23:30 / 18.08.2022
2 036

Fashistlar Germaniyasi va sovetlar hamkorligi

Fashistlar Germaniyasi va sovetlar hamkorligi
Olmoniyaning Rossiya bilan Lenin tirikligidayoq boshlangan «hamkorligi» fashizmni dunyoga keltirdi. «Oqlar», «quloqlar», «bosmachilar», «jadidlar», «josuslar», «xalq dushmanlari», «yot unsurlar»… bilan fuqarolar urushidan ezilib chiqqan bolshavoylar Rossiyasi og‘ir ahvoldan qutulish uchun o‘zi ham Olmoniya bilan «do‘stlashish» yo‘llarini izlayotgan edi.

Qolaversa, dunyo mehnatkashlari «sotsialistik inqilob»ni, Lenin orzu qilganiday, «shodu xurram» kutib olmadilar, «jahon sotsialistik inqilobi» yuz bermadi. Rivojlangan kapitalistik mamlakatlar revolyutsion yo‘llarni emas, evolyutsion yo‘lni tanladilar. «Kommunistik» Rossiya yolg‘izlanib qoldi. Buni nemislar sezdilar va darhol foydalandilar.

Bolshavoylarning ilk qadamlaridayoq ma’lum bo‘ldiki, inqilobni amalga oshirgan mehnatkash xalq ozod bo‘lmaydi, chorizm zulmi bolshevizm zulmi bilan almashadi, xolos. Boy va pomeshchiklar o‘rniga – raykom va obkomlar, mirshab to‘ralar o‘rniga – chekistlar, qozi-kalonlar o‘rniga – «troyka» sudlari, mullalar o‘rniga agitatorlar keldilar. Oq podsho mardikorchilikdan bosh tortganlarni Sibirga surgun qilar edi, «qizil podsho» – Lenin, Stalin butun xalqni tekin ishlaydigan mardikorga aylantirdi, «miq etib» gapirganlarni bular ham Sibirga surgun qilaverdi. Chorizmni qulatib Qo‘qon muxtoriyati kabi mustaqillikni orzu qilgan barcha xalqlar «inqilob»dan so‘ng zo‘rlab yana Rossiya tarkibiga qaytarildi.

Rossiyada «qardoshlik», «birodarlik», «tenglik» shiorlari ostida kommunistik fashizm – partiyaviy monarxiya hokimiyatga kelganini xorijiy davlatlar sezdilar va Rossiyadan cho‘chiy boshladilar. SSSR va Olmoniyaning – Stalin va Gitlerning «hamkorligi»ga bu ham bir sabab bo‘lgani shubhasizdir.

Rossiya nemislarning moddiy va texnikaviy yordamidan umidvor edi, Olmoniya esa Versal shartnomasiga ko‘ra nemis davlatida faoliyat yuritishi man qilingan o‘ta maxfiy harbiy bazalarini Rossiya hududida joylashtirib, yashirin tarzda qurol-yarog‘ ishlab chiqarish va sinab ko‘rishga qaror qildi. Keyinchalik reyxsverning sobiq generali Kyullental bu g‘oyani juda aniq ifodaladi: «Olmoniyaning o‘zida yangi qurol turlarini ishlab chiqarish, shuningdek, ofitser xodimlarni tayyorlash mumkin bo‘lmagan bir paytda Rossiya tajriba va o‘quv uchun qulay joy sifatida o‘ta muhimdir».

Hatto yefreytor Adolf Gitler o‘zining «Mayn kampf» (1925-1927) kitobida «nemislarning hududiy muammolari Sharqda, Rossiya va unga qaram davlatlar hisobiga hal etilishi» haqida ochiq yozganidan keyin ham Rossiya va Olmoniya o‘rtasida harbiy hamkorlik davom etavergan.

Aniq harbiy hamkorlik qachon boshlangan?
Keyingi ma’lumotlarga qaraganda, qonxo‘r tuzumlar harbiy hamkorligi Lenin hayotligidayoq – 1923 yilda boshlangan. Shu yili Olmoniyaning «Yunkers» firmasi SSSR hududida o‘z aviazavodini qurishga kirishadi. Olmoniya harbiy ministrligi vakilining e’tirofiga ko‘ra, bu zavod «nemis aviasanoatining tayanchi» bo‘lgan. SSSRda chiqarilgan ana shu «Yunkers» samolyotlari keyinchalik sovet shahar va qishloqlarini vayron qildi, xalqimiz ustidan ajal urug‘larini sepdi. 1924 yilda esa nemislar sovet sanoatiga uch dyuymli jang qurollari uchun 400.000 dona snaryad yasab berishga buyurtma beradilar va 1926 yilda buyurtmaning hammasini oladilar.

Keyinchalik bu snaryadlar sovet shahri va qishloqlari ustiga tashlanadi, ularning ba’zilari uni yasaganlarning ustiga ham tushgan bo‘lsa, ajab emas.1924 yilda Lipetskdagi uchuvchilar oliy maktabi zamirida nemis reyxsverining «Lipetsk» deb atalgan maxfiy aviatsiya maktabi ochiladi, uni niqoblash maqsadida «Qizil Havo Floti aviatsiya qismining 4-eskadrilyasi» deb rasmiylashtiradilar.

Voroshilov (harbiy qo‘mondon, ko‘p yillar SSSR Mudofaa ministri bo‘lib ishlagan) e’tirof etganiday, bu maktab «reyxsver uchun yaxshi natijalar berdi, ayni paytda, biz afsuski, uning mavjudligidan hech qanday foydalana olmadik». Nemis uchuvchilarini SSSRda tayyorlash dasturi keyin SSSR bilan urushda asqotgan barcha ko‘nikmalarni o‘z ichiga olgandi: samolyotlarni yerda va havoda boshqarish, bomba tashlashni avtomatlashtirish, havodan turib havodagilarni va yerdagilarni katta hajmdagi miltiqlardan otish malakasini egallash, aloqa vositalarini takomillashtirish va hokazo sohalar bo‘yicha sovet olimlari nemis uchuvchilarini 1924 yildan boshlab izchil o‘rgata boshladilar.

Maktab 1933 yilga kelib bekilguncha, o‘n yil davomida 130 nemis uchuvchisi SSSRda harbiy malakalarini oshirdilar hamda keyin Olmoniyada o‘z tajribalarini bevosita minglab nemis uchuvchilariga o‘rgatdilar. Nemislar Ikkinchi Jahon urushi oldidan darhol ko‘p sonli va yuqori malakali harbiy uchuvchilar tizimini shakllantirganining «siri» ana shundadir. Keyin bu «o‘quvchilar» sovet hududiga mo‘r-malaxday yopirilib «ustozlari»ni qon qaqshatdilar. Bizda o‘qiganlari uchun ular bizning aviatsiyamiz va himoyalanish tizimining yutuq va kamchiliklarini, ojiz tomonlarini yaxshi bilardilar. Bu ularga asqotdi.

Misol uchun, urushning ilk davrida Sevastopolni himoya qilish qatnashchisi, 1-toifa kapitani A.Yevseyevning maxfiy xabarlaridan bir parchani o‘qib ko‘raylik: «Sevastopolga dushman samolyotlari o‘nlab, yuzlab yopirildilar. Sevastopolga samolyotlardan yuzlab, minglab bombalar yog‘ildi. Nemislar endi bizni hech narsa bilan hayratlantirolmasdilar. Samolyotlar sonini ular me’yorga yetkazgan edilar. Samolyotlar ko‘pligidan Sevastopol osmoniga sig‘may qolayotgan edi… Ular shu qadar ko‘p va shu qadar zich ediki, havoda buralib ololmasdilar, hatto samolyotlar bir-birini turtib ketgan payti ham bo‘ldi». Ular qon to‘kib, o‘z ustozlariga yana bira «imtihon» topshirayotgan edilar.

Orqaroqqa qaytaylik. 1926 yilda nemislar SSSRning Qozon shahrida «Kama» nomli maxfiy tankchilar maktabini tashkil etishga kirishdilar. Nemis qo‘mondonlari o‘sha paytdayoq tanklar qo‘shinlarning alohida turiga aylanib, mustaqil vazifalarni bajarishga qodir bo‘lishini ko‘ra oldilar. Nemis tarixchilarining o‘zlari tan olganlariday, bu maktablarda ta’lim olgan tankchilar Lipetskda o‘qigan nemis uchuvchilari singari tezda nemis tank qo‘shinlarining yaratilishini ta’minladilar. Sovet harbiy mutaxassislari Ikkinchi Jahon urushi oldidan nemislarni tankchilikning barcha sir-asrorlariga o‘rgatdilar.

