17:47 / 03.08.2022
1 873

Shryoder Putin bilan yana uchrashganini tasdiqladi

Shryoder Putin bilan yana uchrashganini tasdiqladi
Foto: DPA
Germaniyada Kremlga yaqinligi uchun keskin tanqid qilinayotgan sobiq kansler Putinning Ukraina va G‘arb bilan mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish istagi borligini ma’lum qildi.

Germaniyada Kremlga yaqinligi va Rossiya davlat konsernlaridagi faoliyati uchun keng tanqid qilingan sobiq kansler Gerhard Shryoder iyul oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yana uchrashganini tasdiqladi. 3 avgust, chorshanba kuni chop etilgan Stern haftaligi va RTL/n-tv telekanallariga bergan intervyusida u Putin Ukraina va G‘arb bilan mojaroga muzokaralar yo‘li bilan yechim topishni istashini aytdi.

Shryoder bu jarayonda RF, Ukraina, Turkiya va BMT o‘rtasida Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini dengiz orqali eksport qilish to‘g‘risidagi kelishuvning tuzilishini birinchi muvaffaqiyat deb hisoblaydi. «Ehtimol, bu asta-sekin o‘t ochishni to‘xtatishga qadar kengaytirilishi mumkin», dedi u. 22 iyul kuni Istanbulda Ukraina g‘allasini eksport qilish bo‘yicha kelishuv imzolangan, bir kun o‘tar-o‘tmas Odessa porti Rossiya tomonidan raketa hujumiga uchragandi.

Shu bilan birga, sobiq kansler Germaniya va Fransiya zimmasiga tushadigan alohida mas’uliyat haqida gapirib, hozirda ularning harakati Ukrainadagi harbiy mojaroga barham berish uchun yetarli emasligini ta’kidladi. U Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan mojaroni hal qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni olqishladi. Sobiq kansler iyul oyida g‘alla bo‘yicha imzolangan kelishuvdan tashqari, mart oyida Turkiyada Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarni eslatib o‘tdi.

OAV tomonidan Putinning azaliy do‘sti deb hisoblanadigan Shryoder yana bir bor Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini «Rossiya hukumatining xatosi» deb atadi, lekin Rossiya prezidenti bilan shaxsiy munosabatlarini uzishdan bosh tortdi. U «urushni bir necha bor qoralagan» va shu bilan birga, «uning Vladimir Putindan shaxsiy uzoqlashishi kimgadir foyda keltiradimi» deb savol bergandi, deya ta’kidladi sobiq kansler. U bu masala bo‘yicha allaqachon qaror qabul qilganini va undan voz kechmasligini bildirdi.

Mart oyi boshida, RFning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan bir necha kun o‘tgach, Shryoder Moskvaga keldi va Putin bilan urush haqida gaplashdi. Shundan so‘ng, u Kreml mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishdan manfaatdor ekanini aytdi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan Germaniyada Gerhard Shryoderni tanqid qilish keskin kuchaydi. Uning Rossiya bo‘yicha pozitsiyasiga norozilik sifatida bir qancha xodimlari iste’foga chiqdi, may oyida esa hukmron koalitsiya sobiq kanslerni bundestagdagi ofisidan mahrum qildi.

Ayni paytda Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) Shryoderga qarshi a’zolikdan mahrum qilish jarayonini o‘tkazmoqda, 17 tuman va shahar partiya birlashmalaridan tegishli arizalar kelib tushgan. Partiyada hatto uning sobiq eng yaqin hamkorlari ham undan uzoqlashgan, jumladan Germaniyaning amaldagi federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer ham.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shryoder Putin bilan yana uchrashganini tasdiqladi