikal o‘zgarishlar qilish vaqti allaqachon yetdi. Bu o‘zgarishlar yangi avtozavodlar ochish yoki xorijdan kiradigan avtomobillar uchun turli to‘lovlarni kamaytirish yo‘li bilan amalga oshiriladimi, buni tegishli idoralar imkon qadar tez hal qilishi shart.

Eng asosiysi, bugun avtosanoatimizni bemorlikdan qutqarish harakatida ekanmiz, uning tovonini xalq to‘lamasligi kerak. Uning yukini xalqning gardaniga yuklash kerak emas. Aksincha, investorlar topish, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, raqobatni kuchaytirish yo‘lidan borish to‘g‘riroq nazarimizda.

Aks holda Prezidentimiz ham bir necha marta tanqid qilgan avtosanoat tizimi xalqimiz, korxona va tashkilotlarimizning moliyaviy qudratini so‘rishda davom etaveradi. Bu esa jadal rivojlanish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston iqtisodiyoti tomiriga bolta urish bilan barobardir.
Anvar Karimov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Bizga bunday avtosanoat kerakmi?