1985 yil 8 may kuni fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 40 yilligi munosabati bilan qilgan ma’ruzasida Mixail Gorbachev g‘alabani Stalin va sovet tuzumi bilan bog‘ladi. Holbuki, bu g‘alaba – millionlab qurbonlar bergan xalqning g‘alabasidir. Stalin va sovet siyosiy tuzumi esa bu urushning sababchisi va g‘alabaning haddan ziyod ko‘p qurbonlar evaziga kelganining aybdoridir.
KPSSning Bosh kotibi o‘sha ma’ruzasida urushning sababchisi bo‘lgan muhim hujjat - 1939 yil 23 avgustda SSSR va Olmoniya o‘rtasida tuzilgan «Ribbentrop-Molotov pakti» haqida lom-lim demadi. Keyinchalik Oktabr to‘ntarishining 70 yilligi munosabati bilan u Stalinning soxta taxminini takrorladi: go‘yo g‘arb davlatlari SSSR bilan bitim tuzishni xohlamaganlari, buning ustiga Olmoniyani SSSR bilan urishtirishga uringanlari tufayli Stalin Gitler bilan bitim tuzgan emish.
Mana, uning so‘zlari: «G‘arb davlatlarining mo‘ljali shunday: SSSRni ittifoqchilik va’dasi bilan chalg‘itib, hujum qilmaslik haqidagi bitimning imzolanishiga qarshilik qilish, bizni gitlerchilar Olmoniyasining muqarrar hujumiga durust tayyorlanish imkoniyatidan mahrum etish edi». Urushga qay tarzda «durust tayyorlanganmiz»ni aytmay qo‘ya qolaylik. Fashistlar hujumining kutilmaganligidan rahbarlarimiz gangib qolgani, urushning ibtidosidayoq askarlarimizning 80 foizi asir tushganini eslasak, «durust tayyorgarlik» qanday bo‘lgani oydinlashadi.
Gorbachev va bu ma’ruzaning mualliflaridan shuni so‘rash lozim: xo‘sh, g‘arb davlatlariga nega Olmoniya rostdan ham SSSRga hujum qilganda Gitlerga yordam bermadilar yoki betaraf bo‘lib turmadilar, aksincha, Sovet Ittifoqi tomonda turdilar?! Gap shundaki, agar Moskva demokratik g‘arb bilan shartnoma tuzsa, Gitler SSSRga hujum qilishga jur’at eta olmas edi, shuning barobarida Stalin ham o‘z qizil imperiyasini Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Bukovina, Bessarabiya hisobiga kengaytirolmasdi. Shuning uchun Stalin 1939 yilda - urush oldidan Gitler bilan razil maqsadlar yo‘lida bitim tuzdi. Ko‘r ko‘rni qorong‘uda topdi.
Gitler va Stalin. Bu ikki shaxsning bir-biriga o‘xshashligi ko‘p. Natsizm va kommunizm - fashizmning turlaridir. Biri irqiy fashizm bo‘lsa, ikkinchisi sinfiy fashizm demakdir. Gitler Stalinni g‘oyibdan ham ustoz hisoblab kelardi. U kommunofashist Koba Jugashvili – Stalinni hurmat qilardi. Ma’lumotlarga murojaat qilaylik: urush yillarida Adolf Gitler qo‘mondonligida «Volfsshantse» («Bo‘ri uyasi») ataladigan Sharqiy Prusiyadagi Rastenburg shahri yaqinidagi fyurer qarorgohida stenografistlik xizmatini qilgan nemis Genri Piker «Gitlerning stolusti suhbatlari» kitobida «uchinchi reyx fyurerining nutqlarini keltiradi.
Mana, ayrim iqtiboslar: «Stalinni yahudiylarni san’atga yo‘latmagani uchun ham qadrlasa arziydi» (23 mart, 1942 yil). «Saltanatni faqat kuch bilan tiklash va saqlab turish mumkin (Gitler qanchalar stalinona fikrlamoqda. – K.B.)… Stalin ham o‘rislarni jipslashtirish uchun qat’iy intizom va kuchli davlat shart, degan xulosaga kelgan» (11 aprel, 1942 yil). «Stalinga ham, shubhasiz, yetarli darajada hurmat bilan qaramoq joiz. U o‘ziga xos dahodir. Uning ideali Chingizxon va unga barobar kishilardir» (22 iyul, 1942 yil). «Cherchil – shoqol bo‘lsa, Stalin – yo‘lbars» (27 iyul, 1942 yil). Ko‘rinib turibdiki, Gitler Stalinning hurmatini joyiga qo‘yib gapiradi. Ayni paytda Gitler bu gaplarni SSSR va Olmoniya ayovsiz urushayotgan bir paytda aytmoqda.
Na Gitler, na Stalin ijtimoiy kelib chiqishi jihatdan hukmron sinfning vakillari emasdi. Ular tug‘ilgan paytda Stalinday bir etikdo‘zdan yoki Gitler kabi xushtordan tug‘ilgan tayinsizdan hukmdor chiqishiga hech kim ishonmagan bo‘lardi. Ularning hokimiyat tepasiga kelishi Birinchi jahon urushidan so‘ng, dunyodagi mavjud tartib o‘zgargan davrda, Rossiya imperiyasi qulagan, Rossiyada ham, Olmoniyada ham markaziy hokimiyat inqirozga uchragan holatda yuz berdi. Ularni XX-asrning hali o‘shanda mohiyati anglab yetilmagan, asr boshida mashhur bo‘lgan siyosiy nazariyalar shakllantirdi va hokimiyatga olib chiqdi.
Stalin marksizmni bayroq etib, hokimiyatga talpingan bo‘lsa, Gitler sotsial-darvinizm va irqchilikni niqob qilib oldi. Marksizm-leninizm va sotsial-darvinizm asr boshida ko‘plarga yangi dunyoviy tartibning ramzi bo‘lib tuyulgandi, bir asr davomida ular millionlab xalqlarning hayotiga zomin bo‘ldi, bu Gitler va Stalin kabi qonxo‘rlarga qo‘l kelgan nazariyalarning fashistona mohiyati XX-asrning oxiriga kelib qonga yo‘g‘rilgan tajribalarda ayon bo‘ldi.
Adolf Gitlerning sharqiy kengliklarni zabt etishga chog‘langan dunyoqarashi mohiyatiga ko‘ra Stalin va bolshavoylar siyosatiga hamohangdir. Fyurer nutqlarining stenografik yozuvlarini xalqimiz KPSS hukmronligida boshidan kechirgan fojealar bilan taqqoslasak, ikki «daho» – Stalin va Gitlerning ruhan mushtarakligini ko‘ramiz, ular qurgan tuzumlar o‘xshashligidan hayratlanamiz.
Mana, Gitlerning so‘zlari: «Yilda bir marta qoloq xalqlarning vakillarini imperiya poytaxtidan qator qilib o‘tkazamiz, toki ular shaharning haybatli tosh qal’alarini ko‘rib, qudratimizni sezib tursinlar» (8-9.09.1941 yil). Gitlerning bu fikri bizga har yili Moskovning Qizil Maydonida o‘tkazilgan paradlarni, tanklar, to‘plar va raketalar namoyishini eslatmaydimi?!
Gitler aytadi: «Agar men ozod mamlakatni bosib olib, unga erk bersam, bundan ma’ni bormi?! Qon to‘kib xalqlarni yenggan kishining ular ustidan hokimlik qilishga ham haqqi bor» (03.03.1942 yil). Ikkinchi Jahon urushi oxirida Ovro‘po davlatlarini bosib olgan Sovetlar Ittifoqi ularga ozodlik berish, xalqlar tanlagan tuzumni tiklash o‘rniga barcha bosib olgan yerlarida kuch bilan «sotsializm»ni o‘rnatdi, ularni «Iqtisodiy Hamkorlik Kengashi» va «Varshava shartnomasi» doirasida ushlab turdi, dunyoga chiqishlariga yo‘l bermadi. Bu Gitlerning «qon to‘kkanning haqqi» haqidagi yo‘rig‘iga juda mos keladi!
