21:49 / 07.10.2022
1 899

70 yoshga to‘lgan Putin aslida kim? U hokimiyatga qanday kelib qolgan?

70 yoshga to‘lgan Putin aslida kim? U hokimiyatga qanday kelib qolgan?
1999 yil 31 dekabr, Moskva. Kreml saroyi zinapoyasidan o‘rta bo‘yli, ozg‘in va yosh sobiq KGB xodimi shaxdam qadamlar bilan yuqoriga chiqib kelardi. Unga hurmat ko‘rsatilib, eshiklar birma-bir ochildi. Kremldagi keksa siyosatchilar «bu yigitcha kim bo‘ldi?» deb hayron bo‘lishdi. U to‘g‘ri davlat rahbarining kabineti tomon ketayotgan edi. Xonaga yaqin kelganida, Rossiya Prezidenti Boris Yelsin kabinet eshigini ochib, unga yo‘l berdi. Yelsinning yo‘lini kesib, Prezident idorasiga kirgan bu yigit o‘n yillab bu kabinetda qolib ketishini kim ham o‘ylabdi deysiz?!

Dastlab, dunyo siyosatchilari bu bolakayga bepisandlik ko‘zi bilan qarashdi. Hatto, ayrimlar uni tan olmadi ham. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Putin o‘zining qanday siyosatchi ekanligini «juda yaxshi» yo‘l bilan namoyish qildi. Bugun u amalga oshirayotgan ishlar yer sharini larzaga solmoqda.

Putinning shaxsiyati ziddiyatli va qiziqarli. U haqida turli mish-mishlar mavjud. Ba’zilar uni Samarqandda kira qilganini aytsa, boshqalar u Toshkentda yashaganini ta’kidlashadi. Xo‘sh, bugun 70 yoshni qarshilagan Putin aslida kim?


Putin qayerda tug‘ilgan?
Rasmiy Kreml bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Vladimir Vladimirovich Putin 1952 yil 7 oktabr kuni Leningrad shahri (hozirgi Sank-Peterburg)da, kambag‘al oilada dunyoga kelgan. Putin tug‘ilgan vaqtda uning oilasi Leningraddagi bir xonali kvartirada istiqomat qilgan. Lekin shu rasmiy ma’lumotlarga qaramay, omma orasida «Putin Samarqandda tug‘ilgan», degan mish-mishlar keng yoyilgan. Balki bunga Putinning SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB)da ishlagani sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, avtoritar tuzumlarda iqtidordagi shaxsning biografiyasi har tomonlama ihotalangan bo‘ladi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Putinning bobosi Spiridon Ivanovich SSSR kommunistik partiyasining ko‘zga ko‘ringan shaxslarning dala hovlilarida oshpazlik qilgan. Uning otasi Vladimir Spiridonovich esa Ikkinchi jahon urushida asosan Leningrad frontida jang qilgan. Putinning otasi ham, onasi ham uning Rossiya Prezidentiga aylanishidan bir oz avval vafot etgan.


KGBda ishlash orzusi
Vladimir Putin bolaligidan razvedkachi bo‘lishni orzu qildi. Chunki totalitar tuzum yoshlarni shu ruhda tarbiya qilingan. Putin maktabni tamomlagach, KGB qo‘mitasiga murojaat qilib uni ishga olishlarini so‘raydi. Maxsus xizmat vakillari u bilan suhbat o‘tkazib, unga ko‘proq huquqiy bilimlarni o‘zlashtirishni maslahat berishdi. Shundan so‘ng Putin 1970-1975 yillar oralig‘ida Leningrad universitetining yuridik fakultetida tahsil oldi. U jismoniy tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratdi. Ma’lumot uchun, Putin 1973 yili sambo, 1975 yili dzyudo sport turlaricha bo‘yicha Leningrad chempioni hisoblanadi.

Putin 1975 yilda universitetni bitirgach, leytenant unvoni bilan KGB zobiti bo‘ldi. 1977 yildan boshlab u KGBning kontrrazvedka bo‘limida faoliyatini boshladi. U o‘zining tashabbuskorligi va harakatchanligi tufayli tizimda asta-sekin yuqoriga ko‘tarildi. Putin 1984 yilda Moskvadagi Andropov nomidagi tashqi razvedka akademiyasini tamomladi.

