07:30 / 16.06.2022
1 627

Urush dunyoni qanday qashshoqlashtiradi: 10 ta fakt va prognoz

Urush dunyoni qanday qashshoqlashtiradi: 10 ta fakt va prognoz
Foto: Reuters
2022 yilda Ukraina yalpi ichki mahsuloti 45 foizga, Rossiya yalpi ichki mahsuloti esa kamida 9 foizga qisqarishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, 4 ta postsovet davlati: Belarus, Moldova, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham iqtisodiy turg‘unlik boshlanishi mumkin. Umuman, shu yilning o‘zida jahon iqtisodiyoti kamida 1 trillion dollar yo‘qotadi – bu millionlab insonlarning hayot sifati yomonlashadi degani.

Jahon banki hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) o‘zlarining yarim yillik prognozlarida global iqtisodiyot istiqbollari haqidagi optimistik qarashlarini qayta ko‘rib chiqdi. Qayd etilishicha, iqtisodiy pasayish xavfi har qachongidan ham yuqori darajaga yetgan.

Dunyo Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari uchun katta tovon to‘laydi. Urush ikki yillik pandemiya davridan keyin boshlangan iqtisodiy tiklanishga tahdid soladi. Shubhasiz, eng qashshoq davlatlar boshqalardan ko‘ra ko‘proq jabr ko‘radi”, – deyiladi OECD hisobotida.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi, energiya bozorlarini beqarorlashtirdi, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat tanqisligi va qashshoqlikni kuchaytirdi”, deya yozadi Jahon banki iqtisodchilari.

BBC bu ikki tashkilot e’lon qilgan oxirgi hisobotlar asosida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi jahon iqtisodiyotiga qanday zarar yetkazishi mumkinligi borasida 10 ta fakt va prognozlarni keltirib o‘tdi.

1. Urushning narxi
Jahon banki 2022 yilda global iqtisodiyotning o‘sishi bo‘yicha prognozlarini 4,1 foizdan 2,9 foizga, OECD esa 4,5 foizdan 3 foizga pasaytirdi.

O‘sishning bir yarim foizga qisqarishi – ulkan miqdor hisoblanadi, chunki joriy yilda global yalpi ichki mahsulot birinchi marta yiliga 100 trillion dollardan oshib ketishi kutilayotgan edi.

Foto: EPA
Urushdan tashqari, Xitoyda joriy qilingan karantin cheklovlari va Rossiya agressiyasi tufayli yuzaga kelgan rekord darajadagi inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun rivojlangan mamlakatlarda kredit stavkalarining oshirishi ham iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilmoqda.

2. Kambag‘allar boylardan ko‘ra ko‘proq aziyat chekadi
Iqtisodiy inqiroz natijasida rivojlanayotgan mamlakatlar rivojlangan mamlakatlarga qaraganda tezroq qashshoqlashadi, chunki oziq-ovqat va energiya resurslarining jahon bozoridagi narxlari oshib bormoqda. Shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat, yoqilg‘i, texnologiya va boshqa mahsulotlarni sotib olish uchun xorijiy valyutadagi qarz stavkalariga bog‘liqlik darajasi ham yuqori darajada. Shu nuqtayi nazardan, Rossiyaning Ukrainaga hujumi aynan ularga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.

Foto: EPA
COVID-19 rivojlanayotgan mamlakatlarda daromadlar o‘sishi va qashshoqlikning qisqarishiga jiddiy putur yetkazdi. Ukrainadagi urush oqibatlari esa bu muammolarni yanada kuchaytiradi. Natijada, ushbu mamlakatlarning taxminan 40 foizida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar pandemiyadan avvalgi darajaga qaytmaydi va retsessiyadan qochish juda qiyin bo‘ladi”, – deya ogohlantiradi Jahon banki.

Rossiya va Ukrainadan bug‘doy eksportining to‘xtatilishi rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat tanqisligiga olib kelishi mumkin. Ularga nafaqat iqtisodiy inqiroz, balki gumanitar falokat, qashshoqlik va ochlik ham tahdid solmoqda”, – deb yozadi OECD iqtisodchilari.

Joriy yil boshida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiy o‘sish trayektoriyasiga qaytishi kutilgandi, ammo Rossiya armiyasi Ukraina chegarasini kesib o‘tdi.

Rossiya bosqini sabab 2022 yilda mintaqa iqtisodiyoti taxminan 3 foizga qisqaradi”, deb yozadi JB. Urushdan oldin esa retsessiya emas, balki 3 foizlik o‘sish prognoz qilingandi.

Rossiya, Ukraina va sobiq SSSRning yana 4 ta davlati: Belarus, Moldova, Qirg‘iziston va Tojikistonda iqtisodiy turg‘unlik kuzatilishi mumkin, deb hisoblaydi Jahon banki.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda Ukraina yalpi ichki mahsuloti 45 foizga qisqaradi va yaqin yillarda tiklanmaydi.

Urushning oqibatlari uzoq yillar davomida seziladi. Bu Ukraina iqtisodiyotida vayron qilingan sanoat, kuyib ketgan dalalar, yo‘qotilgan inson resurslari ko‘rinishida chuqur iz qoldiradi”, – deb yozadi iqtisodchilar.

Foto: Reuters
Rossiya YAIM esa joriy yilda 9 foizga qisqarishi mumkin va keyingi yilda ham o‘sish kuzatilmaydi. Hatto neft embargosi, investitsiyalar va daromadlarning qisqarishi fonida 2023 yilda ham 2 foizlik pasayish bo‘lishi mumkin.

4. Ukrain qochqinlari Yevropa davlatlariga qimmatga tushadi
OECD hisob-kitoblariga ko‘ra, faqatgina 2022 yilning o‘zida Yevropa Ittifoqi Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun 26 milliard yevro sarflaydi. Bu miqdorning uchdan ikki qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilish va joylashtirish xarajatlaridir. Ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlarini moliyalashtirish uchun yana taxminan 9 milliard yevro talab qilinadi.

Hozirda Yevropa Ittifoqida 5 milliondan ortiq ukrainalik qochqin bor.

Ukrainadagi urush Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda eng ko‘p miqdorda aholi migratsiyasiga olib keldi. Ikki yillik mojarodan so‘ng Suriyadan kelgan qochqinlar soni uch millionni tashkil etgan bo‘lsa, Ukrainadagi urushning dastlabki uch haftasida xuddi shuncha miqdordagi odamlar qochib o‘tdi”, – deb yozadi OECD.

5. Ukrainadan va Rossiyadan kelgan qochqinlar Yevropa uchun faqatgina ortiqcha xarajat emas
Ular YEI va boshqa rivojlangan G‘arb mamlakatlarida pandemiyadan keyin iqtisodiyotni tiklashdagi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lgan ishchi kuchi yetishmasligini qisman qoplash imkonini beradi.

Foto: Reuters
Ukrainalik qochqinlar va rossiyalik muhojirlar, ayniqsa, o‘qimishli va malakali ishchilar oqimi o‘rta muddatli istiqbolda mehnatga layoqatli aholi sonining oshishi hisobiga iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, – deya yozadi JB.

6. Urush sabab neft va gaz narxi oshdi
Sanksiyalar va Rossiyaning energetikadagi harakatlari tufayli neft narxi pandemiya davridagiga qaraganda nominal qiymatda deyarli 4,5 baravar ko‘tarildi. 1970 yillardagi eng yirik neft inqirozidan keyingi davrda global bozorda bu kabi keskin sakrash kuzatilmagandi.

Foto: Reuters
Yevropada gaz narxi tarixiy rekordlarni yangiladi, ko‘mir narxi 2008 yilgi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yaqinlashmoqda. Narxlar oshishiga Rossiyadan import qilishning kamayishi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Ilgari Yevropadagi gazga bo‘lgan talabning 40 foizi Rossiya tomonidan ta’minlangan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 35 foizga, hozirda esa 25 foizgacha pasaygan.

7. Jahon savdosining taxminan 3 foizi xavf ostida
Sanksiyalar va embargolar nafaqat neft va gaz, balki boshqa barcha tovarlar savdosiga ham ta’sir qilgan. OECD iqtisodchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy qilingan cheklovlar jahon savdosining qariyb 3 foiziga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Dunyo bo‘ylab sotiladigan 4500 ta asosiy turdagi tovarlardan Rossiya va Ukrainaning ulushi 15 foizdan oshadigan mahsulotlar ajratilib, urush sharoitida uzilishlar kuzatilishi mumkin bo‘lgan eng zaif yuzta pozitsiya ajratib olingan. Bular asosan metallar, neft-kimyo va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat.

Foto: EPA
8. Dollar kursi mustahkamlanmoqda. Bu qashshoq mamlakatlarga tahdid soladi
Dollarning mustahkamlanishi AQSHda kredit stavkalarining oshishi va urush fonida yevroning zaiflashishi bilan bog‘liq tarzda kechmoqda.

Valyutadagi kreditlarning o‘sishi ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarning moliyaviy barqarorligiga tahdid soladi, chunki dollar kursining o‘sishi ularning tashqi qarzlarini qayta moliyalashtirish xarajatlarini oshiradi va investorlarning sarmoya kiritish istagini kamaytiradi”, deydi Jahon banki.

OECD potensial qurbonlarning nomlarini ham sanab o‘tadi.

Xorijiy valyutadagi davlat qarzlarining ulushi Turkiya, Bolgariya, Ruminiya va Argentinada yuqori – 50-70 foiz darajasida saqlanib qolmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlardan kapitalning chiqib ketishi kuchaysa, keyingi devalvatsiya ularning qarz yukini keskin oshiradi”, – deb yozadi mutaxassislar.

9. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash vaqtinchalik unutildi
Yevropa Rossiyaga neft va gaz qaramligidan qutulishga shoshildi va iqtisodiyotini “yashil qayta qurish” rejalari barbod bo‘ldi. Ular “iflos” ko‘mir va yadro yoqilg‘isini “toza” tabiiy gazga almashtirishga harakat qilayotgan edi.

Foto: Reuters
Energetika inqirozining oldini olishga urinishlar muqobil uglevodorod yetkazib beruvchilarni izlash va ko‘mir iste’molini ko‘paytirish vahimasini vujudga keltirdi . Bu ayni vaziyatda vaqtinchalik yechim, chunki dunyo toza energiya manbalariga muhtoj”, – deydi OECD bosh iqtisodchisi Lorans Bun.

10. Urush qancha vaqt davom etadi va sanksiyalar qachon bekor qilinadi?
Jahon banki ham, OECD ham u yoki bu ko‘rinishda urush kamida bir yil davom etadi, Rossiya va Belarusga qarshi sanksiyalar esa o‘z kuchida qoladi, degan ehtimoliy taxminlarni ilgari surishgan.

Shuningdek, Rossiya ko‘mir va neftiga Yevropa embargosining ​​kuchga kirishi, tovar va metallar bahosining o‘sishi to‘xtashi, lekin narxlar yuqoriligicha qolishi, jahon savdosi logistika muammolariga duch kelishda davom etishi va dunyo bo‘ylab kredit stavkalarining yanada ko‘tarilishi ta’kidlangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urush dunyoni qanday qashshoqlashtiradi: 10 ta fakt va prognoz