Gitler aytadi: «Saltanatning sharqdagi mustamlaka xalqlarini boshqarish manfaatlariga ko‘ra bizning asosiy yo‘limiz ulardagi shaxsiy qoloqlikni, tarqoqlikni qo‘llab-quvvatlash, davlat bo‘lib uyushishlariga yo‘l qo‘ymaslik, natijada bu millatlar aholisini madaniy qoloq holatda saqlamoqdir» (11.04.1942 yil). Xalqimizning tarixiy yodgorliklari sovetlar davrida vayron etilishi, buyuk ajdodlarimizning meroslaridan mahrum qilinganimiz, imon-e’tiqodimizning quvg‘in qilinishini yodimizga keltirsak, fyurerning «mustmlaka xalqlar aholisini… madaniy qoloq holatda saqlash» siyosati sovetlar milliy siyosatining asosida yotganiga ishonchimiz komil bo‘ladi.
Ular bir g‘oyaning ikki quli: Gitler – «nazariyotchisi», Stalin – «amaliyotchisi» edilar. Mana, Gitlerning yo‘rig‘i: «Har qanday holatda qanchadir kattaroq hududlar uchun yagona cherkovu masjidlar qurishni man qilish kerak… Bu makonlarni mayda birliklarga bo‘lib yuboruvchi sabablarni qo‘llab-quvvatlamoq kerak» (11.04.1942 yil).
Buyuk Turkistonning ikki asr mobaynida avval xonliklarga, keyin O‘zbekiston, Qozog‘iston Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston (SSSR), Sharqiy Turkiston (Xitoy), Janubiy Turkiston (Afg‘oniston) etib bo‘lib yuborilganligi, masjidlari vayron qilinganini eslaylik va bu harakatlarni fashistlar fyurerining yuqoridagi yo‘rig‘i bilan solishtiraylik – sovetlar hamisha fashistlarcha siyosat yurgizganlariga shubha qolmaydi.
Gitler sovet saltanati kabi bosib olingan hududlardagi xalqlarning savodli bo‘lishidan qo‘rqar edi: «Zero bunday savod ularning qobiliyatliroqlariga tarix sohasida muayyan bilimlarni olish va, natijada, siyosiy xususiyatga ega bo‘lgan xulosalarga kelish imkonini beradi, bu xulosalarning tig‘i muqarrar bizga qarshi yo‘naltiriladi… Faqat musiqa va yana musiqa eshittirish kerak. Kamroq o‘ylasinlar. Ko‘proq raqsga tushsinlar» (11.04.1942 yil). Umuman, xalqni tomoshalar bilan, yengil-yelpi namoyishkorlik bilan ovutish avtoritar tuzumlarning sevimli usulidir.
Gitler aytadi: «Nemis bo‘lmagan aholining yuksak ma’rifatga erishuviga hech qachon yo‘l qo‘ymaslik kerak» (22.07.1942 yil). Sovet davlati bizning imlomizni bir necha marta o‘zgartirdi, endi savodimiz chiqay deganda yana yangi alifbo kiritilardi. Tariximiz buzib talqin etildi, sovet tuzumi o‘z foydasiga hal kilib ishlatishga yetarli darajadagina ilm berdi, maktablarda bo‘ynimizga qizil bo‘yinbog‘ taqtirib, qotib qolgan dogmalarni o‘rgatdi.
Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekiston kabi barcha milliy jumhuriyatlardagi mahalliy xalqlar vakillaridan harbiy mutaxassislar deyarli tayyorlanmadi. Zero, Adolf Gitler shunday e’tirof qiladi: «Tarix shuni o‘rgatadiki, barcha hukmron xalqlar bosib olingan xalqlarga qurol-yaroqqa yetishish imkonini berganlari uchun halokatga uchraganlar» (11.04.1942 yil). Yoki yaqin-yaqingacha «oilani rejalashtirish» niqobi ostida O‘zbekistonda ayollarni pushtsiz qilish, bola tug‘maydigan etishdan iborat fashistona siyosatini eslaylik.
SSSRning so‘nggi kunlarida ham Sovet Ittifoqi Sog‘liqni saqlash ministri tug‘ishni oldini oladigan preparatlarni bepul tarqatish haqidagi buyrug‘ini O‘zbekistonga jo‘natgandi. Bizning vazirligimiz esa bu buyruq asosida kengaytirilgan dastur ishlab chiqqandi. O‘ris olimi A.Bestujev-Lada «Nedelya» gazetasida sovetlar mamlakatida yuzaga kelgan ikki xil demografik vaziyatdan tashvishlanib, SSSRning aholi tez ko‘payib borayotgan «Osiyo» qismida – tug‘ishning «zarari»ni, tug‘ish kamaygan «Ovro‘po» qismida ko‘proq tug‘ishni targ‘ib qilishni taklif qilgan edi.
