O‘zbekiston milliy jamoasi darvozaboni Abduvohid Ne’matov Urugvayga qarshi kechadigan bahs oldidan jurnalistlar savollariga javob berdi. U jamoa kayfiyati, tayyorgarlik jarayoni va raqib haqidagi fikrlarini baham ko‘rdi.
«Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, tiklanish mashg‘ulotlarini olib boryapmiz. Ertangi o‘yinga tayyormiz, har birimiz maydonda bor kuchimiz bilan harakat qilamiz», — dedi Ne’matov.
Darvozabonning so‘zlariga ko‘ra, Urugvay jahon futbolida o‘z o‘rniga ega jamoa, ammo O‘zbekiston ham raqobatbardosh o‘yin ko‘rsatishga qodir.
«Urugvay katta tajribaga ega terma jamoa. Biz murabbiylarimiz bilan ularning o‘yin uslubini chuqur tahlil qildik. Har qanday jamoaning kuchli va kuchsiz jihatlari bo‘ladi. Biz asosiy e’tiborni o‘z o‘yinimizga qaratmoqchimiz, o‘z uslubimizda harakat qilamiz», — dedi u.
Ne’matov, shuningdek, jamoa ichida ijobiy ruhiyat hukm surayotganini, barcha futbolchilar g‘alaba uchun jon kuydirayotganini ta’kidladi.
«Hozirda jamoada yaxshi muhit bor. Har bir futbolchi g‘alaba haqida o‘ylayapti. Biz uchun bu nafaqat o‘rtoqlik, balki tajriba va rivoj imkoniyati hamdir», — deya qo‘shimcha qildi darvozabon.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 13 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da start oladi.
Bu bellashuv terma jamoa uchun jiddiy sinov bo‘lishi kutilyapti — Ne’matov va jamoa a’zolari o‘z yurtini sharaf bilan namoyon etish niyatida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!