date
views 2 777

Xu Szintaoning kompartiya s’ezdidan olib chiqib ketilishi ortida nima yashiringan?

Xu Szintaoning kompartiya s’ezdidan olib chiqib ketilishi ortida nima yashiringan?
Kommunistik partiya qurultoyida Xitoyning sobiq yetakchisi Xu Szintaodan Pekindagi Xalq majlislari zalida sahnani tark etish so‘ralgani tasvirlari butun dunyo e’tiborini qozonmoqda, chunki odamlar nima bo‘lganini tushunishga harakat qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videoda Xitoyning amaldagi rahbari Si Szinpin yonida o‘tirgan 79 yoshli Xu Szintaoga niqobli xodim yaqinlashib, unga nimadir deydi va qo‘lidan ushlab, uni ko‘tarmoqchi bo‘ladi. Qisqa vaqtdan so‘ng Xu Szintao o‘rnidan turib, Si Szinpinga nimadir deydi va yig‘ilish tugashini kutmasdan, ikki xodim bilan birga prezidiumni tark etadi.

Xitoyning Sinxua axborot agentligi tvitter ijtimoiy tarmog‘ida bergan xabarida “Xitoy Kommunistik partiyasining 20-s’ezdining yopilish marosimida sobiq XXR raisi Xu Szintao sog‘lig‘i yomonlashgani sababli prezidiumni tark etdi”, degan jumlalarni yozgan.

Shanba kuni olingan uzunroq kadrda Si Szinpin partiyaning sobiq raisiga o‘girilgani, janob Xuning chap tomonida o‘tirgan amaldorlar Li Chjanshu va Vang Xuninning xavotirga tushganini ko‘rish mumkin. Bir payt janob Li hatto unga yordam bermoqchi bo‘lgan, lekin janob Vang «bunga aralashmang» degandek uni qaytardi.

Uning ketishining ikkita eng katta sababi — Xitoy hokimiyat siyosatining bir qismi bo‘lgan, oldingi davrni ifodalovchi yetakchining ramziy ravishda chetlatilishining xalqqa namoyish etilishi yoki haqiqatan Xu Szintaoning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar borligidir.

Kommunistik partiyaning ommaviy yig‘ilishlari, odatda, ehtiyotkorlik bilan rejalashtirilgan tadbirlar bo‘lib, Xu Szintaoning ketishi tasodifiy bo‘lmagan bo‘lishi mumkin degan taxminlarga olib keladi.

Bu voqea bir hafta davom etgan Kommunistik partiya qurultoyi yakunida bo‘lib o‘tdi va Si Szinpinning Mao Szedundan keyingi Xitoyning eng qudratli rahbari sifatidagi mavqeini mustahkamladi.

Shanba kuni Pekinda Xitoy Kommunistik partiyasining 20-s’ezdi o‘z ishini yakunladi.

2003 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan Xu Szintaoning hukmronlik yillari tashqi dunyoga ochiqlik va yangi g‘oyalarga bag‘rikenglik kuchaygan davr sifatida ko‘riladi.

2008 yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlari xalqaro shuhrat cho‘qqisiga aylandi. Bu yerda xorijiy kompaniyalar tashkil etildi, sayyohlar bu yerga oqib keldi, internet erkinlashdi, mahalliy OAV munosib jurnalistika olib borishni boshladi, Xitoyning jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori muttasil yuksaldi.

Ba’zilar Xu Szintaoning davrini «behuda o‘tgan» deb atasada, iqtisodiy o‘sish doimiy ravishda ikki xonali raqamda bo‘ldi va Pekin xalqaro hamjamiyatda o‘z obro‘si haqida qayg‘urdi.

Xitoy xalqiga murojaatda partiya nizomiga kiritilgan «kurash» natijasida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritilgan qo‘shimchalarni ko‘rish mumkin. Bu Mao Szedun hukmronligini eslatadi.

Bosh kotib sifatida janob Si boshidanoq korrupsiyaga qarshi kurash orqali barcha raqiblarni yo‘q qildi.

Endi u bu yilgi s’ezddan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan turli yo‘llar bo‘lishi kerak, deb hisoblaydiganlarning so‘nggi qoldiqlaridan xalos bo‘lish uchun foydalandi.

Xu Szintao bu s’ezdda ko‘rgan oxirgi narsalardan biri 205 a’zodan iborat yangi Markaziy Qo‘mitaning tarkibi edi. Unga sobiq ma’muriyat g‘oyalari bilan bog‘liq, iqtisodiy liberal deb hisoblangan Li Ketsyan va Van Yan kiritilmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xu Szintaoning kompartiya s’ezdidan olib chiqib ketilishi ortida nima yashiringan?
-->