08:00 / 10.08.2022
1 692

Yevropa o‘rtasidagi «porox bochkasi». Zaporijjya AES atrofidagi holat qaltisligicha qolmoqda

Yevropa o‘rtasidagi «porox bochkasi». Zaporijjya AES atrofidagi holat qaltisligicha qolmoqda
Foto: «Meduza»
«AES xavfsiz ishlashi uchun kerak bo‘lgan prinsiplar buzilgan, vaziyat juda xavfli. Xalqaro tashkilot rahbari va oddiy ijtimoiy ishchi sifatida ikki tomondan bizning AESga kirishimizni uyushtirishni o‘tinib so‘rayman», deydi Grossi tashkilot ob’ektni tekshiruvdan o‘tkazishi zarurligini ta’kidlar ekan.

Xalqaro atom energetikasi agentligi rahbari tashkilot mutaxassislari Zaporijjyadagi AESni tekshirishi kerak ekanini aytib keladi. Rossiya hududni bosib olgach, u yerga qo‘ygan odamlari bu borada hamkorlik qilishga tayyorligini aytgan. Ammo avvalroq xalqaro tashkilot vakillari AESga kirishiga Ukrainaning «Energoatom» tashkiloti qarshilik qilgan. «Energoatom» buni Xalqaro atom energiyasi agentligi vakillari Zaporijjyadagi ob’ektga borishi Rossiya AESni o‘zlashtirganini legitimlashtirish deb tushunilishi bilan izohlagan.

Keyinroq Ukraina hukumati biroz boshqacha chiqish qildi. Ukraina prezidenti ofis rahbari Andrey Yermak AESga xalqaro ekspertlar borishini zarur deb hisoblaydi. Ukraina energetika vaziri German Galushenko esa Xalqaro atom energiyasi agentligi Ukrainadagi urushni xuddi Rossiya rasmiy pozitsiyasidagi kabi «maxsus harbiy operatsiya» deb ataganiga e’tibor berib, bu tashkilot urushga nisbatan haddan tashqari neytral pozitsiyada ekanini tanqid qildi.

Atom tadqiqotlari bilan shug‘ullanuvchi «Nuclear Threat Initiative» notijoriy tashkiloti direktori Nikolas Rotning fikricha, Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari ayni damda juda muhim odam hisoblanadi: «Grossi hozirda juda muhim siyosiy rol o‘ynamoqda, u trevoga qo‘ng‘iroqlarini chalishi mumkin. Biz xavfni kamaytirishni istasak, bu juda muhim. Biz avval bo‘lmagan holatga guvoh bo‘lyapmiz, butun boshli davlat yadro ob’ektidan urushda himoya vositasi sifatida foydalanmoqda», deydi Rot.

Mintaqa uchun jiddiy xavf

Seshanba kuni AQSH davlat kotibi Entoni Blinken rossiyaliklarni AES hududi va atrofidan turib artilleriya zarbalari berayotgani uchun tanqid qildi. U Ukraina armiyasi AES atrofida turgan artilleriya kuchlariga zarba bera olmasligiga e’tibor qaratdi. Ukraina qo‘mondonligi vakillari, Nikopol va Marganetsda yashovchi aholi ham shunday ma’lumotlar bergan.

Zaporijjya AESdagi holat G‘arbda urushning ilk kunlaridanoq muhokama qilina boshlagandi. Rossiya avvaliga ob’ekt hududini egallash uchun artilleriya zarbalari yo‘llagan bo‘lsa, endi xalqaro ekspertlarning chiqishiga e’tibor bermay, AESdan hududidan ochiqchasiga platsdarm sifatida foydalanmoqda.

AESda nimalar bo‘lmoqda?

Rossiya AESni mart oyi boshidayoq egallab olgandi. Rossiya stansiyani va u joylashgan Energodar shahrini bosib olguniga qadar ob’ektni o‘qqa tutdi. Hatto AESdagi ma’muriy binolardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda butun dunyoda navbatdagi yadro halokati sodir bo‘lishi borasida xavotirlar paydo bo‘ldi.

O‘shanda AES matbuot kotibi Andrey Tuz ob’ekt intensiv ravishda o‘qqa tutilgani, energobloklardan biri zararlanganini xabar qilgandi. Sodir bo‘lgan yong‘in ukrainalik o‘t o‘chiruvchilar tomonidan o‘chiriladi, keyin otishma ham to‘xtagan.

AESdagi otishma BMT Xavfsizlik kengashida ham muhokama qilindi. AQSH va Britaniya vakillari Rossiyaning harakatlarini qoraladi, hatto odatda ruslarning harakatlariga betaraflik bilan qaraydigan Xitoy tashqi ishlar vaziri yadro ob’ektidagi holatdan xavotirdaligini bildirgandi.

O‘sha vaqtda Rossiya tomoni AESdagi yong‘in Ukraina tomoni uyushtirgan provokatsiya oqibatida kelib chiqqanini aytgandi. Ruslarning iddao qilishicha, ukrainalik askarlar derazadan ruslar patruliga o‘t ochgan, keyin esa binoni yoqib yuborgan.

Rossiya armiyasi AES atrofidagi hududdan turib artilleriya zarbalarini berayotgani haqida iyul oyi boshidan buyon yozib kelishadi. Bu hududdan asosan Dnepr daryosi g‘arbidagi Nikopol va atrofdagi Marganets qishlog‘i o‘qqa tutilmoqda. Bugunda Nikopol ma’muriyati hududdagi radiatsion fon haqida doimiy ma’lumot berib bormoqda, mahalliy chatlarda ham radiatsiya haqida ko‘p gapirishmoqda.

Nikopol merining aytishicha, ruslar ularga zarba bermasliklari uchun AESda yashirinib o‘tiribdi, yadro ob’ektidan harbiy maqsadlarda foydalanish esa juda xavfli.

Ukraina armiyasi AES atrofidagi ob’ektlarga katta aniqlikdagi qurollar yordamida zarba berishga harakat qilmoqda. 22 iyul kuni dron yordamida Rossiya askarlarining palatalardan tashkil topgan shaharchasi, u yerdagi artilleriya qurollari va havo hujumidan mudofaa tizimlari yo‘q qilingan. Ammo Ukraina AES yaqinidagi ob’ektlarga og‘ir artilleriya yordamida zarba bermayapti, chunki bunday holatda yadro ob’ektiga ham zarar yetishi mumkin.

Ukraina tomoni xalqaro hamjamiyatdan raketa zarbalari berilmasligi uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali AES osmonini yopishni so‘ramoqda.


Yadro va vodorod portlashi

Hozirgi vaqtda AESda kuzatilishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy xavf unga raketa zarbasi berilishidir. Masalan, atom reaktorlaridan biriga raketa kelib tushsa, u AESning avval himoya tizimini, keyin sovitish tizimini ishdan chiqarishi mumkin. Bu esa taxmin qilish qiyin bo‘lgan oqibatlarga olib kelishi hech gap emas. Reaktorlarda avariya sodir bo‘lsa, atrofga radiatsiya tarqalish ehtimoli yuqori. Ya’ni Chernobilda bo‘lgan holat takrorlanadi. Hozirgi AESda sodir bo‘layotgan holat «meltdaun» deyiladi.

AES sovitish tizimi ishdan chiqishi yadro yonilg‘isi erishiga olib keladi. Bu esa portlash ehtimoli yuqori bo‘lgan vodorod ajralib chiqishiga olib keladi. Shunga o‘xshash holat ishlatilgan yonilg‘i vaqtincha saqlanadigan hovuzlarda suv qolmasligi oqibatida ham kuzatilishi mumkin. Bu holatda reaktorlar qizib ketadi. Vodorod ajralib chiqishi ham shunday oqibatlarga olib kelishi mumkin.

«Agar AES reaktoriga qanotli raketa tushadigan bo‘lsa, undagi portlash Yevropa davlatlariga, Qrimga, Ukrainaga va Rossiyaga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi», deydi ukrainalik energetika bo‘yicha mustaqil ekspert Olga Kosharnaya.

«Radioaktiv chiqindilar xavfsizligi» loyihasi eksperti, injener-fizik Andrey Ojarovskiy AESdagi halokat zarari haqida yanada kengroq tushuncha bergan. Uning aytishicha, avariya oqibatida ko‘p miqdorda seziy-137 moddasi eng yaxshi holatda qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun zarar yetkazadigan miqdorda ajralib chiqadi. Yomon holatda esa zararli moddalar katta odamlar uchun ham xavfli miqdorga yetishi mumkin. Asosiy zarar Ukraina hududida seziladi. Avariya oqibatida zararli moddalar qaysi tomonga tarqalishi o‘sha kungi shamol yo‘nalishiga bog‘liq bo‘ladi, ular hatto Kursk, Moskva yoki Yevropagacha borishi mumkin.

Ekspertning aytishicha, juda zararli avariya sodir bo‘lishi uchun yong‘inning o‘zi kifoya: «Hozir rus harbiylari birinchi energoblokdagi mashinalar zaliga harbiy texnika olib kirishdi. Bu turbogenerator joylashgan va texnik moy saqlanadigan joy bo‘lib yonishga moyil hudud hisoblanadi. U yerda yong‘in sodir bo‘lsa, o‘t o‘chirish uchun yetarli bo‘shliq va imkoniyat bo‘lmaydi», deydi ekspert.

AES hududida maxsus konteynerlarda ishlatilgan yadro yonilg‘isi saqlanadi. Ularga raketa urilsa kuchli yong‘in kelib chiqishi mumkin. Yana bir xavfli tomoni shundaki, AES ruslar bosib olganidan keyin sifatli texnik ko‘rikdan o‘tgani yo‘q. Undagi ta’mirlash ishlarini odatda Ukrainaning hozirda Kiyev nazoratidagi qismlarida faoliyat olib borgan autsorsing kompaniyalari amalga oshirgan.

«Grossi nazorat qo‘ldan chiqdi, deb to‘g‘ri aytgan. AES faoliyati tizimli tashkil etiladi. Hatto ba’zi xodimlarga ob’ektning barcha yerlariga borishiga ruxsat berilmaydi. Hozir bunday tartib yo‘q.

Rossiya harbiylari bosimida «Rosatom»dagilar bilan birga ishlashga majbur bo‘layotgan AES xodimlari bosim ostida xato qilishi mumkin. Bu ayniqsa reaktorlarni boshqaradigan xodimlar uchun juda qiyin. Ular atom energetikamizning oltin fondi hisoblanadi. Bunday xodimlar maxsus litsenziyaga ega va ular o‘n yillardan buyon AESda ishlab kelishadi. Bu xodimlar har smenadan avval ruhshunos suhbatidan o‘tadi, chunki ularning ruhiy holati yaxshi bo‘lishi kerakki, favqulodda holatda ishlashlariga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin
», deydi ukrainalik ekspert Kosharnaya.

Aksar ekspertlar AES hududida janglar boshlanib ketsa, nimalar bo‘lishi haqida gapira olmayapti. Xalqaro Urushni o‘rganish instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina nafaqat Xersonda, balki Zaporijjyada ham qarshi hujumga o‘tishi mumkin. Bu esa bevosita AES hududida ham janglar sodir bo‘lishi mumkin deganidir.

Jeneva konvensiyasida nima deyilgan?

Foto: GETTY IMAGES
Yadro elektrstansiyasiga qurolli hujum qilinishini xalqaro huquq ham taqiqlaydi. Jeneva konvensiyasiga ko‘ra, AES o‘t ichida qolsa, tinch aholi uchun xavfli hududga aylanadigan ob’ektlar sirasiga kiradi. Masalan, to‘g‘onlar ham shunday ob’ektlar jumlasidan. Ammo AESlarni to‘liq harbiy harakatlardan to‘sish konvensiyada qayd etilmagan. Hujjat imzolovchilar bu borada kelishuvga erishmagan.

Konvensiyadagi birinchi protokolga ko‘ra, AES harbiy nishonga aylanishi mumkin. Ha, aynan shunday. Ya’ni xalqaro huquq AESga hujum vaqtida odamlar o‘lishidan ko‘ra harbiy maqsadga erishish ehtimoli yuqoriroq bo‘lsa, hujumni amalga oshirishga qarshilik qilmaydi. Hujjatga ko‘ra, dushman armiyasi ta’minotiga xizmat qilayotgan bo‘lsa, elektrstansiya va elektr to‘plovchi generatorlar ham xuddi shunday nishonga aylanishi mumkin.

Xavfli infratuzilmalar yaqiniga harbiylar joylashtirish bo‘yicha ham shunga o‘xshash holatga duch kelish mumkin. Qizig‘i, konvensiya AES kabi xavfli ob’ektlar atrofiga harbiylar joylashtirish, ularga zarba berishni taqiqlaydi, lekin bu cheklovlarning barchasini konvensiyadagi harbiy maqsadlar to‘g‘risidagi band yo‘qqa chiqaradi.

Hamburg universitetining xalqaro nizolar bo‘yicha mutaxassisi Anna Dineltning aytishicha, AESdagi elektr energiyasi tinch aholi bilan birga harbiy maqsadlarga ham yo‘naltirilmoqda. Bu xulosasi bilan mutaxassis Jeneva konvensiyasidagi harbiy nishon to‘g‘risidagi bandga ishora qilgan. Ammo bu Jeneva konvensiyasiga ko‘ra AESga zarba berish uchun yetarli emas.

Konvensiyada keltirilgan holatlarga to‘g‘ri kelishi uchun AESni ishdan chiqarishning yagona yo‘li unga zarba berish bo‘lishi kerak. Ammo stansiya ishdan chiqsa, juda ko‘p ukrainaliklar elektrsiz qolishi mumkin. Axir Zaporijjya AES Yevropadagi bunday turdagi eng katta ob’ekt hisoblanadi. Ekspertning fikricha, AESga zarba berishdan yagona maqsad esa odamlarni himoya qilish bo‘lishi kerak. Hozirgi holatda esa bu vaziyat mos kelmaydi. Anna Dineltning aytishicha, tinch aholiga zarar yetkazishini bilgan holda kimdir AESga zarba bersa, bu alohida og‘ir harbiy jinoyat sifatida tavsiflanadi.

«Bu borada o‘z navbatida Ukrainaning gardanida ham javobgarlik bor. Ukraina zarur bo‘lgan holatda yadroviy elektrstansiyalar faoliyatini to‘xtatish orqali odamlarning hayotini qutqarib qolishi kerak bo‘ladi», deydi ekspert.

The Insider: AES ruslar tomonidan minalashtirilgan bo‘lishi mumkin

Oxirgi vaqtlarda Zaporijjyadagi AES haqida tobora ko‘p gapirilmoqda. The Insider mustaqil nashri AES atrofida olingan videolarni tahlil qilgan holda ruslar ob’ektni minalashtirgan yoki bunga tayyorlanayotgan bo‘lishini taxmin qildi.

Kadrlarda AESdagi energoblokning mashinalar saqlanadigan zaliga rus harbiy mashinalari kirganini ko‘rish mumkin. The Insider manbalari AES atrofida kamida 500 kishidan iborat rus harbiylari to‘plangani, ular ob’ektning atrofini ham minalashtirgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ruslar zirhli transport vositalari, zenit-raketa tizimlari va radiokimyoviy razvedka amalga oshirish imkonini beradigan qurilmalar bilan qurollangan.

Ruslarning baravar o‘t ochuvchi «Grad» tizimlari AESga eng yaqin bo‘lgan Vodyanoye qishlog‘ida, harbiy mina va o‘q-dorilar esa AES energobloki yaqinida saqlanayotgani taxmin qilinmoqda.

6 avgust kuni AESga raketa zarbalari berildi. Ukraina buni ruslar baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali amalga oshirganini ma’lum qildi. AQSHdagi Urushni o‘rganish instituti esa zarba kim tomonidan berilganini aniqlay olmasligini ma’lum qildi. Keyinroq Rossiya tomoni AESga Ukraina hujum qilganini iddao qilib chiqdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AESdagi holat yaxshi emasligiga butun dunyo e’tiborini qaratishni istamoqda. Bu borada yordam berishini so‘rab Zelenskiy AQSHning 42-prezidenti Bill Klintonga qo‘ng‘iroq qildi.

Mutaxassislar hozircha Zaporijjyadagi AESdan radiatsiya chiqishi ro‘y bermaganini qayd etgan bo‘lsa-da, yadro ob’ektidagi holat xavfliligicha qolmoqda. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa o‘rtasidagi «porox bochkasi». Zaporijjya AES atrofidagi holat qaltisligicha qolmoqda