date

Fabio Cannavaro: “Biz Urugvaydan qo‘rqmaymiz, bu sinov — imkoniyat”

Fabio Cannavaro: “Biz Urugvaydan qo‘rqmaymiz, bu sinov — imkoniyat”

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Cannavaro Urugvayga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoaning tayyorgarligi va kutilmalar haqida fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bahs terma jamoa uchun jahon miqyosidagi sinov bo‘ladi.

«Avvalo, tashrif buyurgan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Biz kecha Malayziyaga yetib keldik, tiklanish mashg‘ulotlarini o‘tkazdik va endi barcha diqqatni Urugvayga qarshi uchrashuvga qaratdik.

Bu avvalgi bahslardan farq qiladigan o‘yin bo‘ladi — chunki biz dunyodagi eng kuchli jamoalardan biri va eng tajribali murabbiylardan biri — Marselo Byelsaga qarshi maydonga chiqamiz. Oldimizda oson emas, lekin bizni qo‘rquv emas, motivatsiya boshqaradi. O‘z o‘yinimizni ko‘rsatish, har bir daqiqada raqobat qilish niyatimiz bor», — dedi Cannavaro.

Murabbiyning ta’kidlashicha, o‘rtoqlik o‘yini bo‘lishiga qaramay, jamoa maydonda barcha kuchini sarflaydi:
«Bunday uchrashuvlar o‘z imkoniyatimizni namoyon etish uchun muhim. To‘pni ko‘proq nazorat qilishga harakat qilamiz — raqibga imkoniyat berish mumkin emas. Jahon chempionatida biz shunday jamoalarga qarshi o‘ynaymiz, shuning uchun har bir sinov biz uchun muhim tajriba».

Cannavaro tanqidlarga ham to‘xtalib o‘tdi:
«Sportda tanqid doimo bo‘ladi. Lekin muhim jihat — natija haqida o‘ylash va birgalikda harakat qilish. O‘rtoqlik bahslari — bu imkoniyat, chunki mundilda vaqt kam bo‘ladi. Shu sabab ba’zi futbolchilarni ortiqcha charchatmaslikka qaror qildik».

Fabio Cannavaro, shuningdek, jamoa uchun rejalar haqida ham ma’lumot berdi:
«Jahon chempionatigacha hali 8 oy bor. Bu vaqt ichida biz har bir futbolchini kuzatamiz va tarkibni yanada mustahkamlaymiz. Hozirgi bosqichda eng muhimi — birdamlik va ishonch».

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Urugvay o‘rtasidagi bahs 13 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da bo‘lib o‘tadi.

Bu bahs Cannavaro uchun jamoaning ruhiy tayyorgarligini baholash, futbolchilar uchun esa o‘zini xalqaro darajada sinab ko‘rish imkoniyati bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fabio Cannavaro: “Biz Urugvaydan qo‘rqmaymiz, bu sinov — imkoniyat”