«Ikki xil demografik vaziyat ikki xil siyosat yurgizishni talab qiladi», - deb yozgan edi u. Xuddi shunday «ikki xil», ya’ni ikkiyuzlamachi siyosat yurgizildi. Xo‘sh, kommunistlar e’tirof etganday, «SSSRda hamma teng huquqli» bo‘lsa, «millatidan, irqidan, dinidan qat’i nazar» Sovet Ittifoqi «barchaning Vatani» bo‘lsa, nega bir millatning ko‘payishidan tashvishga tushish kerak?! Bu niqoblangan fashizm demakdir. Niqob shuki, ayollar zaif ekan, kamqon, xasta ekan, shuning uchun kam tug‘ishi kerak emish…
Vo darig‘, tug‘ishni emas, kasallikni kamaytirish kerak! Ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish lozim, dalalarda dehqonlar ustidan zaharli kimyoviy dorilarni sepmaslik shart, tibbiyotning ahvolini, tabiblarning malakasini ko‘tarish kerak, xalqning turmush darajasini oshirish darkor. Kasallikni kamaytirishning yo‘li odamlarning o‘zini kamaytirib qo‘ya qolish ekan-da?!
Bu harakatlarning zamirida fashistona g‘oyalar yotadi. Mana, Gitlerning so‘zlari: «Demak, bular… bunchalar tez ko‘paymasalar edi, bunday holat bizga foydali bo‘lardi… Shuning uchun tug‘ishga qarshi vositalarni sotishni keng yo‘lga qo‘yish lozim, chunki nemislardan boshqa xalqning ko‘payishidan biz manfaatdor emasmiz» (22.07.1942 yil).
Gitler imperiyachi, ya’ni reyxsfyurer sifatida Stalinni e’tirof etishi tabiiy. Zero, aynan Stalin adadsiz kuch va zulm bilan Leninning 1917 yilgi Oktabr to‘ntarishi oqibatida parchalanib ketgan imperiyani qon to‘kib qayta tiklagan kimsadir.
«Inqilob» deb atalgan to‘ntarish amalga oshganidan so‘ng, Lenin «xalqlar mahbusxonasi» deb atagan Rossiyadan birin-ketin «mahbuslar» – mustamlaka xalqlar qocha boshladilar: polyaklar, finlar, boltiqliklar, kafkazliklar, turkistonliklar, tatarlar bolshavoylardan mustaqillik talab qildilar. Qolaversa, bu xalqlarning aksariyati chorizmni yengib, uning zulmidan xalos bo‘lmoq umidi bilan inqilobda qatnashgan edilar.
Oqibatda esa, chorizmni ag‘darib tashlagan ellar bolshevizm zulmi ostida qoldilar. Stalinni bejiz «xalqlar otasi» deb atashmagan: u erk istagan «farzand»larini Qizil Armiyaning miltiq va pichoqlari yordamida «ota» imperiyasi ostiga qaytardi, keyinchalik sharqiy Ovro‘po xalqlarini, shu jumladan, parchalangan Avstriya-Vengriya imperiyasining xalqlarini ham miltiq o‘qtalib «sotsialistik xonadoni»ga haydab kirgizdi.
Bu xalqlar ozodlik istaklaridan bir lahza ham kechmadilar. «Qayta qurish» ketidan kelgan ozodlikni barcha «sotsialistik» mustamlakalar quvonch bilan qarshi oldilar. Bolshavoylarning quldorlik tuzumidan manfaat ko‘rgan ayrim sobiq amaldorlar, ba’zi soddadil faxriylar hali-hanuz «xalqlar otasi»ning qamchisini qo‘msab, suratini asrab yuradilar. Ammo aqlini tanigan xalqlar bugun bolshevizm, natsizm, sotsializm, fundamentalizm, totalitarizm kabi nomi boshqa-boshqa, ma’nosi esa bitta, ya’ni fashistona zo‘ravonlik bo‘lgan tuzumlarning mohiyatini anglab yetmoqdalar.
(davomi bor)
Karim Bahriyev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi