date
views 1 930

Vladimir Putin 70 yoshda: Rossiya prezidenti hayotidagi etti burilish nuqtasi

Владимир Путин 70 ёшда: Россия президенти ҳаётидаги eтти бурилиш нуқтаси
Foto: Getty Images
Vladimir Putinning 70 yillik yubileyi arafasida professor Mark Galeotti («Putin haqida gaplashishimiz kerak» kitobi muallifi, u «Putinning urushlari» kitobini nashrga tayyorlamoqda) rossiyaliklar prezidenti qanday qilib hayotdan uzilib qolgan avtokratga aylangani va Ukrainaga halokatli bosqin boshlaganini tushunishga urinadi.

Vladimir Putin hayotidagi etti burilish nuqtasi uning tafakkuri shakllanishiga yordam bergan va uning Gʻarbdan tobora uzoqlashib borganini izohlashi mumkin.

Dzyudo mashgʻulotlari, 1964 yil

Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi 872 kunlik qamal asoratlari hali yoʻqolmagan Leningradda tugʻilgan Vladimir maktabda jangari oʻquvchi edi - uning eng yaxshi doʻsti xotirlashicha, «u istalgan raqib bilan mushtlashishi mumkin edi», chunki «u qoʻrquv neligini bilmagan».

Shunga qaramay, ozgʻin va besoʻnaqay yigitcha koʻcha bezorilari bilan toʻlgan shaharda oʻzini himoya qila olishi kerak edi va u 12 yoshida avvaliga sambo bilan, keyin esa dzyudo bilan shugʻullana boshlaydi. U qat'iy va intizomli edi, 18 yoshida u dzyudo boʻyicha qora belbogʻ sohibi boʻladi, oʻsmirlar oʻrtasidagi milliy musobaqada uchinchi oʻrinni egallaydi.

Albatta, shundan buyon dzyudo mashgʻulotlari uning puxta ishlangan macho obrazining bir qismiga aylanadi. Ammo bu mashgʻulotlar unda xavfli dunyoda faqat oʻzingga ishonishing kerakligi va mushtlashish muqarrar boʻlganida «raqib oyoqda tura olmasligi uchun birinchi boʻlib zarba berish kerakligi» haqidagi tushunchani mustahkamlaydi.

KGBdan ish qidirish, 1968 yil

Odamlar KGBning Leningraddagi shtab-kvartirasi joylashgan Liteyniy prospekti, 4-uyni ancha naridan aylanib oʻtishardi. Stalin zamonida uning tergov kameralari orqali shu qadar koʻp odam GULAG lagerlariga joʻnatilganki, Leningradda shunday hazil gap yurardi: «Katta uy» - shahardagi eng baland bino, chunki uning hatto ertoʻlasidan ham Sibir koʻrinib turadi.

Shunga qaramay, 16 yoshdaligida Putin qizil poyandoz toʻshalgan yoʻlakdagi kutish zaliga kirib, unga hayron qarab turgan ofitserdan bu erga qanday ishga kirish mumkinligini soʻraydi. Unga harbiy xizmat oʻtash yoki ilmiy daraja olish kerakligini aytishadi, u esa qanday diplom yaxshiroq ekanini soʻraydi.

Unga yurisprudentsiya (huquqshunoslik) afzalligini aytib javob qaytarishadi va shundan boshlab Putin yuridik ta'lim olish va ishga joylashishga ahd qiladi. Shahar bezorisi Putin uchun KGB xavfsizlikni ta'minlovchi shahardagi eng yirik banda edi va bu erda partiyaga aloqador boʻlmay turib ham koʻtarilish mumkin boʻlardi.

KGBda ishlash istiqbolli ham. Putinning oʻzi bir safar oʻsmirlik davrida tomosha qilgani josuslik filmi haqida aytganidek, «bir aygʻoqchi minglab odamlar taqdirini hal qilishi mumkin».

Foto: Getty Images
Olomon qurshovida, 1989 yil

Putin har qancha umid qilmasin, u KGBdagi faoliyatida oʻsishga erisha olmagan. U doimo oʻrta darajadagi xodim boʻlib qolgan, ammo yuqori lavozimga koʻtarilmagan. Shunga qaramay, u nemis tilini oʻrganishga kirishadi va 1985 yilda KGBning Drezdendagi aloqa boʻlimiga tayinlanadi.

Germaniyada u oʻziga qulay sharoit yaratib oladi, ammo 1989 yil noyabrida GDRdagi rejim dahshatli tezlikda parchalana boshlaydi.

5 dekabr kuni olomon KGBning Drezdendagi binosini qurshab oladi. Putin umidsizlikka tushib sovet armiyasining yaqin joydagi garnizoniga qoʻngʻiroq qilib, himoya soʻraydi, ammo ular bu borada ojiz ekanini aytishadi: «Biz Moskvadan buyruq boʻlmasa hech narsa qila olmaymiz. Moskva esa jim».

Putin markaziy hokimiyatning toʻsatdan qulashi boʻyicha saboq oladi va muxolifatchilar bilan toʻqnashganda yon bergan sovetlarning soʻnggi rahbari Mixail Gorbachyovning xatosini hech qachon takrorlamaslik va bunday holatda tez va qat'iy harakat qilish boʻyicha qarorga keladi.