Sovet tanklarining turlari, ularning qurol-aslahalari, o‘q-dorilari, boshqa turdagi qo‘shinlar bilan o‘zaro muvofiq harakatlanish, tog‘larda harakatlanish, jang paytida tuzatish va boshqa zarur bilimlarni egallagan nemislar keyinchalik bu bilimlardan sovet qo‘shinlariga qarshi janglarda mohirona foydalandilar, axir ular sovet qo‘shinlari taktikasi va strategiyasini, harbiy imkoniyatlari va imkonsiz jihatlarini yaxshi bilardilar-da…

Bugun sir emaski, ayni shu maktabda bo‘lg‘usi vermaxt general-polkovnigi, 1941 yilda nemis tankchi armiyasining qo‘mondoni bo‘lgan G.Guderian ta’lim olgan. Keyinchalik u tank qo‘shinlaridan foydalanish borasida qo‘llanma kitoblar ham yozadi. Ayni paytda urush oldidan bevosita imperiya poytaxti – Moskovda nemis ofitserlari harbiy malakalarini oshirgan edilar. Ular orasida keyinchalik vermaxtning ulkan harbiy qo‘mondonlari bo‘lgan Model, Brauxich, Keytel, Manshteyn va boshqalar bor edi.

Taqdir o‘yinini qarangki, ularning Moskovda olgan bilimi Moskovga qarshi urushda ishga tushdi. Bu urushda xalq katta matonat ko‘rsatdi, ammo urushning uzoq va og‘ir kechgani, qurbonlarning haddan ziyod ko‘p bo‘lgani ham sir emas. Bu urushning kelib chiqishi va fojeaviy oqibatlari sabablaridan biri ana shu – Lenin va Olmoniyaning «hamkorligi», Stalin va Gitlerning urusholdi «do‘stlik shartnomalari» edi. SSSRning shahar va qishloqlari shu shaharlarda qurilgan «Yunkers» samolyotlarida o‘qqa tutildi, bu samolyotlarni Lipetskda ta’lim olgan uchuvchilar boshqardilar, sovet yerlarini «Kama» maktabida ta’lim olgan tankchilar oyoqosti qildilar, el boshiga shu yerda tayyorlangan bombalar tashlandi.

Nemis reyxsverining SSSRdagi eng maxfiylashtirilgan makonlaridan biri Samara viloyatining Volsk shahri yaqinidagi «Tomka» nomli kimyoviy urush maktabi edi. Bu yerda ham, Versal shartnomasiga xilof ravishda, 1926 yildan boshlab qo‘shma kimyoviy tajribalar o‘tkazildi. «Tomka»da artilleriya, aviatsiyada zaharli moddalarni qo‘llash usullari sinovdan o‘tkaziladi, zaharlangan joyni zararsizlantirish vositalari va usullari ishlab chiqiladi. Zahri qotil moddalarni sinash uchun nemislar bu maktabda yangi tanklar, asbob-uskunalar, kimyoviy moddalar bilan ta’minlanadi.

1926 yilning 31 dekabrida (Yangi yil bayramida «sovg‘a»!) I.Unshlixt Iosif Stalinga shunday xabar beradi: «O‘ta maxfiy Dasturning birinchi qismi to‘la bajarildi. Suyuqlikni turli balandliklardan sepish bo‘yicha qirqqa yaqin uchishlar o‘tkazildi… Tajribalar aviatsiyani zaharli moddalarni sepishda keng qo‘llashning to‘la imkoniyatlari borligini ko‘rsatdi. Mutaxassislarimizning ta’kidlashicha, bu tajribalar asosida shunday xulosa qilish mumkinki, aviatsiya orqali opritdan tirik nishonlar (ya’ni, insonlar – K.B.), joylar va aholi yashaydigan qo‘nalg‘alarni zaharlashda foydalanish texnikaviy jihatdan mumkin va katta qimmatga ega».

Xudoga shukurki, bu «katta qimmatga ega» zaharli dorilardan Ikkinchi Jahon urushida foydalanilmadi. Ammo dahshatlisi shundaki, natsizm va sotsializm dohiylari dunyo hamjamiyati man qilgan usullar bilan – zaharli dorilarni «tirik nishonlar» – odamlar, jonivorlar, tabiat ustidan sepishdan tap tortmas edilar. Urushdan oldin ham, keyin ham sovet hukumati bunday tajribalarni bir daqiqa to‘xtatmadi.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fashistlar Germaniyasi va sovetlar hamkorligi