O‘qish davrida Putinning familiyasi Platov (rahbariyat tomonidan tanlab berilgan) bo‘lgan. Chunki KGB talabiga ko‘ra hatto bir kursda o‘qiydiganlar ham bir-birlariga oid ma’lumotlarga ega bo‘lmasliklari lozim edi. O‘qish davrida bo‘lajak diktator o‘zini ko‘rsatdi.


Putin Germaniyada nima qilgan?
KGB tashqi razvedkasi bo‘yicha mutaxassisga aylangan Putin, 1985 yilda Germaniya Demokratik Respublikasiga jo‘natildi. Chunki ikkiga bo‘linib ketgan Germaniyaning bir qismi sotsialistik blok ta’sirida edi. Putin GDRda razvedkachiliklik qilgan vaqtda bir favqulodda vaziyatni o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi.

1989 yilga kelib kommunistik davlatlar qulash arafasida edi. Shunday bir pallada Berlin devori quladi. Minglab nemislar ozodlik uchun ko‘chaga chiqdi. Ular Putin xizmat qilayotgan KGB bo‘limiga hujum qilishdi. Ularning maqsadi SSSR razvedkasiga oid arxiv hujjatlarini qo‘lga kiritish edi. Putin esa qurol ishlatmasdan olomonni tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘ldi va o‘zi maxfiylik bilan yiqqan arxiv hujjatlarini yoqib yuboradi. Shundan so‘ng, 1990 yilning yanvarida u Germaniyadagi faoliyatini yakunlab, Leningradga qaytdi.

1991 yilning boshiga kelib Sovet ittifoqi parchalana boshladi. O‘sha yilning avgust oyida G.I.Yanayev boshchiligidagi guruh hokimiyatni egallab olmoqchi bo‘lganida Putin ishsiz edi.

Moskvadagi avgust voqealari tinchigach, u ish topishga muvaffaq bo‘ldi. Putin o‘zi tahsil olgan universitetda bir muddat Stanislav Merkurev ismli rektorga yordamchi bo‘lib yurdi. Rektor Merkurev uni shahar meri Anatoliy Sobchak bilan tanishtiradi va ishonchli xodim sifatida tavsiya qiladi. 1991 yilda Sobchak Sankt-Peterburgga mer etib saylanganidan so‘ng, Putin unga xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchi bo‘ldi. Buning ortidan Putin xorijdagi ko‘plab milliarderlar bilan tanishishga erishdi.

1996 yilda Anatoliy Sobchak gubernatorlik saylovlarida yengiladi. Putin yana ishsiz qoladi. U bergan intervyularidan birida shunday degan edi:

«Hattoki taksida pul topish haqida o‘ylardim. Hazillashmayapman, qayerga ham borardim. Ikki nafar kichkina bolam bor edi. Shunday qilib menga Moskvaga ko‘chib o‘tib, Prezident idorasida huquqiy masalalar bo‘yicha ishlashni taklif qilishganda rozi bo‘ldim va keldim».

1997 yilda Vladimir Putin Aleksey Kudrin o‘rniga prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari etib tayinlanadi. Prezident Administratsiyaga ishga kirgan Putin asta-sekin oqimga moslashib, o‘zini ko‘rsata boshladi. 1998 yilda u Valentin Yumashevning tavsiyasiga binoan KGBning har taraflama vorisi bo‘lgan FSB (Federal xavfsizlik xizmati) rahbari etib tayinlandi. Ushbu mas’uliyatli lavozimlarda Putin bir qator islohotlar o‘tkazib, o‘zini ko‘rsatdi. Axir, bu sohada Putin ancha yoqa yirtgan edi.

Boris Yelsin prezidentlik davri (1991-1999)da Rossiyada demokratiyaning urug‘lari endigina nish ura boshlagan edi. 1999 yilning avgust oyida Yelsin hukumat raisi etib Putinni tayinladi. Yil oxiriga kelib, Yelsin o‘z lavozimini Putinga bo‘shatib berdi. Yelsin kutilmaganda Putinni hukumat raisi va oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan o‘ziga voris qilishi biroz shubhali. Qolgani o‘zingizga ma’lum...

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 70 yoshga to‘lgan Putin aslida kim? U hokimiyatga qanday kelib qolgan?