«Oziq-ovqat evaziga neft», 1992 yil

Sovetlar ittifoqi parchalangach Putin KGBdan ketadi, ammo tez orada uning ona shahri, endilikda Sankt-Peterburg nomini olgan shaharning islohotchi meri yordamchisi boʻlib oladi.

Iqtisodiyot erkin qulash holatida edi va Putinga 100 mln dollarlik neft va metallarni oziq-ovqat mahsulotlariga almashib, shahar aholisiga omon qolishda yordam beruvchi kelishuv tuzish vazifasi qoʻyiladi.

Shaharliklar baribir oziq-ovqatlarni koʻrishmagan: tergov ma'lumotiga koʻra, tezda hokimiyat panohiga oʻtgan Putin, uning doʻstlari va shahardagi banditlar pullarni choʻntakka urgan.

«Musibatli 90-yillar»da Putin siyosiy ta'sir - pulga aylantirish mumkin boʻlgan tovar ekanini, banditlar esa foydali ittifoqchilarga aylanishi mumkinligini tezda anglab etadi. Uning mantigʻi shunday edi: atrofdagilar oʻz lavozimi orqali pul topayotganida, nega u ham shunday qilmasligi kerak?

Gruziyaga bostirib kirish, 2008 yil

Putin 2000 yilda Rossiya prezidenti boʻlganida, u Gʻarb bilan oʻz shartlari asosida (jumladan Rossiyaning sobiq sovetlar ittifoqi hududidagi ta'siri saqlab qolinishi) ijobiy munosabatlar oʻrnatishga umid qilgandi. Koʻp oʻtmay uning hafsalasi pir boʻladi, keyin esa Gʻarb Rossiyani yakkalab qoʻyayotgani va kamsitishga urinayotgani haqida xulosaga kelib, gʻazab otiga minadi.

Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili oʻz mamlakatini NATOga a'zo qilishga qaror qilganida esa Putinning butunlay jahli chiqadi va Gruziya Rossiya tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan ayirmachi Janubiy Osetiya ustidan nazorat oʻrnatishga urinayotganini bahona qilib, jazo amaliyotini boshlaydi.

Foto: Getty Images
Besh kun ichida Rossiya qoʻshini gruzin armiyasini tor-mor etadi va Saakashvilini sharmandali bitim tuzishga majburlaydi.

Gʻarbning jahli chiqadi, ammo bir yil oʻtib AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya bilan munosabatlarni «qayta yoʻlga qoʻyish»ni taklif etadi, Moskva esa hatto 2018 yilgi futbol boʻyicha jahon chempionati mezbonligini qoʻlga kiritadi.

Putin toʻgʻri yoʻl tutayotganiga amin boʻladi - kuchsiz va etakchilar oʻzgarib turuvchi Gʻarb shovqin koʻtarishi mumkin, ammo pirovardida kuchli iroda qarshisida chekinadi.

Moskvadagi namoyishlar, 2011-13 yillar

2011 yilgi parlament saylovlari natijalari soxtalashtirilgani boʻyicha ishonchli dalillar oʻrtaga chiqishi noroziliklar keltirib chiqaradi, Putin 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodini qoʻyishini e'lon qilgach esa namoyishlar yanada kuchayadi.

Moskvadagi Bolotnaya maydonidagi namoyishlar Putinning prezidentligi davridagi eng yirigi boʻladi.

Foto: Getty Images
Uning fikricha, mitinglar Vashington tomonidan oʻylab topilgan, ragʻbatlantirilgan va boshqarilgandi, u bunda shaxsan AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonni ayblaydi.

Putin uchun bularning bari niqoblar tushirilgani hamda Gʻarb shaxsan uning oʻziga hujumga oʻtgani va u endi urush holatida ekanidan dalolat edi.

Koviddan ihotalanish, 2020-21 yillar

Koronavirus pandemiyasi sayyora boʻylab keza boshlaganida, Putin hatto avtokratlar mezonlari boʻyicha ham noodatiy boʻlgan qat'iy izolyatsiyaga ketadi. U bilan uchrashmoqchi boʻlgan har qanday odam ikki hafta davomida qoʻriqlov ostida karantinda boʻlishi, keyin mikroblarni oʻldiruvchi ultrabinafsha nurlar va dezinfektsiyalash vositalari bilan toʻldirilgan yoʻlakdan oʻtishi kerak edi.

Bu vaqt ichida Putin bilan yuzma-yuz uchrashishi mumkin boʻlgan ittifoqchilar va maslahatchilar soni keskin kamayib, faqat bir hovuch laganbardorlar va maslakdoshlar qoladi.

Muqobil fikrlarni tinglash imkoniyatidan mahrum boʻlgan va mamlakatdagi vaziyatdan deyarli bexabar boʻlgan Putin oʻzining barcha taxminlarini toʻgʻri deb hisoblaydi, barcha notoʻgʻri qarashlarini - oqlaydi. Shunday qilib keyinchalik Ukrainaga bosqin oʻsib chiqqan urugʻlar ekilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo